16:02 / 28.05.2021
30481
Saudiya valiahd shahzodasi - oshirilgan soliqlar, neft, AQSh va Eron haqida

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon podshohlikdagi Al-Arabiya telekanaliga katta intervyu berdi. Kun.uz Yaqin Sharqdagi eng nufuzli siyosatchilardan birining intervyusidan ayrim parchalarni havola etadi.

Intervyuning birinchi qismi. Suhbat Al-Arabiya'da uch qismga bo‘lingan holda e'lon qilindi.

«Nigoh-2030» loyihasining besh yilligini nishonlamoqdamiz. Men boshlang‘ich nuqtaga qaytmoqchiman savolni boshqacharoq bersak: Agar avvalgidek neft ishlab chiqaruvchi badavlat davlat bo‘lib qolishda davom etsak, nima bo‘lardi?

– O‘tmishga boqsak, neft Saudiya Arabistoni qirolligiga mislsiz xizmat qilib keldi, lekin barchamiz bilamizki, Saudiya Arabistoni neftdan avval ham mavjud bo‘lgan. Neft keltirgan daromad va yuksalish biz 30- va 40-yillarda ehtiyojimiz bo‘lganidan ancha ko‘p. Binobarin, daromadning va iqtisodiy o‘sishning hajmi biz kutganimizdan ko‘ra yuzlab barobarga ko‘proq bo‘ldi. Bu – Saudiya Arabistoni qirolligining barcha ehtiyojlarini qondiradi, degan taassurot uyg‘otgan edi.

O‘shanda aholimiz 3 milliondan kam edi. Poytaxt Ar-Riyodda esa 150 ming odam yashar edi. Vaqt o‘tishi bilan nufus o‘sib bordi – saudiyaliklar soni hozirda 3 milliondan 20 millionga yetgan. Neft bizning 60-, 70-, 80- va undan keyingi yillardagi ehtiyojlarimiz va yashash tarzimizni qoplab keldi. Biz ayni tarzda davom etsak, aholi o‘sishining bunday sur'ati bilan standart yashash tarzimizni yana 20 yil saqlab tura olardik. Bu – birinchi risk edi. Boshqa tarafdan olib qarasak, biz yaxshiroq darajaga intilishimiz va yanada yuksalish yo‘llarini qidiryapmiz.

Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni qirolligining iqtisodi asosan neftga bog‘lanib qolish riski ham bor. Neft yaqin 40 yoki 50 yilda yaxshigina sinovlarga duchor bo‘ladi.

Cheklangan utilizatsiya, narxlarning qulashi yoki boshqa iqtisodiy silkinishlar bo‘lishi mumkin. Bu birinchi sabab.

Ikkinchi sabab – Saudiya Arabistonida neftdan boshqa bir necha sohalarda juda ko‘p imkoniyat bor. Konchilik, sayyohlik, logistika, sarmoya sohalari – katta imkoniyatlar. Neft borasida muammo chiqmagan taqdirda ham saudlar sifatida mamlakatimizga naf keltirish uchun g‘ayratli va intiluvchan bo‘lishimiz shart. Mana shular bizning «Nigoh-2030»ga intilishimiz va kelajakda ro‘baro‘ kelishimiz mumkin bo‘lgan muammolarni yechish hali tegilmagan imkoniyatlardan foydalanishga rag‘batlantiradi deb o‘ylayman. Biz yuksalishda, gullab-yashnashda va jahon miqyosida raqobatlashishda davom etamiz.

– O‘tgan besh yilda qanday muvaffaqiyatlarga erishildi?

– Muvaffaqiyatlar ko‘p. Avval mavjud eng muhim muammolardan boshlaylik – uy-joy masalasi. Bizda 20 yil davomida hal qilinmagan uy-joy muammosi bor edi. Fuqaro qarz yo uy-joyga subsidiya olish uchun qariyb 15 yil kutishi kerak edi. Biz davlatning puli samarasiz tasarruf etilayotgan ushbu sohani botqoqdan olib chiqdik.

