08:26 / 28.06.2021
13709
Buxoroda 10dan ortiq erkakka tanosil kasalligini qasddan yuqtirgan ayol aniqlandi

Buxoroda 10 dan ortiq erkakka tanosil kasalligini qasddan yuqtirgan ayol aniqlandi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Qorako‘l tumanida istiqomat qiluvchi, 1995 yilda tug‘ilgan 26 yoshli ayol 2021 yil 20 may kunidan tanosil kasalligini yuqtirib olgan shaxs sifatida Buxoro viloyati Teri-tanosil kasalliklar dispanseri tomonidan ro‘yxatga olingan.

U tanosil kasalligini boshqa shaxslarga yuqtirmaslik, bunday xatti-harakatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida yozma ravishda ogohlantirilib tilxat olingan bo‘lishiga qaramasdan, joriy yilning 25 may kunidan 6 iyun kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida Jondor tumanida yashovchi 25-30 yoshlar atrofidagi 10dan ortiq shaxslar bilan turli joylarda o‘zining tanosil kasalligiga chalinganini bilgan holda himoya vositalarisiz jinsiy aloqada bo‘lib, bu fuqarolarga tanosil kasalligini yuqtirish yoki yuqtirish xavfi ostida qoldirish jinoyatini sodir qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jondor tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 113-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Hurmatli fuqarolar, bugungi kunda avj olib borayotgan OIV infeksiyasi va shu kabi tanosil kasalligini yuqtirib olmaslik maqsadida sog‘lom turmush tarziga rioya qilib, tartibsiz jinsiy munosabatlarga kirishmasligingizni so‘rab qolamiz. Shunda o‘zingiz, oila a'zolaringiz, yaqinlar va atrofdagilarni tuzatib bo‘lmas yuqumli kasalliklarga chalinishdan asrab qolgan bo‘lasiz”, deyiladi ma'lumotda. 

Top