O‘zbekiston | 20:53 / 27.06.2021
20566
13 daqiqa o‘qiladi

Jurnalistika qanday bo‘lishi kerak? - OAV vakillari bilan soha muammolari va istiqbol haqida suhbat

Jurnalist. Bu kasb sizga qanchalik tanish? Uning vazifasi nimalardan iborat? Odamlarning so‘nggi najotkoriga aylangan, hukumat biroz hayiqib turadigan boshog‘riq kasb egalari haqida batafsil bilmoqchimisiz? O‘zbekistonning eng ko‘zga ko‘ringan qalam sohiblari bilan intervyular sizni kutib turibdi.

«Jurnalistman, desam gapirishdan to‘xtab qolishgan»

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi borki, o‘zini jurnalistman, deb hisoblaydi. Lekin axborot makonida turli xildagi feyk va ishonarli ma'lumotlarni saralab, ishonchli ma'lumot yetkazib beradigan insonni jurnalist, deb bilaman. Muammosi bor inson oxiri hech bir ilinj qolmaganida, umidsizlikka tushganida bizga murojaat qiladi.

 Dilshoda Rahmatova, Sputniknews.uz nashri muxbiri​​​​

Jurnalistikani tanlash bolalikdagi orzum bo‘lgan. Mutaxassisligim bo‘yicha rus tili o‘qituvchisiman. Lekin bolalikdagi orzu-istak ustunlik qilib jurnalistikani tanladim. SamDU rus tili filologiyasi fakultetini tamomlaganman. Talabalik paytimda «Erudit» gazetasida shtatdan tashqari muxbir bo‘lganman. Tarjimalar, maqolalar yozib turardim. O‘qishni tamomlaganimdan keyin gazetaga to‘liq stavkada ishlash taklifi kelib tushdi.

Ma'lum muddat Rossiyada yashadim, kareramni tashladim. Oilada to‘ng‘ich farzand edim. Singlimni o‘qitishni o‘z zimmamga olgandim. Uning o‘qishi uchun Rossiyaga birga borganman. Singlimni u yerda o‘qitganimdan keyin jurnalistikaga qaytishga qaror qildim. Ish topib beradigan saytlarga rezyume joylashtirdim. «Ria Novosti» axborot agentligidan suhbatga taklif qilishdi. O‘zimga ishonmadim, cho‘chidim ishlab ketolarmikinman dedim. Singlim sening qo‘lingdan keladi, deb kuch berdi. Xulosa shuki, yoningizda yaqin insonlaringiz bo‘lishi muvaffaqiyatga erishishingizda juda katta rol o‘ynaydi. Hozir sputniknews.uz axborot saytida faoliyatimni olib boryapman. 

Jurnalistman, desam gapirishdan to‘xtab qolishgan vaziyat ham bo‘lgan. Bizdan hayiqib turishadi. Aslida, unday bo‘lmasligi kerak. Alam qiladigani shu. Yaqin insonlarim bilan muloqotda bo‘lganda ular nimanidir aytishsa, buni tekshirib ko‘ramiz, deyman. Bu, albatta, kerakli narsa, ammo ko‘p narsalarni murakkablashtirib yuboramiz. Ba'zida bu fe'lingiz yaqinlaringizni qiynab qo‘yishi mumkin. 

 «Biz kamchiliklarni qidirib, ularni odamlarga ko‘rsatib berishimiz kerak»

 Lola Islomova, Anhor.uz nashri bosh muharriri

Jurnalist, deganda aqlli, qalbi uyg‘oq, atrofdagi voqealarga befarq bo‘lmagan insonni tushunaman. U qanaqadir muammo ustidan chiqsa, shunchaki o‘tib ketmaydi, muammoni har xil burchaklardan ko‘roladi. Bu sohadagi faoliyatim haqida gapiradigan bo‘lsam, dastlab radioda ish boshlaganman. «Grand», «Maxima», «Vodiy sadosi» radiosida ancha yil ishlaganman. Undan so‘ng jurnal ochishga harakat qildim, lekin buni amalga oshirolmadik. Vaqt o‘tib, Anhor.uz'ga keldim, 7 yildan beri bosh muharrir bo‘lib ishlayapman. 

