14:58 / 22.05.2021
7607
O‘zbekistonda kambag‘allik muammosi. Sabablar va yechimlar

Mehnat bozorida raqobatga dosh berolmaslik, boqimandalik kayfiyatining yuqoriligi, milliy urf-odatlardagi ortiqcha sarf-xarajatlar, ta'lim tizimidagi salbiy holatlar va hududlarda tibbiyot sifatining pastligi kambag‘allikka yetaklovchi asosiy sabablardir.

Foto: Dmitriy Chistoprudov

Kim kambag‘al yoki kambag‘al emasligini aniqlashda odamlarning yashash darajasiga bevosita ta'sir ko‘rsatadigan omil – daromad va xarajatlar ko‘rsatkichi muhim o‘rin tutadi. O‘zbekistonda kambag‘allik ko‘rsatkichlari qanday va uni qisqartirish bo‘yicha nima ishlar qilinmoqda?

O‘zbekiston aholisining qancha qismi kambag‘al?

Respublikada kambag‘al aholi qatlami mavjud bo‘lsa-da, uzoq vaqt bu mavzu tilga olinmay kelgani sir emas. Bundan ikki yil ilgari ham faqat kam ta'minlanganlar haqida gapirilardi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil fevraldagi parlamentga murojaatida ilk bor O‘zbekiston aholisining kambag‘al qatlami haqida so‘zladi. Respublika aholisining 12-15 foizi kambag‘al ekani, ularning umumiy soni 4,5-5 million nafarligini ta'kidladi.

Pandemiya va uning salbiy oqibatlari mamlakatda kambag‘allik darajasi yanada ortishiga olib keldi. Ayni paytda bu bo‘yicha yangi hisob-kitoblar ma'lum qilinganicha yo‘q. 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari – iqtisodiyot bo‘yicha falsafa doktori Nurbek Yo‘ldoshev bu mavzuga oid maqolasida aholi kambag‘allashuviga ta'sir qilgan quyidagi omillarni yozadi:

  • asosan qishloq joylarda aholining yetarli bilim va malakaga ega emasligi va natijada mehnat bozorida raqobatga dosh berolmasligi;
  • ta'lim tizimidagi salbiy natijalar va hududlarda tibbiyot sifatining pastligi;
  • aholining ba'zi qatlamlarida boqimandalik kayfiyatining yuqoriligi, milliy urf-odatlarda ortiqcha sarf-xarajatlarning mavjudligi;
  • ayrim hududlarda ishsizlikning yuqori darajada ekanligi, yangi ish o‘rinlari tashkil etilishining faqat qog‘ozdagina mavjudligi daromad kamligi va yashash darajasining pasayishiga olib kelgan.

Agar mazkur ko‘rsatkichlarning aksi yuz bersa, ya'ni ishlab chiqarish rivojlansa, bilim va malaka, bandlikni ta'minlash, mehnat bozorida raqobatbardoshlik ko‘rsatkichlari oshsa, o‘z-o‘zidan moddiy o‘sish ham yuqorilashi kuzatiladi.

Jahon bankiga ko‘ra, O‘zbekistonda kambag‘allikning yuqori darajasi Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Andijon viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilmoqda.

Hisob-kitoblar natijasida kambag‘al deya ta'riflanayotgan aholining kunlik daromadi 10-13 ming so‘mni tashkil etishi ma'lum bo‘lgan. Biroq ayni paytgacha aholining minimal iste'mol xarajatlari qanchaligi e'lon qilinmayapti. Dunyo miqyosida esa aholi turmush darajasi minimumi muhim ahamiyatga egaligi ma'lum va bu doimiy e'tibordagi ko‘rsatkichlardan hisoblanadi.

Aslida kim kambag‘al?

Mutaxassislar fikricha, kambag‘allik tushunchasiga yagona ta'rif mavjud emas. Ba'zilar insonning birlamchi ehtiyojlarini qondirish imkoniyati yo‘qligini kambag‘allik deb tushunsa, boshqalar tanlov erkinligining yetarlicha emasligini yoki kishining jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi ishtirokiga putur yetkazuvchi ijtimoiy, ta'lim va sog‘liqni-saqlash sohasidagi to‘siqlarning doimiy doirasini tushunishadi.

