13:33 / 24.06.2021
14158

Turfa fikrlilik – taraqqiyot asosi. Jamiyatni qoliplashga urinishning samarasizligi haqida

Demokratiya hamisha plyuralizm, ya'ni fikrlar xilma-xilligi bilan bog‘lanadi. Fikrlar xilma-xil bo‘lgan, har kimning fikr bildirish huquqi hurmat qilinadigan jamiyatlar turli mafkuralar qolipiga o‘ralgan jamiyatlardan ko‘ra tezroq rivojlanadi.

Foto: Shutterstock

Turli masalalarda jamoatchilik faollarining fikrlarini berib borayotgan Kun.uz bu gal plyuralizm mavzusiga murojaat qildi.

Mavzu yuzasidan ta'lim, sotsiologiya va menejment sohasi vakillari o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Dunyoning rivojlangan davlatlarida fikrlar xilma-xilligini ta'minlash siyosati ketyapti”

Nodira Isamuhammedova, Buyuk Britaniyaning Lids universiteti magistri, filologiya fanlari nomzodi, onlayn ta'lim bo‘yicha mutaxassis:

VREyYvI43Cy3WYK3xHFScRkixL-9M8ll.jpg (1280×957)

— Insonlarni ma'lum bir qolipga solishni hech bir zamonda hech bir jamiyat uddasidan chiqmagan. Hammamiz insonmiz va bir-birimizni, eng avvalo, o‘zligimizni anglashimiz uchun ham turlichamiz.

Albatta, turli davrlarda, turli elatlarda barchani bir xil fikrlashga majburlash holatlari bo‘lgan. Masalan, o‘rta asrlarda. Yevropada inkvizitsiya, Shimoliy Amerikadagi tub hindu qabilalarini ovro‘palashtirish, sovet tuzumida ateizmni singdirish va boshqalar. Ammo bu harakatlarning barchasi samarasiz, mantiqsiz fojialarga sabab bo‘lgan.

Hozirgi kunda bulardan saboq olgan dunyoning rivojlangan davlatlari fikrlar hilma-xilligini targ‘ib qilishni davlat siyosati darajasiga ko‘tarishgan. Globallashuv davrida hech bir millat yoki davlatning dunyo hamjamiyatidan uzilgan holda yashay olmasligini teran anglab, barcha insonlar bir birlarini yaxshiroq bilishga harakat qilmoqda.

Bugun jamiyat kalta yubka, kalta paypoq, soqol, ro‘mol kabi mayda masalalarga o‘ralashib qolyapti. O‘zimizga o‘zimiz tazyiq o‘tkazyapmiz. Biroq jamiyat a'zolari shu jamiyatda o‘zini erkin his etib, o‘zaro hurmatda, komillikka intilib yashashi zarur.

Madaniy, ijtimoiy, irqiy, diniy va boshqa jihatlari bo‘yicha farqli insonlarga nisbatan diskriminatsiyaga qarshi kurashish, tolerantlik, bag‘rikenglik tushunchalarini anglash va amalda qo‘llash bo‘yicha maktabda, oliy ta'lim muassasalarida hamda aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish kerak.

“Globalizatsiya jarayonida odamlarni ma'lum qolipga solishning imkoni yo‘q”

Zavqiddin Gadoyev, sotsiolog:

— Demokratiya plyuralizm, ya'ni fikrlar xilma-xilligi bilan bog‘lanadi. Qachonki jamiyatda fikrlar xilma-xil bo‘lsa, o‘sha jamiyat gullab-yashnaydi. Ma'lum qoliplarga solingan tarixdagi eng yirik jamiyatlardan biri – sobiq sho‘ro mamlakatlari bo‘lgan. Oxiri parchalanib ketdi. Bugun qoliplashgan jamiyat sifatida Shimoliy Koreyani misol qilib keltirish mumkin. Odamlarning harakati ma'lum kuchlar tomonidan doimiy nazorat qilinadi va buning oqibatida jamiyatda har sohada turg‘unlik hukmron bo‘lib qolaveradi.

Bugun dunyo taraqqiyoti qayerda yuz beryapti? Albatta, qolipdan tashqari fikrlagan, fikrlar xilma-xilligi ta'minlangan jamiyatlarda. Qoliplashgan jamiyatlar esa ular yaratgan mahsulotlarni iste'mol qilishyapti, xolos.

