12:58 / 09.06.2021
692
 Buxoroda xorijiy korxonaga ishga joylashni aytib, 10 ming dollar talab qilgan jinoiy guruh qo‘lga olindi

Buxoro viloyatida xorijiy korxonaga ishga kiritib qo‘yishni aytib, 10 ming AQSh dollari talab qilgan jinoiy guruh qo‘lga olingan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Buxoro viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Vobkent tumani, Kulonchi mahallasida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan G‘.S. jinoiy sherigi Toshkent shahri, Bektemir tumanida yashovchi, 1965 yilda tug‘ilgan M.X. ushlangan.

Qayd etilishicha, bu ikki shaxs oldindan jinoiy til biriktirib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qo‘ng‘irot tumanida yashovchi, S.M.ning mulkini aldash va ishonchini suiiste'mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida, uning 4 nafar qarindoshini «Enter engineering» kompaniyasining «Uz.JTL» tarmog‘ida mansabdorlik lavozimida ishlovchi tanishlari orqali ishga joylashtirib qo‘yishni va'da qilgan. So‘ng, S.M. dan har bir qarindoshi uchun 2 500 dollardan, jami 10 000 dollarni pora tariqasida berishga dalolat qilib, 90 million so‘mni Buxoro shahrida olayotgan vaqtda ashyoviy dalil bilan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan G‘.S. va M.X.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «b» bandi va 28, 211-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top