Kambag‘allikka turli davlatlarda har xil izohlar, ayricha fikrlar bildiriladi. Umuman, jahon tajribasida biror shaxs yoki ijtimoiy guruhning hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan minimal ehtiyojlar, mehnatga layoqatlilik hamda avlodini davom ettirishga imkoniyati yetarli bo‘lmagan kabi iqtisodiy holatlarni tavsiflovchi tushunchaga kambag‘allik deyiladi.

Buni aniqlashda bir nechta chegara bo‘lib, aholining munosib turmush kechirishi uchun ma'lum bir me'yor belgilanadi. Agar kishining daromad (yoki xarajat)lari belgilangan me'yordan past bo‘lsa, u kambag‘al hisoblanadi.

Kambag‘allik chegarasi kunlik eng kam miqdordagi oziq-ovqat va zaruriy mahsulotlarni sotib olish uchun sarflangan xarajatlar yoki olingan daromadlar hamda oilaning ma'lum bir guruhdagi tovar va xizmatlardan foydalana olish imkoniyatini baholash orqali belgilanadi. Masalan, Davlat statistika qo‘mitasining kambag‘allikni o‘lchash uslubiyotiga binoan, O‘zbekistonda kunlik 2100 kkal.dan kam iste'mol (xarajat) qilgan kishilar kambag‘al deyiladi.

«2019 yil yakunida O‘zbekistonda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 1723 AQSh dollarini tashkil etishi, Jahon banki klassifikatsiyasi bo‘yicha respublikani o‘rtadan past daromadli mamlakatlar guruhiga kirishiga asos bo‘ldi», deya yozadi Nurbek Yo‘ldoshev.

Moliya vazirligining 2020 yil aprel-may oylari bo‘yicha e'lon qilingan hisobotida ish haqi olib ishlayotgan va jismoniy shaxslar daromad solig‘ini to‘layotgan fuqarolarning qariyb 1 million 772 ming nafari (42,6 foiz) 1 million so‘mgacha, 1 million 66 ming nafari 1 million so‘mdan 2 million so‘mgacha oylik olishi keltirilgan. 

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining ma'lum qilishicha, hozirgi kunda kambag‘al oilaning shaxsiy kompyuter bilan ta'minlanganligi respublikadagi o‘rtacha oiladan 12 barobarga, shaxsiy avtomobil bilan 11 barobarga, konditsioner bilan 8 barobarga, changyutkich bilan 4 barobarga, kir yuvish mashinalari bilan 4 barobarga, muzlatkich bilan 2 barobarga, televizor va uyali aloqa vositalari bilan 1,5 barobarga kamligi kuzatiladi.

Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha nimalar qilinmoqda?

O‘ylab qaralsa, respublikada kambag‘allik darajasi rasman e'tirof etilib, unga qarshi kurashish choralari ko‘rilayotgan bir paytda pandemiya boshlandi. 2020 yil martida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tashkil etildi. Mutaxassislar fikricha, mazkur vazirlikning tuzilishi mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish bilan birga, kambag‘al aholi moddiy ta'minotida ham amaliy ko‘mak berishga bo‘lgan muhim qadamdir.

Koronavirus pandemiyasi dunyo davlatlari qatori O‘zbekiston aholisi uchun ham katta yo‘qotishlar olib keldi. Yashash uchun eng muhim resurs moddiy ta'minlanganlik darajasi tushib ketdi. Ishsizlar, bemorlar, moddiy yordamga muhtojlar safi karrasiga ortdi. Odamlar g‘oyat og‘ir vaziyatda qolishdi.

Mazkur holatda O‘zbekiston hukumati ehtiyoji o‘ta yuqori fuqarolarni aniqlab, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlovchi dastur – «temir daftar» tizimini joriy etdi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, respublika miqyosida mazkur ro‘yxatga kirgan 594,3 ming oila va ularning 2,5 million nafar a'zosi (shundan 648 ming nafar mehnatga layoqatli ishsiz oila a'zolari) kiritilib, joriy yil 1 mart holatiga 641,3 ming nafarining (99 foiz) bandligi ta'minlandi.  

