21:44 / 27.05.2021
27562

«Qizlarimni qanday himoya qilaman?» - Onalarni o‘ylantirayotgan xavotir

Voyaga yetkazayotgan qizlari kelgusida zo‘ravonning zulmidan jabrdiyda ayolga, o‘g‘illari esa zo‘ravon erkakka aylanmasligi uchun ota-onalarga ayrim tavsiyalarni keltirib o‘tamiz.

Foto: pic2

Qur'oni Karimdagi suralardan biri «Niso», ya'ni «Ayollar» deya nomlanadi. Shuning o‘zi ham dinimizda bu nozik hilqatning ulug‘lanishi, sha'ni yuksak tutilishi, haq-huquqlarining himoyalanishining belgisidir.

Bugungi jamiyatimizda esa oxirgi vaqtlarda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlardagi eng ko‘p tarqalayotgan va o‘qilayotgan ma'lumotlarga aylanmoqda.

Yurtimiz bo‘ylab aks-sado berayotgan Andijondagi 5 oylik kelin voqeasi yoki Samarqanddagi 17 yashar qizning o‘limi bilan bog‘liq hodisalar kishini qo‘rquvga soladi. Zero, har birimiz oilamizda ko‘z qorachig‘ida asraganimiz – qizlarimizni o‘qishga, suzishga, til o‘rganishga bexavotir borib kelishlarini istaymiz.

Yuqoridagi holatlarga qonun doirasida chora ko‘rilar, lekin bu bilan onalar yuragi qizining kelajagidan xavotir olmaslik taskinini topmaydi.

Misol tariqasida, 2021 yilning birgina aprel oyida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining 1146 ishonch telefoniga jami 1956 ta murojaat bo‘lgan, shundan 90 foizdan ortig‘i, ya'ni 1564 tasi xotin-qizlardan kelib tushgan. Respublika bo‘yicha faoliyat yuritayotgan Reabilitatsiya va moslashtirish markazlariga esa jami 1768 ta murojaat bo‘lgan va buning ham katta qismi, ya'ni 1589 tasi – xotin-qizlarning murojaatlaridir.

Eng ko‘p shikoyatlar moddiy va ijtimoiy yordamga muhtojlik, ya'ni iqtisodiy zo‘ravonlikdan va ruhiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq. Shu bir oyning o‘zida zo‘ravonlikka uchragan 127 nafar fuqaro (66 nafar ayol va ularning 61 nafar 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlari) markazlarga joylashtirilgan.

Ko‘rinadiki, ayollarimizga ko‘proq shu ikki turdagi holatlarda: ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlikka duch kelishganda yordam kerak bo‘ladi.

Ruhiy zo‘ravonlik – xotin-qizlarni haqoratlash, ularga tuhmat qilish, tahdid qilish, ularning sha'ni va qadr-qimmatini kamsitish, ularning xohish-irodasini cheklashga qaratilgan boshqa harakatlarda ifodalanadigan zo‘ravonlik shakli.

Iqtisodiy zo‘ravonlik – xotin-qizlarga nisbatan turmushda, ish joylarida va boshqa joylarda qilingan zo‘ravonlik shakli, xotin-qizlarning normal yashash va kamol topish uchun oziq-ovqat, uy-joy hamda boshqa zarur shart-sharoitlar bilan ta'minlanishga bo‘lgan huquqini, mulk huquqini, ta'lim olish hamda mehnatga oid huquqini amalga oshirishni cheklashga olib keladigan harakatlar hisoblanadi.

Ya'ni oila misolida ko‘rilsa, ayolga ishlash taqiqlanadi, o‘z ehtiyojlari uchun pul berilmaydi, hatto oziq-ovqatdan tortilishi mumkin. Yoki ishlasa ham qo‘lidagi mablag‘ tiyinigacha hisob-kitob qilinadi. Aynan mana shu moliyaviy qaramlik sabab jabrlanuvchi zo‘ravondan keta olmaydi, uning zulmlariga chidashga majbur bo‘ladi.

O‘zbekiston Gender komissiyasining «Zo‘ravonlikka yo‘l yo‘q» loyihasi 251 nafar xotin-qizlar orasida o‘tkazgan so‘rovnomada ularning 112 nafari o‘zini va farzandlarini boqish uchun mablag‘i yo‘qligi sabab zo‘ravonlik va tazyiqlarga chidashga majburligini bildirishgan.

Toshkent shahar Yunusobod tumani IIB Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor Dilnoza Siddiqova:

— Iqtisodiy zo‘ravonlikka uchragan ayollarni bu vaziyatdan chiqarish uchun mahallalarda ham ish olib borilmoqda. Moliyaviy ko‘makka muhtoj, ishsiz va ijtimoiy faol bo‘lmagan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Ayollar daftari» yuritilib, ularga o‘z sharoitlarini yaxshilash uchun imkoniyat yaratildi.

«Ayollar daftari»ga kiritilgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagan xotin-qizlarga BHMning 150 baravarigacha, ya'ni 36 mln 750 ming so‘mgacha bo‘lgan kreditlar ajratiladi. Bu daftarga kiritilgan xotin-qizlarga turar joy ijara kompensatsiyasini ham to‘lab berish amaliyoti joriy etildi.

Bundan tashqari, ayollarimizning huquqiy ongini rivojlantirish, ularga o‘z haq-huquqlarini to‘g‘ri anglatish ham lozim bo‘ladi. Masalan, Reabilitatsiya va moslashtirish markazlariga eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahridan kelib tushgan. Bunga asosiy sabab – viloyatlarimizdagi juda ko‘pchilik ayollarimiz shunday markazlar borligi, ularga qanday bog‘lanish mumkinligi haqida ma'lumotga ega emasligida.