Shuningdek, neftga taalluqli bo‘lmagan sohalardagi iqtisodiy o‘sish biz istagandek emasdi. 2019 yilning 4-choragiga kelib, neftga taalluqli bo‘lmagan sohalarda o‘sish 4,5 foizni tashkil etdi va agar 2020 yilda pandemiya bo‘lmaganida bu ko‘rsatkich 5 foizni tashkil qilgan bo‘lardi.

– Jamoangizni qanday shakllantirasiz?

– Albatta, jamoamizdagilarning xizmati, samaradorligi va qobiliyatlari – asosiy talablar. Eng asosiysi – ishtiyoq. Mas'ul shaxsning ishtiyoqi bo‘lsin. Masalan, [sport vaziri] shahzoda Abdulaziz ibn Turkiy o‘zining lavozimiga juda mos – u sport ishqibozi, sport uning shaxsiy qiziqishi, shunga ishtiyoqmand. Shuning uchun ishtiyoq eng katta motivatsiyadir. Agar ishtiyoqingiz bo‘lmasa, biror narsaga erishishingiz juda qiyin bo‘ladi.

Xuddi shu gaplarni boshqa ko‘plab vazirlarimizga nisbatan ham aytishim mumkin. Istalgan vazirni ayting, men u nimaga ishtiyoqmand ekani va nimaga erisha olishini aytaman.

AA Photo

– Ilgari surilayotgan Jamoat investitsiya fondi bizga nefsiz ham ilg‘or yashay olish imkonini beradimi?

– Saudiya Arabistoni iqtisodiyotida neftning ulushini yo‘qotishni istaydi, degan noto‘g‘ri qarash bor. Unday emas, biz bu neft sektori bo‘ladimi, boshqa sektormi, barchasidan foydalanishni istaymiz.

Tahlillarning aksariyatiga qarasangiz, neftga bo‘lgan talab 2030 yilgacha o‘sishda davom etishi, shundan so‘ng esa 2070 yilga qadar talab bosqichma-bosqich pasaya borishi prognoz qilinadi.

Biz bu yerda neftga talab haqida gapiryapmiz. Ammo masalaga boshqa tomondan, ta'minot jihatdan qarasangiz, neft zaxiralari neftga bo‘lgan talab pasayganidan ko‘ra tezroq tugab bormoqda.

Misol uchun, AQSh 10 yildan keyin neft ishlab chiqaruvchi mamlakat bo‘lmaydi. Bugun AQSh yiliga taxminan 10 mln barrel neft ishlab chiqaryapti, 10 yildan keyin esa bu ko‘rsatkich arang 2 millionga yetadi.

Yiliga 4 mln barrel neft ishlab chiqarayotgan Xitoyda esa 2030 yilga borib neft ishlab chiqarish nolga yoki deyarli ahamiyatsiz darajaga tushib qoladi.

Ayni paytda Rossiya 11 mln barrel neft ishlab chiqarayotgan bo‘lsa, 19-20 yildan keyin bor-yo‘g‘i 1 millionga tushib qoladi. Ya'ni neft taklifining pasayish sur'ati neftga bo‘lgan talab pasayishi sur'atidan ko‘ra ancha tezroq.

Shunday ekan, kelajakda Saudiya Arabistoni jahonda neftga bo‘lgan talabni qondirish uchun ishlab chiqarish hajmlarini oshiradi. Bu juda istiqbolli prognoz, ammo biz faqat bungagina bog‘lanib qolishimiz kerak emas.

– Soliqlar oshirilishiga to‘xtalsak. Shundan boshqa yo‘l yo‘qmidi?

– Siz 15 foiz haqida gapiryapsiz shekilli. Fors ko‘rfazi mamlakatlari kengashi QQSni 5 foiz qilishni kelishib olishgan. Dunyoda eng past QQS bo‘lishi uchun shunday qilingan. Bilasiz, Saudiya Arabistonining uchdan bir aholisi saudlar emas. Bunday sur'atlardagi iqtisodiy o‘sish bilan 2030-2040 yillarga borib xorijliklar va saudlar nisbati 50/50 ga yetishi mumkin. Agar biz QQSni belgilamasak, xususan, sayyohlikning ochilishi va 600 ming sayyohni maqsad qilish bilan sudsidiyalarimiz sizib chiqib ketadi.

