09:10 / 23.05.2021
5739
Kongoda vulqon otilishi sababli 2 millionlik shahar aholisini evakuatsiya qilish boshlandi

Kongoning Goma shahri aholisi Niragongo vulqoni otilishi sababli evakuatsiya qilina boshlandi. Ruanda bilan chegarada joylashgan shaharda 2 mlnga yaqin aholi yashaydi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, odamlar hukumat evakuatsiyani e'lon qilishidan avval shahardan qocha boshlagan.

Vulqon 22 mayda otilishni boshlagan. Ruanda Gomadan qochayotgan kongoliklar uchun o‘z chegaralarini ochgan. Qochqinlar maktablar va cherkovlarga joylashtirilmoqda.

Ta'kidlanishicha, vulqon lavasi o‘zining o‘ta oquvchanligi bilan ajralib turadi. U hozirda Gomaning tumanlaridan biriga yetib borgan va o‘z yo‘lida 3ta qishloqning kulini ko‘kka sovurishga ulgurgan.

Niragongo 3,5 ming metr balandlikda joylashgan bo‘lib, lavaning vulqon yonbag‘ridan oqishi tezligi 96 km/soatni tashkil qiladi.

1882 yildan beri vulqonning 34 marta otilishi qayd qilingan. Eng kuchli otilishlardan biri 1977 yilda yuz bergan va 600 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Vulqon oxirgi marta 2002 yilda otilgan. O‘shanda 250 kishi halok bo‘lgan, 120 ming kishi boshpanasiz qolgan.

Top