12:00 / 15.03.2021
3840
Aksilkorrupsiya agentligiga asosan qaysi sohalardagi qonunbuzilishlar yuzasidan murojaat bo‘layotgani ma'lum qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2021 yilning fevral oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berildi.

Ma'lum qilinishicha, agentlikka 2021 yil fevral oyi davomida jami 491ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 404tasining ko‘rib chiqilishi ta'minlangan (hozirda 87ta murojaat ko‘rib chiqilmoqda).

Agentlikka kelgan murojaatlar asosan:

  • sud qarorlaridan noroziliklar 69ta (14,1 foiz);
  • yer maydoni ajratilmayotgani, yer nizolari va yer maydonlari talon-toroj bo‘layotgani bo‘yicha 47ta (9,6 foiz);
  • ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlari va qarorlaridan noroziliklar 44ta (9,0 foiz);
  • prokuratura organlari qarorlaridan noroziliklar va prokuratura organlariga qilingan murojaatlar hal bo‘lmayotgani bo‘yicha 34ta (6,9 foiz);
  • ayrim xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining xatti-harakatlaridan noroziliklar masalasida 30ta (6,1 foiz).

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Toshkent shahri bo‘yicha 116ta, Toshkent viloyati bo‘yicha 60ta, Surxondaryo viloyati bo‘yicha 57ta, Samarqand viloyati bo‘yicha 53ta, Qashqadaryo viloyati bo‘yicha 41ta, Xorazm viloyati bo‘yicha 33ta, Namangan viloyati bo‘yicha 24ta, Jizzax viloyati bo‘yicha 22ta, qolgan hududlardan esa jami 85ta murojaat kelib tushgan.

Kelib tushgan murojaatlarning 29tasi ijobiy hal etilgan, 61ta murojaatga huquqiy maslahat va tushuntirishlar berilgan, 18ta murojaat anonim deb topilgan. Murojaatlarda ko‘rsatib o‘tilgan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 4ta taqdimnoma, 1ta ogohlantirish, 24ta so‘rovnoma kiritilgan.

Top