O‘zbekiston misolida aytadigan bo‘lsam, har jabhada qoliplarga egamiz. Ammo, ko‘ryapmizki, bu qoliplar ularning “yaratuvchilari” istaganidek natija bermayapti. Odamlar qoidalarning barchasiga ham to‘liq bo‘ysunavermayapti, qonunlarni hurmat qilmayapti. Masalan, oddiygina yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik darajasi yuqori. Buni haddan ziyod ko‘p sodir bo‘layotgan YTHlar misolida ko‘rishimiz mumkin. Yoki bo‘lmasa korrupsiyaga qarshi qancha ko‘p kurashilmasin, baribir unga qo‘l urilmoqda.

Bunga asosiy sabab qilib, qolipga solib tarbiyalangan odamlar bugunga kelib qoliplarni tan olishmayotganini ko‘rsatish mumkin. Jamiyatda fikrlar xilma-xilligi ta'minlansa, har bir inson fikri inobatga olinsa, fikrlaydigan jamiyat a'zosi har doim o‘zi va jamiyat uchun maqbul yo‘lni qidiradi. Ochiq jamiyatlarda qoliplar qonun ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Odamlar qonun doirasida harakat qiladi va harakatining chegarasi qayergachaligini biladi, mana shu chegarani hurmat qiladi, harakatini shunga moslashtiradi.

Agar jamiyatda chegara qayerdaligini bilmasang yoki chegaraning o‘zi mavjud bo‘lmasa, bu juda yomon. Chunki qonunlar ishlamaydi, sen bu “mumkin emas” xavotiri va tahlikasi ostida yashaysan.

“Odamlarni ma'lum qolipga solib turish kerak, yo‘qsa jamiyatda tartibsizlik vujudga keladi”, degan fikrga mutlaqo qarshiman. Qonunlar ishlagan jamiyatda barchasi tartibli bo‘ladi.

Sharq mamlakatlarida, g‘arbdagidan farqli ravishda, qadriyatlar qonunlardan ustun turadi. Ma'lum bir o‘rinda qolip o‘rnini qadriyatlar bajaradi. Qaysi jamiyat qoliplarni ratsional ishlab chiqadigan bo‘lsa, bu jamiyatda, albatta, rivojlanish bo‘ladi.

Saudiya Arabistonini misol qilib olaylik. U yerda xotin-qizlar huquqi bo‘lmagan. Hozirgi paytda esa aksincha, juda ko‘plab erkinliklar berilyapti. Chunki bugungi globalizatsion jamiyatda odamlarni bir qolipda ushlab turishning umuman imkoni yo‘q.

Sen gapirishlariga yo‘l qo‘ymayapsanmi, u fikrini ijtimoiy tarmoqda bildiryapti, ijtimoiy tarmoqni yopsang, xalqaro nashrlarda o‘z fikrini bildiryapti.

Maslou nazariyasiga ko‘ra, ehtiyojlar qondirilmas ekan, jamiyatda rivojlanish bo‘lmaydi. Fikr bildirish ham bu – ehtiyoj. Inson o‘z fikrining qoliplanishiga chidolmaydi. Mamlakatni tark etayotgan keng dunyoqarash egalari ham shu qoliplarga “sig‘magani” uchun xorijga chiqib ketgan va chiqib ketyapti.

Ta'lim muassasalaridagi majburiy forma masalasiga kelsak, bu faqat O‘zbekistongagina xos emas. Boshqa davlatlar ham bu tizimni joriy etishgan. Bundan maqsad – tengsizlikka barham berish. Aynan maktablarda majburiy forma bo‘lishini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Chunki bola ijtimoiy tenglikni anglagan holda voyaga yetishi kerak.

Oliy ta'lim muassasalarida esa majburiy forma talab qilinishi to‘g‘ri emas. Oliygoh – insonni tafakkur qilishga o‘rgatadigan joy. Maktabdagi tizimni oliy ta'limdayam davom ettiryapmiz: forma kiy, salom ber va hokazo. Oliy ta'limda forma bo‘lmasligi kerak, uning o‘rniga kiyiladigan kiyim axloq talablari darajasida bo‘lgani ma'qul.

