17:46 / 09.04.2021
31519
Mintaqaviy va global raqobat markazi: Afg‘onistonda tarix takrorlanyaptimi?

Afg‘oniston mojarolari 2020 yil sentabr oyida afg‘onlararo tinchlik muzokaralari boshlangandan beri yanada kuchaydi. 2020 yil 29 fevralda «Tolibon» va Donald Tramp ma'muriyati tomonidan imzolangan Doha kelishuvi ham mamlakatda davom etib kelayotgan nizolarni to‘xtata olmadi.

Foto: Joe Raedle / Getty Images

Endilikda Milliy yarashuv kengashi shu oy Turkiyada o‘tkazilishi kutilayotgan Afg‘onistonda tinchlik jarayonini jonlantirishga qaratilgan xalqaro konferensiyaga yagona «tinchlik yo‘l xaritasi»ni tayyorlash ustida ish olib bormoqda.

Xo‘sh, bu jarayon Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta'minlash yo‘lidagi so‘nggi hal qiluvchi qadam bo‘la oladimi? Albatta, bu borada muayyan fikrga kelish uchun yaqin o‘tmishda sodir bo‘lgan voqealarni ko‘zdan kechirishga ehtiyoj tug‘iladi...

2020 yil mundarijasiga bir nazar...

Doha kelishuvidan hech qancha vaqt o‘tmay, 2020 yil 19 mart kuni Afg‘oniston hukumati «Tolibon» tomonidan yuqori darajada zo‘ravonlik saqlanib qolayotgani tufayli unga qarshi jangovar harakatlarni qaytadan boshlashga ko‘rsatma berdi. Toliblar ham hibsdagi o‘z tarafdorlari AQSh va «Tolibon» o‘rtasidagi kelishuv shartlariga muvofiq ozod etilmaguncha rasmiy Kobulga qarshi urush harakatlari davom etttirilishini aytdi. Toliblar o‘z so‘zining isboti o‘laroq, Tohar viloyatidagi postga hujum qildi. Ular Afg‘oniston prezidentining o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi chaqirig‘ini rad etdi. Oxir-oqibat, hukumat bosqichma-bosqich 1,5 ming mahbusni ozod qilishga o‘z roziligini bildirdi.

2020 yil 12 may kuni sodir bo‘lgan hujumlar ortidan esa Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatdagi barcha kuch ishlatish tuzilmalariga «Tolibon» harakati bilan kurashda «hujum» shakliga o‘tishga buyruq berdi.

Shu tariqa, ziddiyatlar muttasil davom etdi. Teraktlar ham tinmadi. Nihoyat, 2020 yil avgust oyida Afg‘oniston hukumati turmalardagi oxirgi 400 jangarini ozodlikka chiqarishni boshladi. Ammo mazkur jarayon ham AQSh, Fransiya va Avstraliya kabi bir qator davlatlarning noroziligi sababli to‘xtab qoldi.

«Ssenariy»dagi yangi o‘zgarishlar

2021 yil boshida esa Afg‘oniston prezidenti «Tolibon» bilan tuzilgan kelishuvni AQSh qaytadan ko‘rib chiqayotganini ma'lum qildi. Ashraf G‘ani Oq uyga prezident Jo Bayden kelishi bilan «Kobul va Vashington munosabatlarida yangi sahifa ochilgani»ni ta'kidladi.

Aytish joizki, «Tolibon»ning g‘ayritabiiy talablari, Afg‘oniston hukumatining siyosiy o‘jarligi tufayli yuzaga kelayotgan vayronagarchilik endilikda yanada jiddiy talafotlarni yuzaga keltirishi mumkin. Chunki ikkala tomon ham hanuz bir-biriga kuch va urush tili bilan tahdid qilib, qabul qilinishi mumkin bo‘lmagan shartlarni qo‘yishda davom etmoqda. Ta'bir joiz bo‘lsa, har ikki tomon ham xorijiy davlatlar ko‘magi bilan «qahramon» bo‘lishga urinmoqda. Afg‘onistonda urush va beqarorlik hukm surayotgan ayni paytda buyuk davlatlar o‘z siyosiy-strategik manfaatlaridan kelib chiqib, ikki tomonlama standartlarga asoslangan usullarni qo‘llashmoqda.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, keyingi kunlarda Afg‘oniston Milliy yarashuv kengashi davlatda tinchlik o‘rnatish masalasi bo‘yicha 25dan ortiq takliflarni ko‘rib chiqmoqda. Ushbu tinchlik dasturlari Afg‘oniston prezidenti ma'muriyati va turli siyosiy partiyalar tomonidan tayyorlanib, mamlakat Milliy yarashuv kengashiga taqdim etilgan.

Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, asosiy maqsad tinchlikni ta'minlash uchun umumiy asoslarni topishga qaratilgan. Shuningdek, ilgari surilayotgan takliflardan kelib chiqqan holda, Turkiyada 12 yoki 16 aprelda boshlanib, 10 kun davom etishi kutilayotgan Afg‘onistonda tinchlik jarayonini jonlantirishga qaratilgan xalqaro konferensiyaga yagona «tinchlik yo‘l xaritasi»ni tayyorlash ham ko‘zda tutilgan.

«Kengash yig‘ilishida turli qarashlar va takliflar muhokama qilinmoqda. Biz Turkiyada bo‘lib o‘tadigan konferensiyaga umumiy taklif bilan chiqishga harakat qilamiz», deydi Milliy yarashuv kengashi vakili Fraydun Xvazun. 

Tolo News nashrining prezident saroyidagi manbalarga tayanib xabar qilishicha, shu kunlarda mamlakatda urushni to‘xtatishga qaratilgan uch bosqichli tinchlik rejasi prezident Ashraf G‘ani tomonidan jamoatchilikka taqdim etilishi kutilmoqda.

Ushbu 3 bosqich quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  1. «Tolibon» harakati bilan tinchlik bitimini imzolashga qaratilgan muzokaralar olib borish;
  2. cheklangan vakolatlarga ega bo‘lgan va saylovlar o‘tkazilgunga qadar faoliyat olib boruvchi «o‘tish hukumati»ni shakllantirish;
  3. xalqaro hamjamiyat nazoratida saylovlar o‘tkazish va tinchlikni ta'minlash.

Qayd etish lozim, 2018 yil mart oyida Toshkentda o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiya yakunida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasida ham Afg‘oniston hukumati va «Tolibon»ning murosasoz vakillari o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri tinchlik muzokaralarini o‘tkazish zarurati mavjudligi qayd etib o‘tilgandi.

AQSh va Afg‘oniston

2020 yil may oyi so‘ngida AQSh prezidenti Donald Tramp Twitter sahifasida Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib ketishi kerakligi, ammo shu bilan birga, u yerdagi voqealarni kuzatib borishi va zaruriyat tug‘ilganida «qaqshatqich zarba» berishga tayyor turish lozimligini bildirgandi.

O‘tgan yilning sentyabrida Vashington Sharqdagi, xususan, Afg‘onistondagi harbiy kontingentini kamaytirishini e'lon qildi. 2021 yilning yanvarida AQSh mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Kristofer Miller Afg‘oniston va Iroqda 2,5 ming nafardan harbiy xizmatchi qoldirilganini ma'lum qildi.

Ammo AQShning yangi prezidenti Jo Bayden 2021 yil yanvarda ish boshlaganidan ko‘p o‘tmay, toliblarning boshqa jangari guruhlar bilan aloqalarini uzish va Afg‘oniston hukumati bilan tinchlik muzokaralarini olib borish bo‘yicha toliblar o‘z majburiyatlarini qay darajada bajarayotganini aniqlash uchun Doha kelishuvini qaytadan ko‘rib chiqa boshladi.

O‘z navbatida, Afg‘oniston bo‘yicha tadqiqot guruhining vakili hisobotida prezident ma'muriyatiga tavsiyalar berildi: «Tolibon» harakati ilgari imzolangan kelishuv shartlarini bajarmayapti, shu bois, 2021 yil may oyigacha Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlari olib chiqib ketilishini kechiktirish lozim».

Tadqiqot guruhi «2021 yil maygacha qo‘shinlarni olib chiqib ketish uchun zarur sharoitni ta'minlash juda qiyin va ehtimol, imkonsiz» ekanini ta'kidladi.

Keyinchalik NATO mamlakatlari mudofaa vazirlari AQSh va «Tolibon» o‘rtasida tuzilgan kelishuvda ko‘zda tutilganidek, 1 maygacha Afg‘onistondan alyans qo‘shinlarini olib chiqib ketmaslikka qaror qilishdi.

Qayd etish joiz, Jo Bayden prezidentlikka kelgach, AQSh Yevropa oilasiga qaytgani, Afg‘oniston va AQSh hamkorligi davom etishini bildirdi. Ayni paytda NATO Afg‘onistondan chiqib ketilishini «Tolibon»ning o‘z majburiyatlariga qanchalar sodiq ekani bilan bog‘lamoqda.

Aytish lozimki, mart oyida «Tolibon» harakati Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha AQSh taklif qilgan yangi rejani rad etdi. Harakat vakilining so‘zlariga ko‘ra, Amerika tomoni aytayotgan barcha tomonlar ishtirokida vaqtinchalik hukumatni shakllantirish «Afg‘oniston oldida turgan muammolarni hal qilish imkonini bermaydi».

