19:23 / 06.04.2021
24291
O‘zbekistonda eng qimmat yo‘l qayerda va qanchaga qurilgani ma'lum qilindi

«Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi qurgan eng qimmat yo‘l Gulistonda bo‘lgan. U yerdagi 3 km yo‘lning bir kilometrini 950 ming dollardan qurganmiz», – dedi qo‘mita raisi Abdurahmon Abduvaliyev.

6 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida hukumat soati tashkil etildi. Unda umumiy foydalanishdagi va xalqaro toifadagi avtomobil yo‘llarining bugungi holati va sohada qilinayotgan ishlar to‘g‘risida transport vaziri Ilhom Mahkamovning hisoboti eshitildi.

Majlisda deputat Doniyor G‘aniyev yo‘l qurilishi sohasida korrupsiya holatlariga qarshi kurashish, shuningdek, 1 km masofada 4 tasmali yo‘lni qurish va rekonstruksiya qilish qanchaga tushishi haqida savol berdi.

«Jahon bankining yo‘llar qurilishi bo‘yicha axborotini o‘qiganimda, unda aynan loyihalarning muddati cho‘zilishi ularni amalga oshirishdagi korrupsiyaning bir belgisi sifatida qaralishi qayd etilgan edi.

Qolaversa, Transparency International'ning korrupsiyaga oid indeksiga qarasak, yo‘l qurilishi eng korrupsiyalashgan sohalardan biri sifatida qayd etilgan.

Jahon bankining taxmini bo‘yicha, korrupsiya – rivojlanayotgan uchinchi dunyo mamlakatlarida 35 foizgacha borishi mumkin.

Bugungi kunda yo‘l qurilishi sohasida amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan loyihalarda korrupsiya darajasini necha foiz deb baholaysiz?

Yangi istiqbolli loyihalarda korrupsiya holatlari bo‘lmasligi uchun Transport vazirligida va Avtomobil yo‘llar qo‘mitasida bugungi kunda qanday ichki nazorat tizimlari yaratilgan?

O‘zbekistonda 4 tasmali yo‘lni qurish va rekonstruksiya qilishda 1 kmning narxi qancha?» – deya so‘radi Doniyor G‘aniyev.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov vazirlik va qo‘mita tizimida korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik borasida tizimli ishlar qilinishi haqida aytib o‘tdi.

«Umumdunyoviy qaraganda korrupsiya belgilari bo‘lishi mumkin, biz buni inkor qilmaymiz. Men korrupsiyani foiz darajasida aytib bera olmayman, chunki solishtirib beradigan ko‘rsatkichlarim yo‘q, foiz darajasida aytib berishim qiyin bo‘ladi. Lekin hozirda tizim shunday yaratilyaptiki, komplayens nazorat belgilarini qo‘yib, alohida xizmat turi yaratganmiz. Bu vazirlikda ham, qo‘mitada ham ishlaydi. Loyihalar bo‘yicha qandaydir yangi texnologiyalarni yaratganimiz yo‘q, buning fizik sistemasida o‘zining nazorat tizimi mavjud. Ya'ni loyiha oldi, loyihalashtirish, tender g‘oliblari aniqlangandan keyin ularni baholash tizimida va texnadzor shaklida har bir ish jarayonida jiddiy ahamiyat qaratmoqchimiz.

Qolaversa, komplayens nazorat tizimida korrupsiyaning oldini olish mexanizmini yaratmoqchimiz», – dedi vazir.

Savolning ikkinchi qismiga O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev javob berdi.

«Birinchi savol juda abstrakt. Toshni otvorib, egasini topadi, degan kabi bo‘lmasligi kerak. Qayerda korrupsiya kuzatilgan bo‘lsa, shu joyda bo‘ldi deb konkret fakti bilan aytsak yaxshi bo‘lardi.

O‘zbekiston Avtomobil yo‘llar qo‘mitasi qurgan eng qimmat yo‘l Gulistonda bo‘lgan. U yerdagi 3 km yo‘lning bir kilometrini 950 ming dollardan qurganmiz. Lekin dunyoda bunaqa summada hech kim yo‘l qurmaydi. Internetdan izlab ko‘ring, bir km yo‘l qancha deb, Turkiyada eng kami 2 mln dollardan boshlab chiqadi. Bizda hozir Turkiyaning bir kompaniyasi loyiha qilyapti, Toshkent halqa yo‘lini qurish proyekti 5 mln 700 ming dollarga tushyapti», – dedi qo‘mita raisi Abdurahmon Abduvaliyev.

Top