08:28 / 20.04.2021
789
Qo‘qon shamolida singan daraxtlar nega kesib tashlanmayapti? Mutaxassis javob berdi 

Joriy yilning yanvar oyidagi shamol Qo‘qon shahridagi ayrim bino va inshootlar, daraxtlarga shikast yetkazdi. Shahardagi Ozodlik xiyobonida shamolda singan daraxtlar hanuzgacha asrab kelinmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu singan daraxtlar borasida turli xil fikr-mulohazalar tarqalmoqda. 

2021 yilning yanvar oyida O‘zbekistonning barcha hududlarida noqulay ob-havo hukm surdi. 22 yanvar kuni esgan kuchli shamol Qo‘qon shahridagi ayrim ijtimoiy obektlar bino va inshootlariga jiddiy zarar yetkazdi. Shaharning Ozodlik xiyobonidagi bir nechta daraxtlar esa qo‘qon shamolining kuchidan sinib tushdi. Garchi singan daraxtlar shox-shabbalari tozalanib tashlangan bo‘lsa-da, ularning tanasi hamon asrab kelinayotgani ijtimoiy tarmoqlarda turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. 

Kun.uz muxbiri mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida Farg‘ona viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Qo‘qon shahar inspeksiyasi mutaxassislariga murojaat qildi. 

Davlat ekologiya inspektori Halimjon To‘rayev Ozodlik xiyobonidagi bir nechta daraxtlar, 22 yanvar kuni esgan kuchli shamol sabab kasallangani ortidan sinib tushganini ta'kidladi:

«Singan va sinib tushgan daraxtlar Qo‘qon shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan qonunda belgilangan tartibda yig‘ishtirilib, kirim qilingan. Hozirgi kunda xiyobondagi 2 tup singan daraxtimiz joyida turibdi», — deydi X.To‘rayev.

Ma'lum bo‘lishicha, respublikamiz qonunchiligida, daraxtlarni ruxsatsiz kesish taqiqlangan. Shunga asosan singan daraxtlar ostidan kesib tashlanmagan. Ushbu holat esa nazoratga olingan. 

 Fayzullo Sultonov tayyorladi.

Top