Ikki tomonlama muzokaralar ish bermagach, yana qurollar ishga tushdi – «Tolibon»ning rad javobidan hech qancha vaqt o‘tmay, Pentagon Qandahorda toliblarga qarshi zarbalar berilganini tasdiqladi.

Ayni paytdagi vaziyat shundayki, agar Vashington Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib ketmaydigan bo‘lsa, AQSh va «Tolibon» o‘rtasidagi kelishuv bekor bo‘lishi mumkin. Bu haqda kuni kecha «Tolibon» harakatining Qatardagi ofisi vakili Muhammad Naim Vardak ma'lum qildi.

«Biz Dohadagi kelishuv amalga oshishini talab qilamiz. Agar u amalga oshmasa, yana ma'lum muammolarga duch kelamiz, bu Dohadagi kelishuv bekor bo‘lishiga olib keladi», dedi u.

«Katta o‘yin»ning boshqa ishtirokchilari

Ta'kidlash joizki, Afg‘onistondagi tinchlik jarayoni murakkab mintaqaviy xarakterga ega. Urushning murakkab ichki o‘ziga xosliklari bo‘lishiga qaramay, so‘nggi paytlarda Afg‘onistonda tarix takrorlanmoqda. Hokimiyat uchun ayovsiz kurash va buyuk kuch siyosati mamlakatga tag‘in qaytmoqda. Turli geostrategik manfaatlar va resurslar ilinjida ta'sir o‘tkazishga intilishlar natijasida Afg‘oniston yana mintaqaviy va global raqobat markaziga aylanmoqda. O‘tmishdan farqli o‘laroq, bu safar o‘yinda ko‘plab yangi kuchlar ham ishtirok etmoqda. Pokiston, Eron, Xitoy va Hindiston – ushbu ishtirokchilar orasidagi  yetakchilardir.

Nyu-Dehlining fikriga ko‘ra, Afg‘oniston allaqachon Hindistonning o‘yin maydoniga aylangan. Hindistonning Afg‘onistondagi eng muhim kun tartiblaridan biri – azaliy raqibiga qarshi yangi jabhani ochish orqali Pokistonni «o‘z nazorati ostiga olish»dir. Toki Hindiston va Pokiston bir-biriga dushman ekan, Afg‘oniston ularning har ikkisi uchun ham strategik ahamiyatga ega bo‘lib qolaveradi. Xuddi Afg‘oniston Hindiston nuqtayi nazaridan Pokistonni siqib chiqarish uchun strategik ustunlik yaratgani kabi Pokiston uchun ham sharqiy (Hindiston), ham g‘arbiy (Afg‘oniston) chegaralarda dushman kuchlarining bo‘lmasligi juda muhim ahamiyatga ega.

Bo‘shliq IShID uchun imkoniyat yaratyaptimi?

Boshqa tomondan, Afg‘onistonda IShID bilan bog‘liq e'tibor qaratilishi lozim bo‘lgan bir necha jihatlar bor. Birinchidan, Afg‘onistonning ichki siyosiy vaziyatidagi notinchlik tufayli IShIDning oyoqqa turib olishi uchun qulay sharoit yuzaga kelgan. Chunki toliblar so‘nggi oylarda mamlakatda harbiy va siyosiy ustunlikka ega bo‘lib, bor diqqatini AQSh va Kobul ma'muriyati bilan muzokaralar o‘tkazishga qaratmoqda. Shu bois o‘rtada bir bo‘shliq yuzaga kelmoqda. Bu bo‘shliq esa IShID uchun imkoniyat yaratishi mumkin.

«Tolibon» va Eron munosabatlari

«Tolibon» va Eron munosabatlari esa murakkab vaziyatning boshqa bir ko‘lamini tashkil qilmoqda. Livandagi «Hizbulloh», Iroqdagi «Hashd ash-Shaabi», Yamandagi husiychilar va Suriyadagi «Fotimiyyun» kabi guruhlarning tabiati, urushga kirish sabablari va maqsadlari «Tolibon»nikidan keskin farq qiladi.

1979 yildagi inqilobdan beri Eron sharqidagi qo‘shnisining hududida harakat qilgan va vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib turadigan bir qator kuchlar bilan mashg‘ul bo‘ldi. U ba'zan shia jangchilarini safarbar qildi, ba'zan esa sunniy tolib jangarilari bilan ittifoq tuzdi va hozir ularning har ikkalasi bilan ham aloqada. Ayni paytda u AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Kobul hukumatiga ham o‘z ta'siri va bosimini o‘tkazishi mumkin.

