23:27 / 29.04.2021
8095
Buxoroda 100 va 50 ming so‘mlik qalbaki pullarni tayyorlab muomalaga kiritganlar qo‘lga olindi
Foto: IIB axborot xizmati

Buxoro viloyati Buxoro tumanida 100 va 50 ming so‘mlik qalbaki kupyura tayyorlab muomalaga kiritib kelgan jinoiy guruh qo‘lga olingan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Xabarda keltirilishicha, 2021 yil 11 mart kuni Jondor tumani IIBga tumanning Samonchuq mahallasida yashovchi L.R. ismli fuqaro ariza bilan murojaat qilgan. Ma'lum bo‘lishicha, o‘sha kuni L.R.ning savdo do‘koniga kelgan noma'lum mijoz 12 dona plastik tog‘ora xarid qilib, unga 10 dona 100 000 va 1 dona 50 000 so‘mlik kupyuradagi, jami 1 050 000 so‘m pul berib ketgan. Notanish mijoz ketganidan so‘ng L.R. pullarni ko‘zdan kechirib, ularning seriya raqamlari bir xil ekanini bilib qolgan. U pullar qalbakiligiga gumon qilib, IIBga murojaat qilgan.

Shundan so‘ng Jondor tumani IIB tomonidan L.R. taqdim etgan pullar ekspertizadan o‘tkazilgan. Ekspertizada ular rangli printerdan chiqarilgan oddiy qog‘oz ekani aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jondor tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan noma'lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 1-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

O‘tkazilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni Buxoro tumanida yashovchi R.A., uning jinoiy sheriklari K.U. hamda Romitan tumanida yashovchi D.N. sodir etgani aniqlangan.

Tadbir davomida o‘tkazilgan tintuvda jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchi R.A.ning yashash uyidan 25 dona 50 000 so‘mlik bir xil seriyali, jami 1 250 000 so‘m qalbaki kupyuralar topilgan. Shuningdek, yana bir gumonlanuvchi D.N.ning uyidan kompyuter jamlanmasi, «EPSON» rangli printeri, qog‘oz kesuvchi uskuna, har biriga 50 000 so‘mlik kupyura uch nusxadan chop etilgan, 120 dona qirqilmagan oq qog‘oz hamda xotirasida bir nechta davlatlar pul birliklari elektron suratlari bo‘lgan 16 gigabaytli flesh karta ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan. Chop etilgan soxta kupyuralar hisoblab ko‘rilganda jami 18 600 000 so‘m chiqqan.

Ta'kidlanishicha, hozirgi kunda Jondor tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan ushbu jinoiy guruhning xatti-harakatlari yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top