09:49 / 27.03.2021
5708

Kafolatlangan paket: davlat hisobidan bepul tibbiy xizmat va dorilar bilan ta'minlash loyihasi ishlab chiqildi

Ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisi bo‘lmagan va alohida imtiyozga ega bo‘lgan bemorlarni davlat budjeti hisobidan davolash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Joriy yilning 26 mart kuni Senat qo‘mitasi o‘tkazgan jamoatchilik eshituvida «kafolatlangan paket» tizimi doirasida fuqarolarni davlat tomonidan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari bilan ta'minlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bajarilayotgan vazifalar muhokama qilindi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Majlisda Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi direktori birinchi o‘rinbosari Zohid Ermatov qo‘shma qaror ishlab chiqilgach, dastlabki tajriba-sinov jarayoni yozda, Sirdaryo viloyatida boshlanishini ma'lum qildi. 

«2021 yilgi davlat dasturida fevral oyiga qadar aholiga davlat tomonidan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari bilan kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan.

Kafolatlangan paket tizimida asosiy e'tibor birlamchi tibbiy tizimga, ya'ni kasalliklarning oldini olish va erta aniqlashga qaratiladi. Chunki shifoxonada davolash davlat uchun juda qimmatga tushadi. Lekin bu shifoxona darajasi e'tiborsiz qoladi degani emas.

Shifoxonada ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan, og‘ir kasalliklar turkumiga kiradigan, boquvchisi bo‘lmagan, alohida imtiyozga ega bo‘lgan bemorlarni davlat budjeti hisobidan davolashga e'tibor qaratiladi.

Bepul tibbiy xizmatlarga tez tibbiy yordam, sanitar aviatsiya, birlamchi tibbiy sanitariya yordami, yollanma oilaviy shifokor, konsultativ diagnostik yordam, kunduzgi statsionarda ko‘rsatiladigan yordam, statsionar yordam, tibbiy ko‘rsatmaga asosan qon va uning komponentlari bilan ta'minlash, tibbiy reabilitatsiya, aholining ayrim qatlamlariga ko‘rsatiladigan palliativ yordamlar kiradi.

Ayni paytda Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan mazkur loyihani amalga oshirish uchun qo‘shma qaror tayyorlanmoqda. Bu dastlab Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida amalga oshiriladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur viloyatda ushbu loyihaning 2021 yildagi ijrosi uchun budjet sarfi 475 milliard so‘m bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Mazkur mablag‘lar bilan 851 ming kishini kafolatlashimiz kerak.

Kafolatlangan paketga – profilaktika, diagnostika va davolash kiradi. Bemor kelganda qaysi diagnostikalar bo‘yicha bepul xizmat ko‘rsatilishi belgilab qo‘yilgan bo‘ladi.

Mazkur tajriba-sinov loyihasi 2021 yil 1 iyuldan boshlanib, 2022 yil yakunigacha davom etishi belgilangan. Vazirlar Mahkamasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ma'qullangan yo‘l xaritasi bo‘yicha 2023 yilda yana beshta viloyat va Toshkent shahrini qamrab olish kerak. 2025 yilda bu tizim butun respublika hududlarida joriy etilishi ko‘zda tutilgan», dedi jamg‘arma rasmiysi.

Ta'kidlanishicha, ishchi shtatlari masalasi o‘rganilmoqda. Bunda bitta oilaviy shifokor 2 ming kishilik aholiga mas'ul qilish belgilanadi. Uning yo‘llanmasi bo‘lmasa, bemor qabul qilinmaydi. Agar bemor shifoxonaga yo‘llanmasiz borsa, tibbiy xizmatlar uchun pul to‘lash kerak bo‘ladi.

Yig‘ilish davomida oilaviy shifokor punktida 32 tur, oilaviy poliklinikada 42 tur, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada 52 tur, tuman (shahar) markaziy shifoxonasida 127 turdagi dori vositalarining davlat budjeti hisobidan aholiga bepul berilishi va mazkur dorilar shifoxonalarda doim bo‘lishi aytildi.

Top