“Maydalashgan jamiyat osmonga raketa uchirishni, elektromobillar ishlab chiqarishni, blokcheynni integratsiya qilishni o‘ylab ko‘rmaydi”

Behruz Hamzayev, World Influencers Network asoschisi va “Ziyo forum” fondi direktori o‘rinbosari:

— Andisha – o‘zbek xalqining eng katta dushmani. “Odamlar nima derkin”, degan fikrlar biz uchun muhim jihatga aylanib qoldi. Bu – o‘zbek xalqini taraqqiyotdan to‘xtatib qo‘yayotgan omil.

Dunyo tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, buyuklar o‘z davrida turli tazyiqlarga uchragan, tirikligida ularni tan olishmagan, chunki oqimga qarab emas, balki o‘zgacha fikri bilan boshqalardan ajralib turishgan. Dunyoni o‘zgartiradigan bunday insonlar “non-confirmist” bo‘lishgan.

Hozir biz qilayotgan ishlarimiz hammasi konfirmizm (confirmism) hisoblanadi, ya'ni ma'lum qolipdagi insonlar qilayotgan ishlar.

Bir asrga yaqin sobiq ittifoq belgilab bergan qolip asosida yashadik. Hozir ham bu qoliplar bor, qo‘llaniladi, chunki bundan boshqachasi sinab ko‘rilmagan.

Bir jihatni alohida ta'kidlamoqchiman: o‘zbek xalqi tarixida taraqqiyot cho‘qqisiga chiqqan davr – Buyuk ipak yo‘lining mamlakat hududidan o‘tgan vaqtlardir. Bu Chingizxon bosqinidan oldin va Amir Temur Buyuk ipak yo‘lini qayta tiklagan davrlarga to‘g‘ri keladi. Nima sababdan bu davrda mamlakat rivojlangan? Eng katta sabab – bu zaminda turli millatga mansub insonlar bo‘lishgan. Masalan, Yevropa, Osiyo, Afrika mamlakatlari fuqarolari kelib, savdo-sotiq qilishgan. Buyuk ipak yo‘li nafaqat xalqlar o‘rtasida savdo-sotiqni rivojlantirgan, balki madaniy xilma-xillikni ham ta'minlagan. Eng muhimi, fikrlar xilma-xilligi bo‘lgan. Bu, albatta, taraqqiyotning muhim belgilaridir.

Albert Eynshteynning bir gapi bor: "Biror muammoni hal qilmoqchi bo‘lsang, natija bermasa, yo‘nalishingni o‘zgartir. Bir xil harakat qilib, boshqacha natijani kutish – bu axmoqlik”.

Bundan xulosa qilish kerakki, biz ham biror sohada noto‘g‘ri yo‘ldan ketayapmizmi, demak, masalani hal qilish algoritmlarini o‘zgartirishimiz kerak. Avvaldan yasalgan qoliplar asosida harakat qilish bizni taraqqiyotdan uzoqlashtiradi.

Afsuski, jamiyatimiz o‘ta mayda muammolarga o‘ralashib qolgan. Buni qayerda ko‘rish mumkin? Ijtimoiy tarmoq – jamiyatning mikro modeli hisoblanadi. U yerda asosan odamlar shou-biznes artistlarini nima kiyishi, yeb-ichishigacha muhokama qilishadi. Jamiyatga doir boshqa muhim mavzular bunchalik ko‘p e'tiborga tushmaydi. Albatta, bu ayanchli holat. Maydalashgan jamiyatdan esa rivojlanishni kutish imkonsiz. Maydalashgan jamiyat osmonga raketani uchirmaydi, elektromobillarni ishlab chiqarmaydi, blokcheynni integratsiyasi haqida o‘ylamaydi.

Ming yil oldin ham eski avlod yangisidan rozi bo‘lmagan. Bugungi boshqaruv sohasidagi eski avlod ham yangi avlodni o‘z qolipiga solishga harakat qiladi. Undan oldingi avlod ham shunaqa bo‘lgan, bu – takrorlanuvchi jarayon. Chunki insonlarning tabiati shunday yaralgan, ya'ni o‘zgarishlarni qabul qilishni xohlashmaydi.

Jamiyatda fikrlar xilma-xilligi bo‘lsa, har kimning fikr bildirish huquqi hurmat qilinsa, rivojlana olamiz.

Muhabbat Ma'mirova tayyorladi.

Top