17:54 / 21.04.2021
50040
Maktab oldidagi qurilishga qarshi chiqqan direktorga jinoyat ishi ochildi. Prokuratura aybsizlik prezumpsiyasini buzdi

Toshkent viloyati prokuraturasi tergov endigina boshlanganiga qaramay, Toshkent tumanidagi maktab direktori budjet pullarini o‘zlashtirgan deb bayonot tarqatdi. Gumondor jinoyat ishini uyushtirilgan deb hisoblamoqda.

16 aprel kuni Toshkent viloyat prokuraturasi Toshkent tumanidagi 26-o‘rta maktab direktori 173 million so‘mni talon-toroj qilganlikda gumonlanayotgani haqida xabar tarqatdi.

Prokuratura xabarida maktab direktorining ayol kishi ekani, ismining bosh harflari, shuningdek, deputat ekani aytiladi. Keyinchalik bu yangilik boshqa ommaviy axborot vositalari, xususan Kun.uz saytida ham yoritildi.

Shundan so‘ng maktab direktori Saida Hoshimova Kun.uz'ga murojaat qilib, jinoyat ishi ayrim shaxslarning g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish uchun atayin uyushtirilgani va tergov organi tayinlagan taftish noxolis o‘tkazilgani haqida gapirib berdi.

«Hammasi maktab oldidagi qurilishga qarshilik qilganimdan keyin boshlandi»

— 20 yildan beri xalq ta'limi tizimida faoliyat yuritib kelaman. Shundan 8 yil turli maktablarda direktor vazifasida faoliyat yuritganman.

Tumanda rus maktablar ko‘p emas. Bizning maktab ham rus maktab bo‘lgani sababli ko‘plab tumanlardan o‘quvchilar kelishadi. Maktabda 1500 dan ziyod o‘quvchi tahsil olmoqda.

Maktab direktori Saida Hoshimova

2020 yil maktab yo‘lining bir qismida va maktab darvozasi oldida qurilish bo‘lishidan xabar topdik. Yerni tadbirkorlar auksion orqali sotib olgan ekan. Shundan so‘ng men Toshkent tumani hokimiga qurilish joyini o‘zgartirish bo‘yicha bir necha bor murojaat qildim.

Tadbirkor qurilish ishlarini boshlab yubordi. Bu qurilishlar ota-onalarning o‘z farzandlarini maktabga olib kelib, olib ketishlarida mashaqqat tug‘dira boshladi. Shundan so‘ng men bu qurilishga qarshilik qildim. Hammasi ana shundan keyin boshlandi.

«Ketma-ket tekshir-tekshirlar boshlanib ketdi»

— Qurilishga qarshilik ko‘rsatganimdan so‘ng allaqayoqlardan mening ustimdan shikoyat yozuvchilar paydo bo‘ldi. Ustimdan arz qilib, prokuraturaga yozishdi. Shundan so‘ng tekshir-tekshirlar avj oldi. Bu tekshiruvlardan ezilib ketdik. O‘qituvchilarim ham dod dedi. Chunki haftalab, oylab tekshirishlar dars sifatiga ta'sir qilmay qolmasdi.

Dastlab tuman prokuraturasi tekshirdi. Keyin Toshkent viloyati davlat moliyaviy taftish boshqarmasi tekshiruv o‘tkazdi. Aynan shu boshqarmaning asoslantirilmagan xulosasiga ko‘ra, tuman prokuraturasi tomonidan menga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

«Hali aybimni isbotlashmasdan meni jinoyatchiga chiqarib qo‘yishdi»

— Taftish komissiyasining dalolatnomasiga asoslanib, Toshkent viloyat prokuraturasi menga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar tarqatib yubordi. Shundan so‘ng hamma meni jinoyatchi sifatida ko‘ra boshladi. Hatto uyga ham borolmay qoldim. Otamning ko‘ziga qarolmay yurdim. O‘zimni o‘ldirmoqchi ham bo‘ldim. «Nahotki 20 yil shu tizimda ishlab, endi shu ahvolda ketamanmi» degan o‘y xayolimdan o‘tdi.

Xalq ta'limi vazirligiga ham yordam so‘rab murojaat yo‘lladim. Yordam berish o‘rniga yana tekshiruvchilarni yuborishdi. Nimaga qilmagan ishim uchun javob berishim kerak? Men qurilishga norozilikni o‘zimning manfaatim uchun qilmadim-ku!

Nega vazirlik o‘z tizimidagi xodimni himoya qilmay, «bo‘ri»larning ichiga tashlab qo‘yadi?

