09:13 / 20.04.2021
14770
Islom Karimov o‘zbek tili va adabiyoti universitetini nega ochgandi? -Shuhrat Sirojiddinov xotirasi

O‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda oliygohning 2016 yilda ochilish tarixi haqida gapirib o‘tdi.

Rektor bu haqda gapirarkan, birinchi prezident Islom Karimov, o‘sha paytda bosh vazir bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev va o‘zi o‘rtasida prezident kabinetida kechgan suhbatni esga oldi.

Shuhrat Sirojiddinovga ko‘ra, prezident Karimov O‘zbekistonda ta'lim, til, adabiyot va madaniyat chuqur «jarlikka» tushib qolganini yaxshi tushungan.

«O‘zbek tili va adabiyoti universitetining ochilishidan oldingi voqealarni nafaqat men, balki butun xalqimiz bilishi kerak deb o‘ylayman.

Bir kuni Islom Abdug‘aniyevich men bilan Shavkat Miromonovichni ham qabuliga chaqirgandi. O‘sha paytda men Milliy universitet rektori edim. O‘rtamizda 2,5 soat suhbat bo‘ldi. Bu suhbatda ko‘proq Islom Abdug‘aniyevich gapirdi.

U kishi quyidagilar haqida gapirdi:

«Biz siyosatda, iqtisodda mustaqil bo‘ldik. Tinchlikni saqlash, iqtisodni ko‘tarish va xalqning o‘ziga ishonchini orttirish uchun urindik. Bular birinchi navbatdagi vazifalar edi. Ammo bir narsada ortda qoldik. Bu meni juda ko‘p qiynaydi. Buni bajarishning endi vaqti keldi.

Biz madaniyatimizni ko‘tarishimiz kerak. Adabiyotimizni ko‘rsatishimiz kerak. Bizdagi madaniyat esa bevosita ta'lim, ilm va fan bilan bog‘liq.

Biz jahon xalqlari orasida o‘z madaniyatimizni qayta tiklashimiz kerak».

Islom Abdug‘aniyevich bu ishlarni amalga oshirish uchun birinchi navbatda til va adabiyotni rivojlantirish kerakligini yana takrorladi. O‘zbek tili obro‘yini oshirish haqida gapirdi.

«Biz o‘zbek tili uchun 1989 yilda qonun qabul qilganmiz. Ammo juda ko‘p kamchiliklarga yo‘l qo‘ydik. Mana, endi vaqti keldiki, biz bu xatolarni tuzatishimiz kerak.

Buning uchun yaxshi kadrlar kerak», – dedi u kishi. Yaxshi eslayman, Islom Abdug‘aniyevich bu gaplarni nihoyatda kuyunchaklik bilan gapirdi.

O‘ylashimcha, yosh va mustaqil davlat bo‘lish, chetdan turli tahdidlar, millatning qaddini ko‘tarish, iqtisodiy va boshqa katta masalalar iskanjasidan chiqib ketish, bir tomondan urush xavfi (Afg‘onistondagi notinchliklar nazarda tutilmoqda – tahr.) bilan birga bu masalalarni ham Islom Abdug‘aniyevich juda yaxshi tushungan.

O‘sha suhbatda Islom Karimov kadrlar muammosi va ta'limning ortda qolib ketganini aytdi. Til va savodxonlik muammolari ham ta'kidlandi. U kishi bu ortda qolishning sabablarini ham tushuntirib berdi. Ya'ni hammasi aylanib, davr murakkabliklariga bog‘landi.

«Kadrlar tayyorlashimiz kerak. Bizga yangi avlod kerak. Tilning fidoyilari, tilni, adabiyotni tushunadiganlar kerak. Til va adabiyotini bilmagan inson qanday qilib madaniyatini ko‘taradi?» – dedi Islom Karimov.

U kishi o‘sha davrning kadrlaridan qoniqmagan. Albatta, qoniqmagan. Chunki xalqimiz ham biladi, o‘sha davrlarda ta'limdan sifat ketdi. Savodsizlik urchidi. O‘zbek tili va adabiyoti fani universitetlardan deyarli olib tashlandi. Hech kim kitob o‘qimay qo‘ydi. Tilga e'tibor susayib ketdi. Ma'naviyat ishlari quruq nazariyaga aylanib qoldi. Amaliyotda esa xo‘jako‘rsinga bo‘laverdi.

Bularning hammasi borib-borib boshqa xalqlardan farqli madaniyatga e'tiborsizlikka olib keldi. Islom Karimov shular haqida gapirib, bizga vazifalar berdi.

Birinchi prezident shu suhbatda universitetni «Til va adabiyot deb nomlaymiz va bu albatta Alisher Navoiy nomi bilan bog‘lanishi kerak. Chunki Alisher Navoiy turkiy til imkoniyatlarini butun dunyoga ko‘rsatib bergan», – dedi.

U kishi mendan «turkiy til bilan turk tilining farqini bilasizmi?» – deb so‘rab ham qo‘ydilar.

O‘sha paytda Alisher Navoiy nomi Samarqand davlat universitetida edi.

Islom Abdug‘aniyevich menga: «Mana, siz Milliy universitetda rektorsiz, bu universitet endi nanotexnologiyalar bilan rivojlanadi. Millat masalalari, milliy masalalar bu universitetda o‘rganiladi, rivojlantiriladi», – dedi.

Shuning uchun ham O‘zbek tili va adabiyoti universiteti – millat universiteti. Milliy universitet shu bo‘lishi kerak, aslida.

Birinchi prezident suhbat davomida til, adabiyot, tarix va falsafa masalalarini ham juda kuyunchaklik bilan ko‘tardi. Bu ishlar til va adabiyotdan boshlanishi kerakligini aytdi», – deydi Shuhrat Sirojiddinov.

Top