20:34 / 07.04.2021
7832

Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat kengashi Denov tumani hokimining qarorini bekor qildi

Denov tuman hokimining qarori Senatda ko‘rib chiqilib, so‘ng xalq deputatlari Surxondaryo viloyat kengashi tomonidan bekor qilingan. Bu haqda Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, xalq deputatlari Denov tuman kengashi shu tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlardan birining mulkini boshqa bir tadbirkorga berish haqida qaror qabul qilgan. Jabr ko‘rgan tadbirkor bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilgan va prezident virtual qabulxonasiga murojaat qilgan. Shundan so‘ng mazkur masala Oliy Majlisda ko‘rib chiqilib, Senatga yuborilgan.

Qayd etilishicha, nohaq jabr ko‘rgan tadbirkor muammosi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan va Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolovga tegishli topshiriqlar berilgan.

Natijada xalq deputatlari Surxondaryo viloyat kengashining 2021 yil 29 martdagi qaroriga asosan xalq deputatlari Denov tuman kengashining ushbu noqonuniy qarori bekor qilingan.

«Qizig‘i shundaki, yuqoridagi masala yuzasidan shu kunga qadar 10dan ortiq hokim qarori va 9ta sud hujjati qabul qilingan ekan. Denovdagi kabi birovning mulkini deputatlar qo‘li orqali tortib olish bilan shaxsiy manfaatini qondirishni reja qilib yurgan ayrim deputatlar boshlig‘i — hokimlar bundan tegishli xulosa qilsa bo‘lardi. Bunaqa ayyorona harakatlar bevosita tuman hokimi R.Pardayev boshchiligida qilinmoqda edi», — deydi Kusherbayev.

Ma'lumot uchun, Rustam Pardayev Denov tumaniga 2020 yil 5 noyabr kuni Baxtiyor Ibotovning o‘rniga hokim etib tayinlangan edi. Ungacha Surxondaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Mavzuga oid
Top