11:45 / 12.05.2021
40556
«Qizil kitob»ga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiq rossiyalik ovchi tomonidan o‘ldirildi. Unga Ekologiya qo‘mitasi raisi ruxsatnoma bergan

Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Alisher Maqsudovning ruxsatnomasi bilan «Qizil kitob»ga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiq Toshkent viloyati hududida rossiyalik ovchi tomonidan o‘ldirilgan. Bu haqda ekologiya va atrof-muhit himoyasiga oid yangiliklarni berib boruvchi «Ekologuz» telegram-kanalida ma'lum qilindi.

Ma'lum bo‘lishicha, Alisher Maqsudov imzosi bilan «Qizil kitob»ga kiritilgan Tyanshan qo‘ng‘ir ayiqlaridan ikkitasini otish uchun Rossiya fuqarosi Ye.P.Shirokovga 2021 yil 3 mart kuni №400030-sonli ruxsatnoma berilgan.

Mazkur ruxsatnoma ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Bo‘stonliq tuman inspeksiyasida №4-son bilan 2021 yil 31 mart kuni ro‘yxatga olingan.

«Ovchi Rossiya Federatsiya fuqarosi Ye.P.Shirokov esa Bo‘stonliq tumanida 1 dona qo‘ng‘ir ayiqni otib, u bilan vahshiylarcha suratga tushgan (Uning yana bitta Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘ini otishga ruxsatnomasi bor).

Endigina uyqudan uyg‘ongan ayiqlar bu faslda ancha zaif bo‘ladi. Aynan zaifligidan foydalanib ularni o‘ldirish o‘ta vahshiylikdir.

Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi Alisher Maqsudov bunday ruxsatnoma berishining o‘zi ayanchli. U qanday asoslarga ko‘ra noyob hayvonot olamimizga vahshiylarcha munosabatda bo‘lishga imkon beradigan mazkur ruxsatnomaga imzo chekdi ekan?

Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi ruxsatnomasi bilan qachonki tom ma'noda atrof-muhit muhofazasiga jonkuyar bo‘lgan, tabiatni asrab-avaylashga hissasini qo‘shadigan rahbar kelmasa, tabiatimizga qiron keltiriladi. O‘tgan yillar Qashqadaryo va Namanganda aholi va brakonerlar tomonidan o‘ldirilgan ayiqlar haqida yozgandik. Fuqarolar ayiqni o‘zini himoyalash uchun, brakonerlar pul uchun o‘ldirgani ma'lum bo‘lgandi. Ammo Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi rahbari «Qizil kitob»ga kiritilgan ayiqni otishga ruxsat bersa-chi? Dardingni kimga aytasan?» – deyiladi xabarda.

Kun.uz muxbiri xabarga oydinlik kiritish maqsadida ikkinchi tomon – Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi axborot xizmati bilan bog‘lanishga harakat qildi, ammo qo‘ng‘iroqlar javobsiz qoldirildi.

Top