Binobarin, 10 foizlik QQS xorijlikka u Saudiya Arabistonida sarflagan naqd puldan naf ko‘rishga kafolat bo‘ladi. Bu pul ularning davlatiga qaytib boradi va ta'lim, sog‘liqni saqlash, infratuzilma yoki hatto oylik maoshlarga, boshqa jabhalarga sarflanishi mumkin.

Endi 15 foizga kelsak... Pandemiya va 2020 yilda dunyo duch kelgan iqtisodiy o‘zgarishlar Saudiya Arabistoni daromadining katta qismiga daxldor bo‘ldi. 2020 yilda neft narxi noldan quyiga tushib ketdi va bu biz uchun katta sinov bo‘ldi. Biz yoki barcha narsani, yoki maqsadlarni o‘zgartirishimiz kerak edi. Yoxud odamlarning ko‘nglini 3-4 yilga olish orzumizga qaytib, so‘ng ularni uloqtirib tashlashimiz yoki qandaydir vaqt oralig‘ida qattiqqo‘l choralar qo‘llab, yana barchasini qaytadan boshlashimiz kerak edi.

Oyliklarni qisqartirish va yordam pullarini bekor qilishning oldini olish choralaridan biri QQSni 15 foizga ko‘tarish edi. Ha, bu ancha keskin chora bo‘ldi. Bu saudlarni ranjitadigan oxirgi ish edi. Birovni ranjitish niyatim yo‘q. Men vatanim ravnaq topishi va fuqarolarimiz gullab-yashnab, shod-xurram yashashlarini istayman. Biroq ular uchun ravnaq topishda davom etadigan kelajakni qurish – mening vazifam. Shu yo‘lda qabul qilingan choralardan biri QQSni ko‘tarish edi. Bu, balki, bir yil, uzog‘i bilan besh yil davom etadi va barchasi yana avvalgi holiga qaytadi.

– QQS tushiriladimi yana?

Ha, biz QQSni 5-10 foiz oralig‘ida qilishga intilyapmiz. Lekin bu pandemiya oqibatlari bartaraf etilib, biz yana balansni ta'minlaganimizdan so‘ng bo‘ladi. Barchasi iqtisodiy vaziyatga bog‘liq – kamida bir yil, ko‘pi bilan besh yil.

Poytaxt Ar-Riyod

– Fuqarolarning daromadiga oid savolni takror bersam: har safar neft narxi ko‘tarilganda energiya narxi ham oshadi. Biz boy davlatmizki, narxlarni ko‘tarsak?

– Biz neft qazib chiqaruvchi davlatmiz, boy davlat emas. Iroq ham, Jazoir ham neft ishlab chiqaruvchi davlatlar. Ular ham boymi? Boy davlatlar daromad, aylanma mablag‘ va aholi soni bilan qiyoslanadi. Biz o‘tgan asrning 70- va 80-yillarida aholi soni kam bo‘lganda boy edik. Hozir esa, 20 millionmiz va tez ko‘payayapmiz.

Agar jamg‘arib qo‘ygan mablag‘imizni asramasak va instrumentlarimiz rasamadini qilmasak, biz kambag‘al davlatga aylanamiz. Biroq biz barqaror farovonlikdan so‘ng bu boshi berk ko‘chadan chiqib ketishimiz darkor.

– Siz, hazrati oliylarining atrof-muhitga bo‘lgan e'tiboringiz nafaqat podshohlik hududida, balki uning tashqarisida ham e'tirof etiladi. Nega Qizil dengiz kabi iqtisodiy imkoniyatlar qo‘ldan boy berilyapti?

– Men bu masalaga atrof-muhitga bo‘lgan munosabat tufayli o‘tmay turibman. Qizil dengizning tarovati – uning tabiatidir. Kelgan sayyoh uning tabiati, toza sohili, tiniq suvi va jonli dengiz hayotidan bahra oladi. Agar siz tabiatni vayron qilsangiz, butun sayyohlik imkoniyatlari barbod bo‘ladi.

