17:37 / 21.05.2021
18914

Bu yil magistraturaga istalgan yo‘nalishga hujjat topshirish imkoni bo‘lmaydi – Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqovning ma'lum qilishicha, bu yilgi qabulda o‘tgan yildagidek bakalavrdagi mutaxassislikdan butunlay begona bo‘lgan yo‘nalishlarga magistraturaga hujjat topshirish amaliyoti bekor qilinadi. Sababi, bu o‘zini to‘la oqlamagan.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov Xpress.uz’ga bergan intervyusida bu yil magistraturaga istalgan yo‘nalishga hujjat topshirish tanlovi saqlanib qoladimi, degan savolga javob berdi.

“2019-2020 o‘quv yillarida sinov tariqasida magistraturaga kirishda turdosh va mos yo‘nalishlarni tanlash bekor qilindi. Bundan tibbiyot va ijodiy imtihonlar orqali qabul qilinadigan yo‘nalishlar istisno qilingan edi. Bu qaysidir joyda o‘zini oqladi, qaysidir joyda oqlamadi. Sababi, yoshlarning asosiy qismi o‘zi qiziqqan yo‘nalishga emas, ko‘proq imkoniyat beradigan yo‘nalishlarga hujjat topshirdi. Kimlardir magistraturaga o‘ziga butunlay begona yo‘nalishlarga kirdi va o‘qish davomida turli muammolar kelib chiqdi. Bir tomondan kafedraning professor o‘qituvchilaridan e'tirozlar ko‘p bo‘ldi, ikkinchi tomondan talabalarning o‘zlari ham qiynaldi.

Shu sababli, bu o‘quv yilida magistraturaga faqat mos va turdosh yo‘nalishlarga, ya'ni bir-biriga yaqin bo‘lgan yo‘nalishlarga hujjat topshirishga sharoit yaratiladi. Bunda ham faqat o‘z yo‘nalishi emas, bakalavrda o‘qigan sohasiga yaqin bo‘lgan yo‘nalishdagi magistratura mutaxassisligiga hujjat topshirish imkoni saqlanib qoladi. Masalan, fizika, matematika, informatika kabi yo‘nalishlar bir-biriga yaqin hisoblanadi. Lekin butunlay begona bo‘lgan mutaxassisliklarga hujjat topshirish bekor qilinadi”, deya ma'lumot berdi Abduvali Xoliqov.

Vazirlik bosh boshqarma boshlig‘ining aytishicha, bu tartib amalda bo‘lganda davlat stipendiantlari ham o‘ziga mos bo‘lmagan yo‘nalishlarda o‘qish uchun talabgor bo‘lgan.

“Masalan, davlat stipendiyalari turli yo‘nalishlar bo‘yicha beriladi. Texnika yo‘nalishida o‘qiyotgan talaba hech qachon Navoiy stipendiyasiga da'vogar bo‘lolmaydi. Bizda esa Navoiy stipendiyasini olganlar magistraturada neft-gaz sohasida o‘qish uchun talabgor bo‘ldi. Hamma o‘ziga to‘g‘ri baho berib, yo‘nalishini to‘g‘ri tanlashi kerak.

To‘g‘ri, magistraturaga hujjat topshirishda turdosh va mos yo‘nalishlarning bekor qilingani o‘zini oqlagan jihatlar ham bo‘ldi. Lekin oqlamayotgan jihatlari ko‘rinib qoldi. Bakalavrda olingan bazaviy bilim magistraturada juda muhim o‘rin tutadi. Magistraturani tugatganlar asosiy qismi iqtisodiyotning eng yuqori sohalarida faoliyat yuritadi. Bu bosqichda yaxshi bilim olinmasa, keyingi faoliyatga o‘z salbiy ta'sirini ko‘rsatadi. Shu sababli, muvozanat bo‘lgani yaxshi”, dedi Abduvali Xoliqov.

Vazirlik rasmiysiga ko‘ra, bakalavr bitiruvchilari magistraturaga qaysi yo‘nalishlarga hujjat topshirishi mumkinligi haqida oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri buyrug‘i chiqadi va bu buyruq magistraturaga qabul jarayoni boshlangunga qadar e'lon qilinadi. 

Top