Jahon | 11:38 / 22.07.2021
55125
11 daqiqa o‘qiladi

Pegasus josuslik dasturi. Dunyo bo‘ylab maxsus xizmatlar telefonlarni sezdirmay kuzatgani aytilmoqda

Butun dunyo bo‘lab o‘nlab davlatlar siyosatchilar, jurnalistlar va ijtimoiy faol odamlarning telefonlarini sezdirmay kuzatgan. Bu haqda 17ta nashrning 80 nafar jurnalisti birgalikda olib borgan surishtiruvida aytiladi. Ular orasida Guardian, Washington Post, Haaretz, Suddeutsche Zeitung va Amnesty International kabi nufuzli nashrlar bor.

Tel-Avivdagi NSO Group ofisi / Jack Guez / AFP / Scanpix / LETA

Surishtiruvda aniqlanishicha, Isroilning NSO Group kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Pegasus dasturi orqali maxsus xizmatlar telefonlarni egasiga sezdirmay kuzatgan. Bu korxona 2010 yil Tel-Avivda tashkil etilgan va 2016 yildan boshlab dunyodagi maxsus xizmatlarga dasturlar taqdim etib kelishi ma'lum.

Parijdagi Forbidden Stories notijoriy tashkiloti Amnesty International bilan birgalikda 50 mingga yaqin telefon raqamlari ular ulangan telefon apparatini buzib kirish uchun Isroil kompaniyasiga buyurtma ko‘rinishida yuborilganini aniqlagan. Bu telefonlarning qanchasi buzib kirilgani aniq emas, lekin jurnalistlar raqamlarning mingga yaqini kimga tegishli ekanini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.

Ro‘yxatda 65 nafar top-menejyer, 85 nafar huquq faoli, 189 jurnalist, 600dan ortiq siyosatchi va mansabdorlar, vazirlar, arab davlatlaridagi qirollik oilasi vakillari, advokatlar, ishlab chiqaruvchilar bo‘lgan.

Cho‘ntakdagi ayg‘oqchi

Toronto universitetiga qarashli Citizen Lab tashkiloti ilmiy xodimi Bill Marshak o‘z «ayfon»i buzib kirilganini birinchi bo‘lib sezib qolgan. Chunki u faqat o‘zida mavjud ma'lumot sizib chiqqanini bilib qolgan. VVS bilan suhbatda Marshak bu haqda aytib berdi.

«NSO Group o‘zi ishlab chiqqan Pegasus dasturini o‘nlab mamlakatlarga taqdim etadi. Bilsangiz, avval «ayfon» foydalanuvchilari telefonlarini buzib kirishlari uchun ularga yuborilgan virus havolaga kirishlari kerak bo‘lgan. Bu dastur bilan esa buning hojati ham yo‘q. Hech narsa qilmasangiz va telefoningiz shunchaki stolda yotganida ham buzib kirilgan bo‘lishi mumkin. Bunday bezbetlikka chek qo‘yish, Isroil hukumati va mudofaa vazirligi bu kompaniyani yig‘ishtirib olishi kerak. Umid qilamanki, oshkoralik bunga erishishga yordam beradi», deydi Bill Markash.

Qizig‘i, Isroil kompaniyasi bunday dasturi mavjud ekanini yashirmayapti ham. Uning iddaosiga ko‘ra, dastur faqat inson huquqlarini hurmat qiladigan davlatlarning maxsus xizmatlariga taqdim etiladi va dastur terrorizmga qarshi kurash uchun ishlab chiqarilgan.

«NSO Group o‘z texnikalarini faqat ishonchli hukumatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari va razvedka tashkilotlariga sotadi. Biz faqat sodir bo‘lishi kutilayotgan teraktlarning oldini olish va inson hayotini saqlab qolish maqsad qilingan holatlarda texnikalarimizni sotamiz», deyilgan Isroil kompaniyasi bayonotida.