Eron inqilobi muhofizlari korpusining yetakchi bo‘linmasi - «Al-Quds» kuchlari qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy 2020 yil yanvar oyida Iroq poytaxti Bag‘dodda AQSh tomonidan uyushtirilgan havo hujumida halok bo‘lgach, yangi qo‘mondon Ismoil G‘ani qasos olishga qasam ichdi. Eron «Tolibon» bilan o‘z aloqalarini mustahkamladi va unga «o‘ng ko‘zi bilan qaray boshladi». «Tolibon»ning yuqori martabali amaldorlari o‘tgan yili va shu yilning fevral oyida kamida ikki marta Tehronga tashrif buyurishdi. Agar ushbu munosabatlar Eronning AQShga qarshi turishining bir ko‘rinishi ekani hisobga olinsa, uning Afg‘onistonda foydalanishi mumkin bo‘lgan ishonchli kuchi «Tolibon» ekanini anglash qiyin kechmaydi.

Sulaymoniy uchun qasos olish istagiga qaramay, Eronning asosiy maqsadi AQSh ta'sirini iloji boricha tezroq tugatishdir. Tabiiyki, Tehron Vashingtonga to‘g‘ridan to‘g‘ri qarshi tura olmaydi, buning o‘rniga u AQShning Yaqin Sharq va Afg‘onistondagi manfaatlariga zarar yetkazishga harakat qiladi. Qolaversa, IShID bazasi Eron chegarasiga yaqin bo‘lmasa-da, Tehron o‘z manfaatlariga tahdid solinishidan xavotirda.

AQShni nima kutyapti?

Mintaqadagi Xitoy, Rossiya, Eron va Pokiston kabi davlatlar AQSh va NATO kuchlariga qarshi urush e'lon qilgani tufayli «Dushmanimning dushmani – mening do‘stimdir» tamoyiliga muvofiq, «Tolibon»ni mamnuniyat bilan qarshilamoqda.

AQShning yangi ma'muriyati Rossiyani asosiy tahdid, Xitoyni o‘sib borayotgan tahdid, Eronni isyonkor, Pokistonni esa itoatkor yollanma askar, deb bilmoqda. Ushbu mamlakatlar AQShni o‘z chegaralaridan tashqaridagi urushga jalb qilish uchun «Tolibon»ni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqda. Ularning fikricha, bu urush qanchalar uzoq davom etsa, AQSh e'tiborini o‘z ichki muammolaridan boshqa tomonga chalg‘itishi shunchalik oson bo‘ladi. Ushbu mamlakatlarning mutaxassislari Afg‘onistonni imperiyalar qabristoni, deb bilishadi va AQShning ham xuddi sobiq sovet ittifoqiday qismatga duchor bo‘lishiga ishonishadi.

Bu safar xavf har doimgidan ko‘proq

Tarix davomida Afg‘oniston davlat arboblari va hukmdorlari o‘z mintaqalarida turli mintaqaviy va global kuchlarning geosiyosiy va strategik manfaatlarini himoya qilmagani uchun buyuk kuchlar siyosati va mintaqaviy urushlarning qurboni bo‘lishgan. Ammo bu safar xavf har doimgidan ko‘proq va u Afg‘oniston davlatining omon qolishini talab qiladi. Hozirgi sharoitda Afg‘onistondagi mintaqaviy manfaatlarni boshqarish juda qiyin. Afg‘oniston ham o‘z iqtisodiyoti va harbiy salohiyatini kuchaytirish uchun yetakchilikni qo‘lga olishi, aqlli diplomatiyani ishga solishi lozim. Shu bilan bir qatorda, ittifoqchilarining geosiyosiy zaifliklaridan foydalanishni ham bilishi kerak.

Bularning barchasiga qo‘shimcha o‘laroq, Afg‘oniston hukumati va davlat ma'muriyatini tashkil etuvchi siyosatchilar mamlakatning zaiflashishiga va bo‘linishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan qarashlari va harakatlaridan voz kechishlari, Afg‘onistonning betaraf davlat bo‘lib qolishini ta'minlashlari va qo‘shnilari hamda boshqa katta kuchlar orasidagi muvozanatni saqlashlari kerak. Shuningdek, AQSh, Xitoy va Rossiya kabi davlatlar bilan ittifoq tuzish orqali zarur xavfsizlik kafolatlari olinishi, iqtisodiy imkoniyatlar yaratish orqali mintaqada o‘z ta'sir kuchiga ega mamlakatga aylanish choralari ko‘rilishi darkor. Albatta, bularning barchasi Kobulda qudratli hukumat o‘rnatilishi bilan amalga oshishi mumkin.

Otabek Tillayev tayyorladi.

Top