Korrupsiyaga qarşi kuraşiş agentligi tomonidan davlat organlari va taşkilotlarida oçiqlikka oid qonunçilik hujjatlari talablariga rioya etilişi holati monitoring qilindi. Agentlikning ma’lum qilişiça, monitoringda 93 ta vazirlik va idoralarning 2023 yil 3-çoragidagi faoliyati mobaynida oçiqlikka doir hujjatda körsatilgan ijtimoiy ahamiyatga molik 35 ta toifadagi ma’lumotlarni e’lon qiliş darajasi örganildi.

Xususan, monitoringda 21 ta vazirlik, 7 ta qömita, 11 ta agentlik, 7 ta markaziy muassasa, 13 ta hokimlik va Qoraqalpoğiston Respublikasi Vazirlar Kengaşi, 23 ta davlat uluşi mavjud taşkilot va 10 ta bank tomonidan ma’lumotlarni belgilangan axborot resurslarida e’lon qilinişi tahlil qilingan.

Ma’lum bölişiça, 93 ta vazirlik, idora va hokimliklar tomonidan umumiy 52 % samaradorlik körsatkiçi qayd etilgan – ya’ni taşkilotlar e’lon qilinişi lozim bölgan 1103 ta ma’lumotlardan faqat 577 tasi e’lon qilgan.

“Ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni e’lon qiliş darajasi 8 ta davlat organi faoliyatida 100%, 11 tasida 80 %dan yuqori, 23 tasida 50 %dan yuqori va 51 tasida 50 %dan past samaradorlik körsatkiçlarida ijro etilgan.

Şuningdek, idoralar kesimida ijro samaradorligi vazirliklar faoliyatida 66 %ni, qömitalarda 56 %ni, agentliklarda 54 %ni, hokimliklarda 56 %ni, davlat uluşi mavjud taşkilotlarda 43 %ni, banklarda 32 %ni va markaziy muassasalarda 31 %ni taşkil etgan.

Tahlillarga köra, ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni oçiq e’lon qiliş darajasi böyiça eng qoniqarsiz körsatkiç markaziy muassasalar, davlat uluşi mavjud taşkilotlar va banklar hissasiga töğri keladi”, — deyiladi agentlik xulosasida.

Monitoring jarayonida aniqlanişiça, davlat organlari tomonidan aksariyat hollarda budjet va budjetdan taşqari mablağlarning xarajatlariga oid ma’lumotlarni oçiq e’lon qilişda jiddiy kamçiliklarga yöl qöyilmoqda.

“Jumladan, davlat organlari faoliyatidagi davlat xaridlari töğrisidagi ma’lumotlar 47 %, mansabdor şaxslarning xizmat safarlari va xorijdan taşrif buyurgan mehmonlarni kutib oliş xarajatlari 44 %, xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boşqa köçmas mulklar töğrisidagi ma’lumotlar 59 %, xarajatlar smetasi töğrisidagi ma’lumotlar 42% körsatkiçlarda e’lon qilingan”.