09:04 / 05.05.2021
4768
Samarqand va Namanganda soxta PZR-test natijalarini tayyorlab sotayotganlar ushlandi

Samarqand va Namangan viloyatlarida fuqarolarga soxta PZR-test natijalarini tayyorlab sotayotganlar ushlangan. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 23 aprel kuni fuqarolarga davlat chegarasidan o‘tish uchun koronavirus infeksiyasi tahlili natijalari bo‘yicha qalbaki ma'lumotnomalar tayyorlab berayotgan shaxslar faoliyatini fosh etish bo‘yicha IIV Transportda XTB xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda Namangan viloyati SEO va JSBda Dezinfeksiya bo‘limi dezinfektori lavozimida ishlovchi, Namangan viloyati Uychi tumani «Oqtosh» MFYda yashovchi 1979 yilda tug‘ilgan S.A. soxta PZR-test natijalarini sotayotganda qo‘lga tushgan. Jumladan, u N.X., D.Sh. va X.Q.dan analiz tahlillari olmasdan turib ularning nomiga rasmiylashtirilgan ma'lumotnomalarini «xolis xaridor» N.X.ga taqdim qilib, undan 200 ming so‘m olgan vaqtda ushlangan.

Bundan tashqari, 30 aprel kuni Transportda XTB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand xalqaro aeroporti yaqinida bir guruh shaxslar tezkor tadbirga «mijoz» sifatida jalb qilingan S.ga «qisqa muddatda 400 ming so‘mga ekspress tahlil natijasini tayyorlab berish»ni taklif qilgan.

Olib borilgan tekshiruv harakatlari natijasida ushbu shaxslar «AKMAL TRANS» MChJda kirakash bo‘lib ishlovchi, Samarqand viloyati Samarqand shahar Xo‘jaqishloq mahallasida yashovchi 1986 yilda tug‘ilgan A.R. va Samarqand viloyati Samarqand shahar Bulvar dahasida yashovchi 2005 yilda tug‘ilgan O.N. ekani aniqlangan.

Qayd etilishicha, hozirda har ikkala holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Top