Isroil mudofaa vazirligi ham holatga munosabat bildirgan. «Agar litsenziya tartibi buzilsa, yoki sotib olgan davlat tomonidan qandaydir noto‘g‘ri amal kuzatilsa, biz kerakli chorani ko‘ramiz», deyilgan vazirlik bayonotida. Unda vazirlik NSO Group mijozlari egalik qilayotgan ma'lumotlarni qo‘lga kiritish imkoni yo‘qligi aytilgan. Mamlakat mudofaa vaziri Beni Gans Isroil kiberxavfsizlik bo‘yicha texnika eksportiga faqat terrorizmga qarshi kurash doirasida ruxsat berishini, Pegasus bilan bog‘liq holat o‘rganilayotganini aytgan.

Pegasus: ommaviy qirg‘in qurolimi?

VVS jurnalisti Grigor Atanesyan:

Telefonlarni Pegasus dasturi orqali buzib kirish yangilik emas. 2011 yildayoq shunga o‘xshash dasturlar jurnalistlar, siyosiy faollar telefonida aniqlangan. Biroq avval Pegasus qaysidir hukumat aniq bir tanqidchisiga qarshi ishlatgan manzilli qurol sifatida ishlatilgan bo‘lsa, hozir holat butunlay boshqacha. 50 mingdan ortiq odamning telefoni haqida gap ketmoqda. Ular orasida 180 nafari jurnalist. Buyurtmachilar orasida har qanaqa davlatni uchratish mumkin: monarxiyalardan tortib demokratik Hindiston va Ruanda, Togo kabi kambag‘al Afrika davlatlarigacha. Tasavvur qiling-a, hujumga uchragan telefonlar soni o‘n minglarda hisoblanmoqda.

Dunyoning bir burchagidagi jurnalist telefoni Pegasus nomli dastur hujumiga uchrayotganidan xabardormikin? Bu esa Isroil hukumatiga bog‘liq. NSO Group kompaniyasi «AMAN» deb nomlangan Isroil harbiy razvedkasining ikki sobiq xodimi tomonidan yaratilgan. Bu korxona kiberkuzatuv texnologiyalari bo‘yicha dunyoda yetakchi hisoblanadi va narxi 1 milliard dollarga baholanadi. U o‘z mahsulotlarini Isroil mudofaa vazirligi bergan litsenziya asosida sotadi.

Dastur ishlatilgan joylar orasida O‘zbekiston nomi ham bor

Buzib kirish uchun buyurtma qilingan raqamlarning aksari 10ta davlatga tegishli: Ozarboyjon, Bahrayn, Vengriya, Hindiston, Qozog‘iston, Meksika, Marokash, BAA, Ruanda, Saudiya Arabistoni.

Washington Post'ga ko‘ra, Citizen Lab bu josuslik dasturi 45ta mamlakatda ishlatilganini aniqlagan. Bu davlatlar orasida O‘zbekiston ham bor. Raqamlarning uchdan biri, ya'ni 15 mingtasi Meksikaga tegishli. Ular orasida suiqasd qurboni bo‘lgan jurnalist Sesilio Pineda ham bor. Uning raqami bazaga o‘ldirilishidan bir necha kun avval kiritilgan. 300ta raqam Hindistonda aniqlangan va hukumat allaqachon odamlarning telefonini kuzatishini rad etgan.

Washington Post aynan Pegasus dasturi orqali 37ta «ayfon» buzib kirilganini aniqlagan. Ulardan ikkisi 2018 yil o‘ldirilgan saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining tanishi bo‘lgan. Ma'lumot uchun, bu qotillikda Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon ayblanadi. Isroilning josuslik dasturi orqali Jamol Qoshiqchi va uning kelinini ham kuzatishgan.

