18:31 / 11.05.2021
12956
«Prezident maktablarida "katta"larning emas, oddiy oilalarning bolalari o‘qiyapti» - agentlik

PM o‘quvchilarining 70 foizining ota-onasi – o‘qituvchi, deb ma'lum qildi Prezident maktablari agentligi direktori.

Prezident maktablarida mansabdorlar bolalari o‘qiydimi, degan savolga Prezident maktablari agentligi direktori o‘rinbosari Amirulla Abdullayev javob berdi.

«Misol uchun, Toshkent shahridagi Prezident maktabi bolalarining oilaviy kelib chiqishini oladigan bo‘lsak, kirgan bolalarning katta qismi – Sergeli tumanidagi 300-maktab o‘quvchilari.

Bemalol ko‘rish mumkin, ularning hammasi, hozir aytganingizdek, vazir yoki mansabi katta odamlarning emas, oddiy oilalardan chiqqan bolalar. Bu kirish imtihonlari juda ham shaffof bo‘lganini anglatadi

Maktablar ochilganiga 2 yil bo‘lyapti, hali bitiruvchilarimiz yo‘q, lekin shu qisqa muddat ichida sarhisob qiladigan bo‘lsak, ko‘plab bolalarimiz nufuzli xalqaro olimpiadalarda qatnashib, birinchi o‘rinlarni, oltin medallarni qo‘lga kiritishdi. Mana shuning o‘zi, menimcha, hozirgi savolingizga javob bo‘ladi. Ya'ni tanlaganimizda to‘g‘ri yo‘l tanlaganmiz. Bolalarni saralashda ham shaffof baholash bo‘lgan», – dedi Abdullayev 11 may kungi matbuot anjumanida.

Agentlik direktori Hilola Umarovaning qo‘shimcha qilishicha, agentlik tasarrufidagi 70 foiz o‘quvchilarning ota-onalari – ustozlar.

«O‘tgan gal Xiva shahrida 11-sinf o‘quvchimiz olimpiadada 1-o‘rinni olib, otasiga mashina sovg‘a qildi. Ota – matematika fani ustozi, ona – uy bekasi. Yana bir misol, Al-Xorazmiy maktabining 7-sinf o‘quvchisi tengdoshlari kesimida 1-o‘rinni olib, otasiga «Nexia» sovg‘a qildi. Uning ham onasi – ustoz, otasi – veterinar», – dedi u.

Ma'lum qilinishicha, maktablardan munosib nomzodlarni saralash bo‘yicha Xalq ta'limi vazirligi bilan birgalikda qo‘shma qaror tayyorlanyapti. Unga ko‘ra, bunda direktorlarga ko‘proq mas'uliyat yuklanadi.

Shu bilan birga, qaysi maktab o‘quvchilari Prezident maktablariga kirsa, shu maktablarning direktorlari rag‘batlantirilishi mumkin.

Top