20:55 / 08.07.2021
9955
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari kamaydi

Jahon moliya bozorida oltin kotirovkalar narxi pasaydi. Bu respublika zaxira aktivlarida oltin miqdori 6 tonnadan ziyodroqqa oshishiga qaramay, uning qiymati sezilarli darajada pasayishiga sabab bo‘lgan.

Foto: Reuters

2021 yil 1 iyul holatiga, O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 34,1 milliard dollarni tashkil etmoqda. Bu haqda Markaziy bank ma'lum qildi.

Taqqoslash uchun, 1 iyun holatida respublikaning rasmiy zaxira aktivlari 35,5 milliard dollarni tashkil qilgan.

Zaxiralarning keskin kamayishiga jahon bozorida oltin narxi pasayishi asosiy sabab bo‘lganini taxmin qilish mumkin.

Chunki o‘tgan bir oy davomida oltin hajmi 11,3 million troya unsiyadan 11,5 troya unsiyaga (taxminan 6,2 tonna) ko‘paygan bo‘lsa-da, uning qiymati 21,4 milliard dollardan 20,2 milliard dollarga kamaygan.

Oltin-valuta zaxiralarini hisoblash metodikasi Xalqaro valuta jamg‘armasi standartlari asosida yuritiladi. O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari tarkibining juda katta qismi xorijiy valuta aktivlari va quyma shakldagi monetar oltindan iborat.

Shuningdek, xorijiy valuta aktivlari ham o‘tgan davr mobaynida 142 million dollarga pasaygan.

Respublika xalqaro zaxiralarida 2021 yilning 1 iyul holatida oltin 20,2 mlrd dollarni, xorij valuta aktivlari esa 13,5 mlrd dollarni tashkil etmoqda.

Ma'lumot uchun, joriy yilning 31 may holati bo‘yicha 1 unsiya oltinning narxi 1904,2 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 30 iyun holatiga ko‘ra, 1778,2 dollargacha pasaygan.

Top