Sayyohlik xizmatlari, tadbirlar, arxeologik va tarixiy maskanlar ham tabiat ustiga quriladi. Binobarin, siz sayyohlikni deb eng asosiy ustunlardan birini yiqitgan bo‘lasiz.

Bu – masalaning bir jihati. Boshqa tarafdan qarasangiz, men tengi va mendan kattalar yoshligimizda qum bo‘ronlaridan hozirgiga qaraganda 70-80 foiz kamroq aziyat chekardik. Bir necha kun chang yutib yashash biz va bolalarimiz hayoti uchun nihoyatda xavfli. Bundan bizning sog‘liqni saqlash tizimi ham zarar ko‘radi. Shuning uchun tabiatni avvalgi holiga qaytarmoqchimiz.

Boz ustiga, daraxt ekish so‘nggi 50 yilda 70 foizga kamaydi. «Nigoh-2030»ning maqsadlaridan biri – daraxt ekishni 200 foizga oshirish va avvalgi manzillarimizga qaytish. So‘nggi to‘rt yilda biz bu ko‘rsatkichni 40 foizga oshirdik va qum bo‘ronlarini kamaytirishga erishdik, kislorod ko‘payib, bulutlar soni oshishi evaziga yog‘ingarchilikni ko‘paytirdik. Bu bilan suv sathlari ko‘tarildi va yetarli yomg‘ir yog‘a boshladi.

– Davlat kasalxonalari xususiylashtiriladimi yoki avvalgidek qoladimi?

– Ba'zilari avvalgidek qolishi, ayrimlari xususiylashtirilishi mumkin.

– Xo‘p, shunda har bir fuqaroning sug‘urta polisi bo‘ladimi?

– Biz bunday marraga yeta olmasligimiz mumkin, lekin biz aholining katta qismini davlat shartnomalari orqali qamrab olishga harakat qilyapmiz, xususiy sektor esa, o‘z ishchilarini sug‘urta qiladi.

– Shunda kasbga bog‘liq bo‘lib qolyaptimi?

– Albatta. Biz e'lon qilayotgan sog‘liqni saqlash dasturi orqali bugun qancha, 10 yildan keyin qancha odam sug‘urtalanishini e'lon qilmoqchimiz.

Foto: Reuters

– Hazrati oliylari, tashqi siyosatda sizning falsafangiz qanday?

– Saudiya Arabistoni manfaatlari.

– Bu sizning tashqi siyosatdagi falsafangizmi?

– Shubhasiz. Bizning tashqi siyosatimiz o‘z manfaatlarimiz va xavfsizligimiz ustiga quriladi.

– Ta'sir-chi? Siyosatda ta'sir kuchi nimani anglatadi?

– Ta'sir kuchi bu – manfaatga erishish uchun qudratni harakatga keltirishdir.

– Oq uyga yangi ma'muriyat kelgach, ittifoqchilar – AQSh va Saudiya Arabistoni o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘lmadimi?

– Ikki mamlakat hamkorligida hech qachon yuz foizlik kelishuv bo‘lmaydi, hatto bir-birlariga juda yaqin Ko‘rfaz mamlakatlari o‘rtasida ham. Tomonlarning nuqtayi nazarlarida odatda farqlar bo‘ladi; axir hatto bir oilada yashovchi aka-ukalar ham barcha masalalar yuzasidan yuz foiz hamfikr bo‘lmaydi.

AQShda ma'muriyat o‘zgarishi bilan, albatta, nuqtayi nazarlarimiz o‘rtasidagi farqlar ko‘payishi yoki kamayishi mumkin. Ammo biz Bayden ma'muriyati bilan Saudiya-AQSh munosabatlaridagi masalalarning 90 foizdan ortig‘i bo‘yicha bir to‘xtamga egamiz va umid qilamizki, buni mustahkamlashda davom etamiz.

AQSh – shubhasiz, Saudiya Arabistoni podshohligining strategik sherigi. Ular 80 yildan oshiq vaqtdan buyon bizning hamkorimiz bo‘lib kelishgan. Bu uzoq muddatli hamkorlik ham podshohlik, ham AQShga katta ta'sir ko‘rsatgan. Tasavvur qiling, AQSh 10 mln barrel neftni Saudiya Arabistonidan juda arzon – 3-6 dollar narxda emas, Birlashgan Qirollikdan xarid qilganida, AQSh hozirgi o‘rnida bo‘lmas edi.