Shu o‘rinda eslatib o‘tishim lozim, zo‘ravonlikning turli ko‘rinishiga duch kelgan holatda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining 1146 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishsin. Yoki Najot ilovasi orqali har bir viloyatdagi reabilitatsiya markazlariga bog‘lanish kerak bo‘ladi.

Har bir shaxs haqidagi ma'lumotlar sir saqlanadi hamda Reabilitatsiya va moslashtirish markazlari zo‘ravonlikning barcha shakllaridan jabrlangan shaxslarga har qanday huquqiy, psixologik, tibbiy va boshqa ijtimoiy yordamlar bepul tarzda taqdim etiladi.

Shuningdek, «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan har bir xotin-qiz tegishli organlarga yoki sudga murojaat etish huquqiga ega. Agar oilaviy munosabatlar sabab tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayol sudga murojaat qilsa undan davlat boji undirilmaydi.

Gulira'no Erolova, psixolog:

— Mijozlarimning ko‘pchiligi aynan ruhiy va jismoniy zo‘ravonlikdan aziyat chekishadi. Sababi o‘rganilganda ular yoshligidan shunday muhitda o‘sgani, o‘ziga ishonchi pastligi, o‘z shaxsiy «men»ini topolmagani uchun boshqalar tomonidan ham shunday munosabat ko‘rsatilgan.

Aksariyat holatlarda o‘ziga past baho beradigan ayollar xo‘rlanishadi, zo‘rlanishadi. Jamiyatimizda qiz bola tarbiyasini bosim ostida ushlash odat tusiga kirgan. Bosim bilan tarbiyalangan qizlarda o‘ziga nisbatan ishonch susayib boradi. Oqibatda o‘zini yaxshi narsalarga munosib emasman degan fikrga kelishadi.

O‘ziga ishonch qanchalik pasayishi bilan ayolda kaltak yeyishga, jabrlanishga moyillik hosil bo‘la boshlashi mumkin. Ayol kishi ko‘pincha tili sabab kaltak yeyishi mumkin, chunki unda erkaklar urong‘ich, so‘kong‘ich degan fikr vujudga kelgan va xuddi shunday bo‘lishi kerak deb o‘ylaydi.

Ayollarda bu muammoni hal qilishga qaratilgan yechimlardan biri – ularning bilim olishi. Ular nimanidir o‘rganib, nima bilandir shug‘ullanib, kasb-korini yo‘lga qo‘ya boshladimi – o‘ziga bo‘lgan ishonch paydo bo‘la boshlaydi, o‘zini hurmat qilishni boshlaydi. Shundan so‘nggina atrofdagilar ham uni hurmat qila boshlashadi. Lekin birdaniga bu ishonch paydo bo‘lishi-yu, o‘zini hurmat qilishni o‘rgatish qiyin. Chunki dastlab ota-ona tomonidan, keyin er tomonidan o‘tkazilgan tazyiqlar yillar davomida o‘z kuchini ko‘rsatadi.

Ba'zi hollarda ishlaydigan ayollarda ham bu muammo yuzaga chiqadi. Chunki bolalarimiz tarbiyasida ularga jabrdiyda obrazini bilib-bilmay o‘zimiz singdiramiz. Ulardan biror xatolik o‘tganda to‘g‘risini aytib, tan olishsa kaltaklaymiz, shunday paytda o‘zlarini jabrdiyda qilib ko‘rsatishganda esa kaltakdan qutulib qolishadi. Bu bilan bolada shunday qilib vaziyatdan chiqishga, atrofdagilarning rahmini keltirishga rag‘bat uyg‘onadi. Bu shunchalik qo‘rqinchli holki, kelajakda boshqalarning rahmini keltirish uchun o‘z joniga qasd qilishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun avvalo ularga bilim berish, dunyoqarashini kengaytirish, vaziyatlardan to‘g‘ri yo‘l bilan chiqa olishni o‘rgatish kerak. Bo‘lajak onalarni farzand tarbiyasiga tayyorlash, qiz bola tarbiyasida psixolog yordamiga suyanishdan uyalmaslik kerak. Chunki qizlar tarbiyasiga e'tiborsizlik jamiyatning xatosiga aylanishi mumkin.

***

Qizdan ko‘ra o‘g‘il farzand ko‘rganda ko‘proq faxrlanadigan xalqmiz. O‘g‘il chaqaloqlar bilan faxrlanish barobarida, ularda ayol siymosiga to‘g‘ri ko‘z bilan qarashga, ta'lim-tarbiya berishda qizimizni o‘g‘limizdan kam ko‘rmaslikka o‘rganmas ekanmiz, ko‘pchilikni «Qizlarimni qanday himoya qilaman?» degan o‘y qiynashi turgan gap.

Avvalo, har bir oila o‘ziga munosib farzand tarbiyalashga intiladi, lekin qizlarimizni tashqi zo‘ravonliklardan asrashning eng to‘g‘ri yo‘li – ularga himoyalanishni o‘rgatish va yigitlarda ayol shaxsiga nisbatan hurmat uyg‘otish.

Ayolning himoyasi ularning qo‘lida ekanini yaxshi anglatsak, o‘g‘illarimiz zo‘ravonga aylanmaydi. Diniy va dunyoviy bilimlar olishiga qarshi bo‘lmay, imkoniyatlar yaratib bersak esa, qizlarimiz jabrlanuvchi bo‘lib qolmaydi.

Gulmira Toshniyozova

Top