11:20 / 10.03.2021
58589
Ish tashlash huquqi O‘zbekiston uchun taqiqdami?

Joriy yil 6 mart kuni Asakada UzAuto Motors kompaniyasining ayrim xodimlari ish haqi kamligidan noroziliklarini ifodalash maqsadida jamoaviy «ish tashlash»di. Ushbu voqea ortidan qonunchilikdagi bo‘shliqlardan biri yana bir bor ko‘zga tashlanib qoldi.

Yuqorida ish tashlash jumlasini nega qo‘shtirnoqda yozdik? Chunki, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi qabul qilinganiga 25 yildan oshgan bo‘lsa-da, rivojlangan demokratik davlatlarda xodimlarning uzviy huquqi hisoblanadigan ish tashlash masalasi O‘zbekiston qonunchiligiga kiritilishi unchalik xushlanmaydigan masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Ish tashlash o‘zi nima?

Ish tashlash – mehnat nizolarini hal qilish usullaridan biri bo‘lib, biror tashkilot yoki korxonada ish beruvchi bilan xodimlar o‘rtasida jamoaviy mehnat nizosi vujudga kelganda xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy va kasbiy talablarining korxona yoki hukumat darajasida qondirilishiga erishish maqsadida jamoaviy tarzda ishlarni to‘liq yoki qisman to‘xtatishni o‘zida ifodalaydi.

Quyida mavzuni yaxshiroq tushunib olish uchun ayrim misollar keltiriladi:

Xorij amaliyotiga nazar

Dunyo yangiliklarida qaysidir davlatda qaysidir soha ishchilari ish tashlash uyushtirgani haqida tez-tez o‘qib turamiz.

G‘arb davlatlarini qo‘ya turib, qonunchilikda o‘zimiz uchun etalon sifatida ko‘riladigan possovet davlatlarida belgilangan qoidalar bilan qiziqsak maqsadga yaqinlashgan bo‘lamiz. Rossiya, Ukraina, Belarus, Qozog‘iston, Moldova, Qirg‘iziston, Tojikiston va sobiq SSSR hududidagi boshqa davlatlarning aksariyatida (deyarli barchasida desak yanglishmagan bo‘lamiz) xodimlarga o‘z mehnat huquqlarini ish tashlash orqali ta'minlash imkoniyati berilgan.

Ushbu hududdagi faqat ikki davlat – O‘zbekiston va Turkmaniston o‘z mehnat qonunchiligiga ish tashlashga oid normalarni kiritishdan ehtimolki, qo‘rqib keladi.

Qo‘rqadi deya gumon qilishga asoslar bor

Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining yangi tahririni qabul qilish ustida ish olib borilmoqda.

Toshkent davlat yuridik universiteti Mehnat huquqi kafedrasi o‘qituvchisi Muhammadamin Karimjonovning ma'lum qilishicha, Mehnat kodeksi yangi tahriri loyihasining 2019 yilda ishlab chiqilgan 636 moddadan iborat variantida Jamoaviy mehnat nizolarini ko‘rib chiqish paragrafida «ish tashlash» tushunchasining ta'rifi, uni tashkil etish tartibi batafsil keltirilgan bo‘lgan. Biroq, loyihaning bugungi variantida ish tashlash tartibiga oid moddalar mavjud emas va shunga yarasha Kodeks loyihasi ham 621 moddadan iborat ko‘rinishga keltirilgan.

Ma'lumot uchun, Mehnat kodeksi yangi tahririning loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020 yil 19 noyabrda bo‘lib o‘tgan majlisida deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilingan. Ayni damda hujjat loyihasi Qonunchilik palatasida ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda.

G‘alati paradoks

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 218-moddasida taqiqlangan ish tashlashga rahbarlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Jinoyat kodeksida taqiqlangan ish tashlash tushunchasi tilga olingan ekan, demak, ish tashlashning taqiqlanmagan (qonuniy) ko‘rinishi ham bo‘lishi kerak emasmi?

Jinoyat kodeksi va Mehnat kodeksining qabul qilinish vaqtlariga e'tibor bersak bu savolga ham javob topilgandek bo‘ladi: Jinoyat kodeksi 1994 yil 22 sentyabrdagi qonun bilan, Mehnat kodeksi esa 1995 yil 21 dekabrdagi qonun bilan tasdiqlangan. Jinoyat kodeksi qabul qilingan vaqtda hali Mehnat kodeksi bo‘lmagan va katta ehtimol bilan uning loyihasida qonuniy ish tashlash haqidagi moddalar ham bo‘lgan. Biroq u ham xuddi hozirgidek loyihadan chiqarib tashlangan. Yo‘qsa, qonuniy ish tashlash tushunchasi bo‘lmay turib, noqonuniy ish tashlash uchun javobgarlik belgilanmas edi.

Darvoqe, amaldagi Mehnat kodeksining 281-moddasida jamoalarga doir mehnat nizolari (ziddiyatlari) tushunchasiga ta'rif beriladi. Mazkur moddada mehnatning yangi shartlarini belgilash yoki mavjud shartlarini o‘zgartirish xususidagi jamoalarga doir mehnat nizolarini hal etish tartibi qonun bilan belgilab qo‘yiladi, deyilgan. Ammo o‘sha qonun yo‘q, mustaqil O‘zbekiston tarixida bo‘lmagan ham.

Agarda shu safar ham Mehnat kodeksiga ish tashlash haqidagi qoidalar kiritilmay qolsa, mamlakatimizning xalqaro hujjatlar doirasidagi majburiyatlari ta'minlanmasdan qolaveradi.

Sababi, O‘zbekistonning rasman qo‘shilganiga 25 yil bo‘lgan «Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida»gi Xalqaro paktning 8-moddasi “d” bandiga ko‘ra, Paktda ishtirok etuvchi davlatlar o‘zlarining qonunlariga muvofiq amalga oshiriladigan ish tashlash huquqini ta'minlash majburiyatini oladi.

Abbos Salaydinov,
huquqshunos

Top