Biz projyektorga o‘xshab kamchiliklarni qidirib, odamlarga ko‘rsatishimiz kerak. Ayrim hukumat vakillari jurnalistlarni dushman sifatida qabul qilishadi. Bu holatga munosabatim shunaqaki, ko‘cha tozalovchilar o‘z ishini bajarishsa, biz bunga normal qaraymiz. Biz ham o‘zimizning ishimizni bajaryapmiz. Agar hukumat vakillariga yoqmasak, demak, bu ularning muammosi. 

 «Butun umr halovatsiz yashashga tayyor bo‘lganlargina jurnalist bo‘loladi»  

 Inobat Ahadova, «Xalq so‘zi» nashri muxbiri​​​​

Har qanday masalaga tanqidiy ko‘z bilan qaraydigan va tahliliy fikrlaydigan insonni jurnalist, deb bilaman. To‘g‘risini aytganda, jurnalist bo‘laman, deb bolaligimdan orzu qilmaganman. Boshqa sohalarga ham qiziqqanman. Ular orasida jurnalistika ham bor edi va bu menda ko‘proq qiziqish uyg‘otgan. Milliy universitet jurnalistika fakultetiga hujjatlarimni topshirdim, o‘qishga kirdim. 4 yildan beri professional jurnalistikada faoliyatimni olib boryapman. O‘qishni tamomlaganimdan so‘ng birinchi bo‘lib O‘zAda ish boshladim. 

Sizning materialingiz ortidan kimningdir og‘iri yengil bo‘lishi katta motivatsiya beradi. Haqiqiy jurnalist odamlarning samimiy rahmatidan kuch oladi. Shu sohani tanlaganimdan keyin o‘qituvchim butun hayotimga ta'sir o‘tkazgan savolni bergandi, haligacha yodimda. O‘qituvchim: «Sen tayyormisan butun umr halovatsiz yashashga?» deb so‘ragandi. Har safar sohada qiyinchilikka duch kelsam, o‘sha o‘qituvchimning savoli esimga tushadi. Butun umr halovatsiz yashashga tayyor bo‘lganlargina jurnalist bo‘loladi. 

 «Jurnalist bo‘lishimga dadam sababchi bo‘lgan»

 Anora Sodiqova, Rost24 nashri bosh muharriri:

Jurnalist har doim nima uchun, degan savolni beradi, har qanday pozitiv ma'lumotniyam aslida shundaymi yoki bir balosi bormi, deb tekshirib ko‘radigan, qitmir, ko‘pchilikka yoqmaydi. U hamma narsaga shubha bilan qarashi kerak. Agar unday bo‘lmasa, nazarimda, u jurnalist emas. 

Kamida 20 yildan beri jurnalistika sohasidaman. Birinchi bo‘lib «Diydor aziz» degan xususiy gazeta ochganman. U vaqtlarda gazetalarning bozori chaqqon edi. Keyinchalik gazetalarni pochta orqali tarqatishda muammolar bo‘lganidan keyin daromad ham kamayib bordi. So‘ng gazetani dia.uz internet saytiga almashtirdim. O‘sha paytda saytda ko‘plab tanqidiy-tahliliy maqolalar berib borardim. Ko‘p qo‘ng‘iroqlar ham bo‘lardi. 

Shundan keyin saytni yopib, O‘zA milliy axborot agentligiga ishga o‘tib ketdim. Abdulla Qodiriy uy-muzeyi yo‘qligi haqidagi materialni yozganimdan keyin ko‘plab yetakchi nashrlar uni qabul qilishmagan. Negaligini bilmayman. O‘sha vaqtlarda O‘zA axborot agentligi tuzilmasida o‘zgarishlar ketayotgandi, shuning bahonasida maqolamni qabul qilishgan. Maqola e'lon qilinganidan so‘ng yil oxirigacha uy-muzeyi tashkil etilishi bo‘yicha bosh vazirning javob xati keldi.