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hozirgi kunga qadar «temir daftar»ga kiritilgan 600 mingga yaqin ehtiyojmand oilalarga jami 1,37 trillion so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri moddiy va nomoddiy yordamlar ko‘rsatilganini ochiqladi.

Qayd etilishicha, kam ta'minlangan oilalarning daromad manbaini yaratish orqali respublika bo‘yicha 2021 yil 1 mart holatiga 515,9 ming oila va ularning 2,2 million nafar a'zolari «temir daftar» ro‘yxatidan chiqarilgan.

Shu bilan birga, o‘tgan yilda ijtimoiy ko‘makka muhtoj va kam ta'minlangan oilalarga nafaqa va moddiy yordam ajratish qamrovi ham oshirilgan. Jumladan, bola parvarishi uchun nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalar soni o‘tgan yil yakunida yil boshiga nisbatan ikki baravarga, ya'ni 600 ming nafardan 1,2 million nafargacha ortgan.

Shuningdek, o‘rta va uzoq muddatlarda kambag‘allikni qisqartirishning strategik maqsadlarini belgilash maqsadida, Jahon banki va BMT Taraqqiyot dasturi ekspertlari bilan birga «2021-2030 yillarga qadar O‘zbekiston Respublikasida kambag‘allikni qisqartirish strategiyasi» loyihasi ishlab chiqilib, umumxalq muhokamasiga qo‘yildi.

Kambag‘allar soni 5 million nafar atrofida deya aytilayotgan bir davrda bu kabi harakatlar qamrovini kengaytirish va jadallashtirish muhim ahamiyatga ega.

Istiqbolda kambag‘allik qanday qisqartiriladi?

Shundoq ham tashqi qarzlar va budjet defitsiti ortib borayotgan bugungi davrda kambag‘al va qoloq aholi sonining ortib borishi mamlakatni parokanda qilish ehtimoli katta. Shu sabab hukumat darajasida har bir fuqaroga ayniqsa, moddiy yordamga juda muhtojlarga, albatta, maksimal darajada ko‘mak berish ustuvor vazifalardan bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, ularni ish bilan ta'minlash yoki tadbirkorlika o‘rgatish kabi tashabbuslar shular jumlasidan. Ammo iqtisod o‘smasa, ish haqi ham, aholi turmush darajasi ham pasayib boraveradi. 

Vazirlikka ko‘ra, ishsiz a'zolari bor bo‘lgan hamda «temir daftar», «ayollar daftari» va «yoshlar daftari»ga kiritilgan oilalarga dehqonchilik bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini kengaytirish uchun 2021 yil 1 iyuldan boshlab:

  • dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun yangi o‘zlashtirilgan, lalmi, foydalanilmayotgan yer maydonlaridan 10 sotixdan 1 gektargacha yer ajratilishi;
  • ajratilgan yer maydonlari sug‘orish tizimi (artezian quduqlar, tomchilatib sug‘orish va boshqalar) hamda elektr energiyasi bilan ta'minlanishi;
  • berilgan yerlarni o‘zlashtirish uchun (yer haydash, urug‘-ko‘chat xarid qilish va boshqalar) subsidiya ajratilishi belgilangan.

Moddiy yordamga muhtojlar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarga dehqonchilik bilan shug‘ullanishi uchun kerakli mehnat qurollari xaridiga subsidiyalar ajratilishi, ishsizlar bandligini ta'minlash, turli grant, nafaqa va boshqa to‘lovlardan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsad qilingan.

Ma'lumotlarga qaraganda, 2021 yilda 70 ming nafar ishsiz fuqaroni 40 turdagi kasb-hunarga o‘qitish, 39,6 ming nafar ishsizlarni tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘rgatish, 50 ming kishini tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi uchun chet tillariga o‘qitish reja qilingan.

Bundan tashqari, ehtiyojmand oilalarni uy-joy bilan ta'minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ko‘lami ham kengaytirilmoqda.

Bu sa'y-harakatlar o‘zini qay darajada oqlashi va kelgusida kambag‘allikni qisqartirish borasida qanday natijalarga erishilishini vaqt ko‘rsatadi.   

Islombek Umaraliyev

Top