17:59 / 15.04.2021
7355
Markaziy bank: yanvar-mart oylarida kelib tushgan pul o‘tkazmalari hajmi qariyb 1,42 milliard dollarni tashkil etmoqda

Joriy yilning dastlabki 3 oyi davomida O‘zbekistonga kelib tushgan xalqaro transchegaraviy pul o‘tkazmalarining hajmi 31 foizga oshgan.

Markaziy bank 2021 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga kelib tushgan xalqaro transchegaraviy pul o‘tkazmalarining hajmi haqida ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, o‘tgan uch oy davomida O‘zbekistonga jismoniy shaxslar tomonidan qariyb 1,42 milliard dollar mablag‘ yuborilgan va pul o‘tkazmalari hajmi 2020 yilning mos davriga nisbatan 336 million dollarga yoki 31 foizga oshgan.

Chet elga yuborilgan xalqaro pul o‘tkazmalari miqdori 353 million dollarga yetgan.

Natijada transchegaraviy pul o‘tkazmalari bo‘yicha ijobiy saldo qariyb 1,06 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Bundan avval, yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonga jismoniy shaxslar tomonidan 892 million dollar pul jo‘natilgani, xorijga yuborilgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari esa 215 million dollarga yetgani xabar qilingandi.

Shuningdek, Markaziy bank 2020 yilda mamlakatga kelib tushgan xalqaro transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 6,03 milliard dollarni tashkil etib, 2019 yilga nisbatan 17 million dollarga yoki 0,3 foizga oshganini ma'lum qilgan

Top