O‘zAda 3 yil ishladim, keyinroq 5 nafar jurnalist yig‘ilib, mustaqil platformamiz bo‘lishini xohladik. Shu asnoda Rost24 internet nashrini ochdik. 

2004 yilda O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlaganman. Undan keyin Ispaniyadagi Malaga universitetida ispan tili bo‘yicha tahsil oldim. JIDUda jurnalistika bo‘yicha magistratura bosqichini tamomladim. Oilada ko‘pchilik qiz bola o‘qishi shartmas, deyishadi. Bizda dadam ko‘proq ijtimoiy-siyosiy masalalar haqida gapirardi. Ular bilan siyosiy mavzularda ko‘p suhbat qilardik. Dadam va men bilan suhbatda bo‘lgan odam men emas, dadam jurnalist ekanligiga ishonadi. 

 «Biz jamiyat sanitarlarimiz»

 Jamshid Niyozov, Kun.uz nashri muxbiri

«Bo‘rini o‘rmon sanitari deyishadi. Nega? Chunki o‘rmonda o‘z ajali bilan nobud bo‘lgan hayvonlar jasadi uzoq vaqt saqlanib qoladigan bo‘lsa, bu atrofga kasallik tarqatishi mumkin. O‘z ajali bilan o‘lgan hayvonlarni yeyish bo‘rining chekiga tusharkan. Shunga qiyosan gapiradigan bo‘lsam, jurnalistlar jamiyatning sanitarlari hisoblanishadi. Siz-u bizga bevosita daxldor bo‘lmasa ham, lekin atrofdagilar, yurtdoshlar hayotiga bevosita daxldor har qanday voqea-hodisaga befarq bo‘lolmaydi jurnalist xalqi.

Jurnalistikada rasman faoliyat boshlaganimga 13 yil bo‘ldi. O‘zMU jurnalistika fakultetini tugatgach, «Vatanparvar» gazetasida ishlay boshlaganman. Undan keyin «Huquq va burch» jurnalida ishladim. Qator internet nashrlarida ishladim. 2019 yildan beri Kun.uz nashrida ishlab kelyapman.  

Litseyda o‘qiyotgan vaqtimda ona tili va adabiyoti fani bo‘yicha respublika bosqichi olimpiadasida g‘olib bo‘lganman. Yoki filologiya, yoki jurnalistika yo‘lini tanlashim kerak bo‘lgan. O‘sha paytda ilmga e'tibor juda abgor holatda edi. Ilm kishilarining hayot tarzi, turmushi haminqadar bo‘lgani uchun bu sohaga kirmay jurnalistikani tanladim. Vaqti kelib jurnalistikani tanlaganimdan afsuslanganman. 2016 yilgacha ham afsuslanganman. Chunki og‘izlar «yopiq» edi. O‘z-o‘zini senzura qiladigan bosh muharrirlar tomonidan tanqidiy materiallarimiz chiqarilmasdi. Oyliklar zo‘rg‘a yetardi, oilamizni to‘liq ta'minlay olmasdik. Shunda nima uchun shunday xor kasbni tanladim, deb afsuslanganman. Hozir esa vaziyat o‘zgardi.

 «Odamlar fikriga ta'sir qila olish jurnalistikaning haqiqiy kuchidir»

 Shuhrat Latipov, Gazeta.uz nashri muxbiri: 

Jurnalist mamlakatda sodir bo‘layotgan hodisalarni obektiv yoritayotgan shaxs. Hozircha «to‘rtinchi hokimiyat» deyishga qiynalaman. Bu sohaga 8 yil oldin sport jurnalistikasi orqali kirib kelganman. Ilk faoliyatimni spors.uz nashridan boshlaganman. Keyinchalik afisha.uz saytida ishlab, filmlar haqida taqrizlar yozganman. 2016 yilda gazeta.uz'ga keldim. Saylovlar paytida siyosiy jarayonlarni yoritishga to‘g‘ri keldi. O‘shandan beri ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarda maqolalar yozishni boshladim. Mutaxassisligim iqtisodiyot yo‘nalishi, Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlaganman. 

