16:03 / 11.06.2021
9554
Xorazm viloyati IIB Yangibozorda zo‘rlangan voyaga yetmagan qiz ishi bo‘yicha ma'lumot berdi

Xorazm viloyati, Yangibozor tumanida voyaga yetmagan qizning nomusiga tegilgani, tergov 6 oydan beri tugatilmayotgani, gumondorlar ma'lum ekani, jabrlanuvchining ota-onasi ishni bosti-bosti qilinishidan xavotirda ekani haqida xabar bergan edik.

Xorazm viloyati IIB xabariga ko‘ra, Yangibozor tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan 2021 yil 18 fevral kuni Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Mazkur jinoyat ishi yuzasidan hozirgi kunga qadar dastlabki tergovning davom etayotganligi, ishning murakkabligi va dolzarbligi bois holatga aniqlik kiritish maqsadida, bir qancha tergov harakatlarini o‘tkazish bilan bog‘liq tergov zarurati tug‘ilayotganligi, tergov jarayonida bir qancha shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi ko‘zda tutilganligi, ish yuzasidan qonuniy qarorlar qabul qilinishi (shaxsning ayblilik yoki aybsizlik masalasini hal qilish) hamda tergovni har tomonlama, to‘la va xolisona o‘tkazilishini ta'minlash zarurati sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, jabrlanuvchiga nisbatan o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertiza xulosalaridagi holatlarga ham huquqiy baho berish maqsadida, tergov organi tomonidan tegishli tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mazkur jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov davomida belgilangan muddatlarda qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanadi», - deyiladi xabarda.

Top