– Demak, Saudiya Arabistoni AQShning kuchayishiga hissa qo‘shgan ekan-da?

– Aynan shunday. Agar ular neftni Birlashgan Qirollikdan sotib olishganida, hozir ko‘plab narsalar AQSh uchun boshqacha bo‘lgan bo‘lardi.

Qolaversa, biz tomonimizdan qarasak, agar AQSh neft sotib bo‘yicha shartnomani Birlashgan Qirollik bilan tuzganida, biz ancha kattaroq bosim ostida qolgan bo‘lardik. Chunki Birlashgan Qirollik mintaqadagi ko‘plab mamlakatlarni mustamlaka qilib, o‘z chegaralarini belgilab olgan va bizning ko‘plab umumiy ishlarimizga aralashayotgan edi.

Shu nuqtayi nazardan biz anchagina bosimga duch kelgan bo‘lardik, ammo AQSh bilan shartnoma imzolashimiz podshohlikning AQSh manfaatlaridagi o‘rnini qat'iyan mustahkamladi, bu esa Birlashgan Qirollikni podshohlikka bosim biror bosim o‘tkazishdan oldin o‘ylab ko‘rishga majbur qildi.

Albatta, dunyo – keng, hech qaysi bir davlat ikkinchisiga o‘xshamaydi. 1950-yillarda dunyo iqtisodiyotining 50 foizi birgina AQShga to‘g‘ri kelardi, bugun esa dunyo iqtisodiyotining 20 foizi Qo‘shma Shtatlarga taalluqli.

Hozirda butun dunyo ikkita jahon urushidan keyin muvozanatga kelyapti. Biz ham mintaqadagi strategik hamkorlarimiz, avvalo Ko‘rfaz mamlakatlari, arab mamlakatlari va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan munosabatlarimizni mustahkamlash ustida ishlayapmiz. Shuningdek, dunyo bo‘ylab hamkorlarimiz – AQSh, Fransiya, Yevropa va boshqa davlatlar bilan aloqalarni yaxshilash bilan birga, boshqa hamma – masalan, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Lotin Amerikasi, Afrika mamlakatlari va boshqalar bilan yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqdamiz.

Yaqin Sharq xaritasi (AQSh Kongressi kutubxonasi)

– Eron-chi, janobi oliylari?

– Eron – bizning qo‘shnimiz. Biz xohlaydigan narsa – Eron bilan aloqalarimiz yaxshi va namunali bo‘lsin. Eron bilan o‘rtamizdagi munosabatlar murakkab bo‘lishini xohlamaymiz. Eronning taraqqiy etishi va rivojlanishini istaymiz, boisi Eronda Saudiya Arabistoni manfaatlari bor, Saudiya Arabistonida esa Eron manfaatlari bor, bu manfaat – mintaqada va butun dunyoda farovonlik va taraqqiyotga erishish.

O‘rtamizdagi muammolar ularning ayrim salbiy xatti-harakatlari bilan bog‘liq: ulardagi yadro dasturi, mintaqaning ba'zi mamlakatlaridagi noqonuniy harbiy guruhlarni qo‘llab-quvvatlashlari, ballistik raketa dasturlari shular jumlasidan.

Bu muammolarga yechim topish uchun mintaqadagi va dunyodagi hamkorlarimiz bilan ishlayapmiz. Muammolar yechimini topishga va Eron bilan barcha tomonlarga manfaat keltiradigan ijobiy hamkorlik o‘rnata olishimizga haqiqatan umid qilamiz.

– Eron haqida gapirganda, Yaman haqida to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. Yamanni qanaqa kelajak kutyapti?

– O‘zingiz yaxshi bilasiz, bu – Yaman va Saudiya Arabistoni o‘rtasida ro‘y berayotgan birinchi inqiroz emas. Podshoh Abdulaziz davrida ham ikki davlat munosabatlarida inqiroz bo‘lgan va bu hal etilgan. Keyinchalik esa 1970 va 1980 yillarda munosabatlar yana taranglashib, masala 1990 yillarga kelib hal bo‘lgan.