Jurnalistning shunday ustunlik tarafi borki, u oddiy inson ko‘rolmaydigan narsani ilg‘ay oladi. Menga bu sohada yoqadigani – kimdir yashirmoqchi bo‘lgan ma'lumotni ochish. Odamlarning fikriga ta'sir qila olish ham jurnalistikaning eng muhim kuchidir. Jurnalistika menga odamlarga yaqinroq bo‘lib kommunikatsiya o‘rnatishga yordam berdi. Ilgari odamlar bilan unchalik muloqotga kirisholmasdim. Sohada ishlaganimdan beri turli toifadagi odamlar bilan suhbatda bo‘lib yaxshi aloqa o‘rnata olyapman». 

 «Hozir ancha erkin gapiryapmiz, ammo bu hamma eshiklar ochiq deganimas, ko‘p mavzularda gapirishga qo‘rqamiz»

 Eldor Asanov, Bugun.uz nashri kolumnistika bo‘limi boshlig‘i:

2005 yilda O‘zMU jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirib, bakalavr va magistr bosqichlarini tamomladim. O‘qib yurgan vaqtlarimda turli gazetalarda ishladim. Uzoqroq ishlaganim «JannatMakon» jurnali edi. Ilm-fanga qiziqish menda kuchliroq bo‘lgan. Tilshunoslikka kirib ketganman. 3 yil davomida shug‘ullanganman. Turli sabablar tufayli jurnalistikaga qaytdim va ikki sohani baravar olib ketishga harakat qilyapman. Ayni vaqtda Bugun.uz nashrida kolumnistika bo‘limi boshlig‘iman. Bundan avval Kun.uz va Daryo.uz nashrida ishlaganman.

Fikrimcha, hali O‘zbekistonda erkin jurnalistika yo‘q. G‘arb, ba'zi rivojlangan Sharq davlatlarida hech qaysi tashkilotga bo‘ysunmaydigan erkin jurnalistlar bor. Tahririyatlar ularning maqolasi uchun yetarli mablag‘ni berishga tayyor. Ular o‘z ishini sotish orqali daromad topishadi. Bizda hali tahririyatlar eksklyuziv maqolaga, fotosuratga pul to‘lashga tayyor emas. 

Faoliyatimga nisbatan ko‘plab jiddiy bo‘lmagan tahdidlar bo‘lgan. Asosan qo‘ng‘iroq shaklida bo‘ladi. Qo‘pol gaplar bo‘lmagan, chiroyli muomala bilan, ehtiyotkor bo‘lishimni aytib tahdid qilishgan. Men unchalik ko‘p e'tibor bermayman bunga. 

Hozir ancha erkin gapiryapmiz, ammo bu hamma eshiklar ochiq deganimas. Hali juda ko‘p mavzularda gapirishga qo‘rqamiz. Ichki senzura yoki norasmiy taqiqlar bor. O‘zbek mediasining umumiy saviyasi meni juda qiynaydi. Hamma ham sog‘lom fikrlarni to‘g‘ri translatsiya qilolmayapti. Men kutganday emas. To‘g‘ri, bu bilan men o‘zimning saviyam yuqori, demoqchimasman. Bu gap menga ham taalluqli. Umumiy saviyaning pastligi janrlar, mavzular taqchilligida, fikrlar bir xilligida ko‘rinadi. Ko‘plab bloger va jurnalistlar original fikrlar aytolmaydi.  

 Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi — Abdusalim Abduvohidov. 

Mavzuga oid