Kun.uz'da afg‘onistonlik investorning tergov ishlaridan norozi bo‘layotgani haqida maqola e'lon qilingach, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Aziz Toshpo‘latov afg‘onistonlik investor va uning advokati bilan uchrashib, suhbatlashgan.
Shahar IIBB boshlig‘ining o‘rinbosari Zafar Alimovning aytishicha, Yakkasaroy tumani “pasport stoli” xodimi Akmal Ataxanovning faoliyati yuzasidan qayta xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, natijasiga ko‘ra u egallab turgan lavozimidan ozod etilgan va ichki ishlar tizimidan bo‘shatilgan.
«Kun.uz'da chiqqan maqoladan so‘ng rahbarimiz Aziz Anvarovich Safo Ismoil va uning himoyachisini chaqirib gaplashdilar. Suhbat jarayonida afg‘onistonlik investorning barcha vajlari yozib olindi. Safo Ismoil ichki ishlar organi xodimi, Yakkasaroy tumani pasport bo‘limida xizmat qilgan Akmal Ataxanovning shu ishga aloqadorlik holatlarining barchasini aytib o‘tdi. 2019 yilda vazirlik tomonidan bu bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilgani aniqlandi, lekin ko‘p holatlarimiz oxirigacha tekshirilmagani sababli qaytadan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi va hozirda Akmal Ataxanov ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan.
Uning Faxriddin Xushvaqtov bilan birgalikda Ismoil Safo bilan oldi-berdiga aralashgan yoki aralashmaganiga jinoyat ishini tergov qilayotgan prokuratura organi tomonidan baho beriladi. Hozirda biz Akmal Ataxanov ushbu ishga aloqador yoki aloqador emas deb qat'iy aytolmaymiz.
Ismoil Safoning pullarini noqonuniy tarzda egallagan Faxriddin Xushvaqtovga nisbatan e'lon qilingan qidiruv yuzasidan maxsus xodimlar ajratilgan. Hozirgi vaqtda uni ushlash bo‘yicha barcha choralar amalga oshirilmoqda. Bu ish Toshkent shahar IIBB boshlig‘i tomonidan shaxsan nazoratga olingan», deya Zafar Alimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
26 noyabr kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasida bo‘lib o‘tgan ommaviy qabulda Toshkent shahar prokurori Bahriddin Valiyev Ismoil Safoni qabul qilib, Faxriddin Xushvaqtovga nisbatan e'lon qilingan qidiruvni jadallashtirish choralari ko‘rilishini ma'lum qildi.
«Qidiruv ishlarini jadallashtirish bo‘yicha barcha choralarni ko‘ramiz. [Kun.uz’da e'lon qilingan maqola] yaqinda ijtimoiy tarmoqdayam chiqdi. Ungayam [munosabat bildirish bo‘yicha] topshiriqlar bergan edim. Isbotlovchi dalillar bo‘lsa buni isbotlay olamiz. Aybsizlik prezumpsiyasi degan narsalar bor. Hamma narsaning ikki tomoni bor. Biz shosha-pisha kimnidir qamoqqa ololmaymiz. Buning uchun [ularning jinoyat ishiga aloqadorligini] isbotlashimiz kerak.
Men Ismoil Safoni shaxsan taniyman, oldin ham qabul qilganman. Firibgarlarni topish, ular tomonidan aldov yo‘li bilan o‘zlashtirilgan pullarni qaytarish uchun qo‘limizdan kelgan barcha choralarni ko‘ramiz. Faqat bugun ommaviy qabul, Ismoil Safoning ishiga oid hujjatlar yonimda emas. Ishga oid boshqa vajlar bo‘lsa, marhamat, idoraga boringlar. “Delo”ni stolga qo‘yib gaplashamiz», deb aytgan Bahriddin Valiyev.
Umid qilamizki, mutasaddi idoralar tergov va tezkor qidiruv ishlarining qonuniyligiga ham huquqiy baho berishadi, yaqqol jinoyat belgilari bo‘la turib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilmay paysalga solingani, ish qo‘zg‘atilgandan keyin ham aybdor shaxslarga nisbatan o‘z vaqtida chora ko‘rilmagani sabablari ochiqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, jurnalistik surishtiruv davomida javobsiz qolgan savollar va aniqlik kiritilishi lozim bo‘lgan holatlar bo‘yicha o‘rganishlarimizni davom ettirmoqdamiz. Tez kunda bu borada yangi tafsilotlar jamoatchilik hukmiga havola qilinadi.
Jamshid Niyozov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.