«8 ta epizod bo‘yicha bo‘ynimga ayb qo‘yishmoqchi»

— Taftish komissiyasining dalolatnomasida 8 ta epizod bo‘yicha kamchiliklar, xususan budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlik holatlari yozilgan. Barcha epizodlar bo‘yicha aybsiz ekanimni ko‘rsatuvchi asoslarim bor. Balki qayerdadir xato qilgandirman. Lekin bu jinoyat emas. Davlatning bir so‘m ham pulini yemaganman.

Eng katta summa kuni uzaytirilgan pullik to‘garaklar bo‘yicha chiqqan. Ya'ni qo‘yilgan 173 mln so‘m kamomadning 113 mln so‘mi to‘garaklardan tushgan pullar. Bu pullarni ota-onalarning o‘zlari rozi-rizolik bilan berishgan.

Bizning aybimiz bu pullarga alohida hisobraqam ochib ishlatmaganimiz bo‘ldi. Lekin men bir necha bor bu mavzuni ko‘tardim. Ammo hisobraqam ochib berishmadi. Shundan so‘ng jamoatchilik nazorati tuzildi. Hamma pullar hisob-kitob bilan sarflandi. Nimalarga sarflangani bo‘yicha hujjatlar bor.

113 million pul bolalarni ovqatlantirishga, 5 tashabbus doirasida maktabga 3 ta tikuvchilik mashinasi olishga, 3 ta televizor, 3 ta o‘t o‘radigan mashina, o‘qituvchilarga ish haqi va maktab uchun yana ko‘plab narsalarga sarflangan.

Maktab oshxonasiga bolalarni ovqatlantirgani uchun jami 21 million so‘mdan ortiq pul berilgan. 30 milliondan ortiq pul o‘qituvchilarga qo‘shimcha dars o‘tgani uchun ish haqi sifatida berilgan. Hammasi komissiya a'zolari va ota-onalarning roziligi bilan qilingan. Ular to‘garaklardan juda xursand bo‘lishardi. Yana pul to‘lab, bolalarini o‘qitishga tayyor. Chunki bu bolalarda juda yaxshi natija bo‘lgan.

Qolgan epizodlar bo‘yicha ham aybsiz ekanimga asoslarim bor. Men maktab pulini o‘z cho‘ntagimga solib ketmaganman.

Menga nisbatan ko‘plab bo‘htonlar qilindi. Mashinam, oilam, shaxsiy hayotimgacha gap-so‘zlar tarqatishdi.

«Hammasi adolatli yakun topib, aybdorlar jazolanishini istayman»

— Tergov harakatlari hali davom etmoqda. Men adolat qaror topishini va qo‘limdagi hujjatlar inobatga olinishini so‘rab qolaman. Shuningdek, hali aybim isbotlanmasdan mening sha'nim, qadr-qimmatim va ishchanlik obro‘yimga putur yetkazganlar qilmishiga yarasha jazolanishini so‘rab qolaman.

Tekshir-tekshirlar, yolg‘on xabarlar bizga hech narsa bermaydi. Biz shaklga emas, mazmunga e'tibor qaratishimiz lozim. O‘qituvchi himoya qilinishi kerak. Kimningdir xulosasi bilan inson jinoyatchi bo‘lib qolmasligi kerak. O‘ylaymanki, hammasi ijobiy hal bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida

E'tiborlisi, Saida Hoshimova ta'lim tizimidagi 20 yillik mehnat faoliyati davomida biror marta bo‘lsin, hatto intizomiy jazo olmagan. Mustaqillikning 25 yilligi munosabati bilan ko‘krak nishoni va «Xalq ta'limi a'lochisi» unvonlari bilan taqdirlangan.

Maktabning biz suhbatlashgan qator xodimlari va o‘quvchilarning ota-onalari direktor faoliyatidan shikoyati yo‘qligini bildirishdi.

Aybi sudda isbotlanmay, tergov harakatlari endi boshlangan bir paytda gumondor 173 mln so‘mni talon-toroj qilgan deb qat'iyat bilan rasmiy bayonot berish esa prokuratura aybsizlik prezumpsiyasiga rioya etmaganini ko‘rsatadi.

Oxirgi paytlardagi amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mana shunday kichik amal egalarini «qo‘lga tushirish»ga, ularni jamoatchilikka ashaddiy jinoyatchidek ko‘rsatishga o‘tib olganlari bor gap. Davlatning milliardlarini o‘marganlar haqida esa lom-mim deyilmaydi.

O‘zi boshqarayotgan maktab o‘quvchilari va ota-onalariga qulaylik bo‘lishi uchun kurashib, oqibatda o‘zi og‘ir vaziyatga tushib qolgan ayol atrofida uni qo‘llovchi biror idora yoki tashkilot qolmaganidan kuyunadi.

Ayni vaqtda Saida Hoshimovaga nisbatan tergov harakatlari davom etmoqda. Biz sud hukmi bo‘lmay turib, ish natijalarini taxmin qilishdan tiyilgan holda voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Rahmatillo Isroilov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top