17:31 / 24.04.2021
11188

O‘zbekistonda 2020 yilda qidiruvga berilgan shaxslarning 75 foizi ushlanmagan - senator

O‘zbekistonda jinoyatchilik darajasi 35 foizga, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar 49 foizga oshgan, deb ma'lum qildi Senat qo‘mitasi raisi Narimon Umarov.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan jinoyat sodir etishda gumon qilinib 2020 yilda respublika bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan 9 790 nafar shaxsdan 6 761 nafari yoki 75 foizi ushlanmagan. Bu haqda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov 23 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda aytib o‘tdi.

Senatorning ta'kidlashicha, 2020 yilda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarni bartaraf etish bo‘yicha kamchiliklarga barham berilmagan. Respublika bo‘yicha ro‘yxatga olingan 62 081 ta jinoyatning 41 087 tasi yoki 66 foizi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar toifasiga kiradi.

Umumiy jinoyatchilik 34,7 foizga ko‘paygan, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar 49 foizga, jumladan, qasddan odam o‘ldirish 13, badanga og‘ir shikast yetkazish 13, nomusga tegish 27,7, bosqinchilik 18,5 foizga ortgan.

Eslatib o‘tamiz, afg‘onistonlik Ismoil Safo va uning jiyani ishonchiga kirib, ularni chuv tushirishda gumonlanayotgan Faxriddin Xushvaqtovga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish to‘g‘risida sirtdan ajrim chiqarilgan va u 2019 yili respublika miqyosida qidiruvga berilgan bo‘lsa-da, haligacha qo‘lga olinmayotgani haqida Kun.uz jurnalistik surishtiruv e'lon qilgan edi.

Surishtiruv e'lon qilingach, Toshkent shahrining o‘sha vaqtdagi prokurori Bahriddin Valiyev hamda Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Zafar Alimov Faxriddin Xushvaqtovga nisbatan e'lon qilingan qidiruv yuzasidan maxsus xodimlar ajratilgani, qidiruv jadallashtirilishini ma'lum qilgandi.

Firibgarlik va boshqa bir qator jinoyatlarni sodir etishda ayblanayotgan bu shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ayni paytda jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy sudida ko‘rib chiqilmoqda.

Top