2009 yilga kelib, uchinchi inqiroz ro‘y berdi. Shunday bo‘lsa-da, biz uni tezda hal etishga erishgandik. Ammo keyin, 2014 yilda xusiylar kengayib, 2015 yil boshida Sano shahriga qadar yetib borishdi va Yamanning qonuniy hukumatini ag‘darishdi. Bu – Yaman va xalqaro hamjamiyat nuqtayi nazariga ko‘ra noqonuniydir.

Hech bir davlat o‘z chegaralarida qonundan tashqari harakat qiladigan qurolli guruhlar turishini istamagan bo‘lardi. Buni na Saudiya Arabistoni, na mintaqadagi boshqa davlatlar va na Yamanning o‘zi qabul qila olmaydi.

Biz buning oqibatlarini Yamanda ko‘rdik. Umidimiz shuki, xusiylar Yamandagi barcha partiyalar bilan muzokaralar stoliga o‘tirib, barchaning huquqlarini va mintaqadagi barcha mamlakatlarning manfaatlarini kafolatlaydigan yechimga keladi.

Bizning o‘t ochishni to‘xtatish va iqtisodiy ko‘mak ko‘rsatish haqidagi taklifimiz hamon amalda, buning uchun xusiylar o‘t ochishni to‘xtatishga va muzokara stoliga o‘tirishga rozi bo‘lishsa bas.

– Bunday qarorga xusiylarning o‘zlari keladimi yoki qarorni Tehron qabul qiladimi?

– Ular biz bilan muzokara stoliga o‘tirishi uchun avvaliga boshqa bir muammo – yadro dasturi masalasini hal etib olishimiz kerak emasmi? Xusiylar va Eron rejimi o‘rtasida kuchli aloqalar borligi shubhasiz, ammo baribir xusiylar – arablar va yamanliklardir. Ular o‘zlarining va o‘z vatanlarining manfaatlarini ustuvor o‘ringa qo‘ya olishadi, deya umid qilamiz.

– 2030 yildan keyin nima bo‘ladi, hazrati oliylari?

– 2040 yil keladi.

– Rejalar-chi?

– 2030 yilda biz dunyoda juda yaxshi statusda bo‘lamiz. Biroq 2040 yil dunyo miqyosida biz uchun haqiqiy kurash bo‘ladi.

– Saudiya Arabistonini muvaffaqiyatga yetaklovchi eng katta omil nima?

– Saudiya fuqarolari.

– Saudiya fuqarolari?

– Fuqarolarimizsiz hozir ilkimizda bo‘lgan narsalarga erisholmagan bo‘lardik, shubhasiz. Ular biz amalga oshirayotgan ishlarga ishonmaganida, turli qiyinchiliklarda yelkadosh bo‘la olishmasdi. Agar ularda oddiy fuqaro, vazir, tadbirkor, xususiy sektor vakili va har qanday kasb egasi o‘laroq islohotlarda qatnashish istagi bo‘lmaganda bizning barcha urinishlarimiz chippakka chiqardi, rejalar esa qog‘ozdagi siyohligicha qolib ketardi.

– Nimadan qo‘rqasiz?

– «Qo‘rquv» so‘zi saudiyalikning lug‘atida yo‘q. Zero saudiyalik hech narsadan qo‘rqmaydi.

– Saudiyaliklar lug‘atida «qo‘rquv» so‘zi yo‘q?

– Shunday deb ishonaman. Biz xavotirga tushamiz, ha, o‘yga tolib qolishimiz mumkin. Lekin xavotirlarni yechimlar bilan bartaraf etamiz. Lekin aminmanki, lug‘atimizda «qo‘rquv» so‘zi yo‘q.

– Fuqarolaringizga yetkazmoqchi bo‘lgan eng muhim so‘zlaringiz nima?

– Davom etish. So‘nggi to‘rt yilda ajoyib yutuqlarga erishdik. 2025 yilgacha undan ortig‘iga erishmoqchimiz. Farovonlikning ma'lum bir darajasidan keyingi darajasiga.

Top