13:46 / 10.06.2021
16149

«Tarixiy yaqinligimiz bugun hayotga ko‘chmoqda» - Dushanbeda muzokaralar boshlandi

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridagi «Millat qasri» («Qasri millat») rasmiy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tmoqda.

Dastlab mehmon sharafiga ikki prezident qarshisida faxriy qorovul saf tortdi. Ikki davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar delegatsiya vakillari bilan ham tanishishdi.

Kutib olish marosimidan so‘ng davlatlar rahbarlarining yakkama-yakka uchrashuvlari boshlandi. Unda prezidentlar davlatlararo hamkorlikning barcha jihatlarini muhokama qilib, uni yanada rivojlantirishning yangi bosqichlarini belgilab olishdi. 

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bu uchrashuvda Markaziy Osiyo hududida xavfsizlik, davlatlararo va hududiy strukturalarning muvofiqlikda ishlashi masalalari ham ko‘rib chiqildi.

«Qabul qilgan barcha qarorlarimiz amalga oshmoqda. O‘tgan davrda ikki tomonlama munosabatlarda ko‘p narsa o‘zgardi. Buni raqamlar ham aytib turibdi. 2017 yilda tovar ayirboshlash 70 million dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yilda, murakkab pandemiya yilida ushbu ko‘rsatkich ilk bor 500 million dollarga yetdi.

Biz ushbu tashrifga juda jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Hududlar forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi, qiymati qariyb 700 million dollar bo‘lgan aniq loyiha va shartnomalar imzolandi. Madaniy-gumanitar aloqalar haqida aytsak, birinchi bor Tojikistonda O‘zbekiston kinosi kunlari muvaffaqiyatli o‘tdi, yaqin orada mamlakatlarimiz yoshlari Farg‘ona vodiysida uchrashadi. Bir so‘z bilan aytganda, tarixiy yaqinligimiz bugun hayotga ko‘chmoqda», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tojikiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni samimiy qutlab, bu tashrifning ahamiyatini alohida qayd etdi. 

«O‘zbekiston bizning strategik sherigimiz va ishonchli qo‘shnimiz. Tojikiston-O‘zbekiston munosabatlari bugun jadal rivojlanayotganidan mamnunmiz. Savdo-iqtisodiy aloqalar kengaymoqda. Madaniy-gumanitar sohadagi o‘zaro munosabatlar mustahkamlanmoqda. Mamlakatlarimiz mintaqaviy xavfsizlik borasida o‘zaro muvofiqlashib, yaqindan hamkorlik qilib kelayotganini alohida qayd etmoqchiman. Bugun siz bilan munosabatlarimizning holati va istiqbollarini hamda xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qilishga tayyorman», deya ta'kidladi Imomali Rahmon.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev o‘zbek xalqi va o‘z nomidan tojikistonliklarni yaqinlashib kelayotgan mustaqillik bayramining 30 yilligi munosabati bilan samimiy qutladi hamda Imomali Rahmonni o‘ziga qulay paytda javob tashrifi bilan O‘zbekistonga taklif qildi.

Tashrif doirasida hamkorlikdagi 30dan ortiq loyihalarga oid hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Top