Shuningdek, ro‘yxatda AFP, Wall Street Journal, CNN, New York Times, Al Jazeera, El Pais, AP, Le Monde, Bloomberg, Economist, Reuters kabi yirik nashrlarning jurnalistlariga tegishli raqamlar bor. Qatarning Al Jazira telekanali 30 jurnalisti, ijtimoiy tarmoqdagi postlari uchun qamalgan marokashlik jurnalist Umar Radi ham terrorizmga qarshi ishlab chiqarilgani iddao qilinayotgan josuslik dasturi yordamida kuzatilgan.

Surishtiruv davomida 67ta telefonga Pegasus bilan hujum qilingani aniqlangan. Shundan 23tasi muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. 14ta holatda hukumatlar kuzatuv amalga oshirishni xohlagan, 30ta holatda esa harakat amalga oshmay qolgan. Bunga telefon egalari apparatlarini almashtirgani sabab bo‘lgan. Qizig‘i, ushbu aniqlangan holatlarning birortasida telefon jinoyatchiga tegishli bo‘lmagan. NSO Group litsenziyasiga ko‘ra esa dastur orqali faqat terrorchilar kuzatilishi kerak. Isroil hukumati sotib olgan davlatlarning bunday josusligi uchun jazo qo‘llashini aytgan. Ammo biror marta bunday holat ro‘y bermagan.

Bu josuslik dasturidan faol foydalanilgani aytilgan Vengriyada prezident rasmiylari jurnalistlarning savollariga qo‘rslik bilan javob berishdi: «Bu savolni AQSh, Britaniya, Germaniya, Fransiya kabi davlatlarga ham berdingizmi? Ular qancha vaqtda va qanday javob berishdi?»

Josuslik va bunday texnikalar bo‘yicha ustasi farang hisoblanuvchi MRB sobiq agenti Eduard Snouden bu surishtiruvni yil voqeasi deb atadi. U bunday texnikalarni sotishni taqiqlash kerakligi va Pegasus xodimlari javobgarlikka tortilishi shartligini ta'kidladi. BMT maxsus ma'ruzachisi Devid Key kuzatuv bo‘yicha dastur va texnikalarni sotishga butun dunyo bo‘ylab moratoriy joriy qilish kerakligini aytdi. WhatsApp asoschisi Uill Ketkart esa NSO Group dasturlari inson huquqlarini buzish uchun qo‘llanayotganini ta'kidladi.

Pegasus nima qila oladi o‘zi?

Bu dasturning xavfliligi shundaki, u «ayfon» yoki boshqa turdagi har qanday smartfon oflayn holatda bo‘lganida ham ishlay oladi. Ya'ni Pegasus «vzlom qilgan» telefondan nimadir olish uchun uning internetga ulanishi shart emas. Dastur orqali telefonning kamerasidan kuzatuv amalga oshirish mumkin, uning diktafonidan esa mikrofon sifatida foydalanib, telefon atrofidagi har qanday suhbatni yozib olish mumkin. Telefonga kelgan smslar, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifaga kelgan smslar, lokatsiya, skrinshotlar, telefon galereyasi, xullas har qanday ma'lumot telefon egasi bexabar holda Pegasus dasturidan foydalanayotgan odamlar tomonidan kuzatilishi mumkin. Hatto brauzer xotirasi ham kuzatiladi. Qizig‘i, na telefonga va na messenjerlarga o‘rnatilgan parol buzib kirilgan telefonni Pegasus nazoratidan qutqara oladi. Bunday telefonni kuzatishlaridan faqat uni sindirib yoki tashlab yuborib qutulish mumkin.

Biroq smartfonga simkarta qo‘yilmagan bo‘lsa, masalan, faqat Wi-Fi orqali internetga kirsa, Pegasus'ning unga kuchi yetmaydi. Ya'ni telefonga yo‘l topish uchun asosiy vosita – simkarta.

Elit ro‘yxat: Durov, Makron, Imron Xon

Pegasus haqidagi surishtiruvdan keyin asta-sekin kimlar bu dasturning hujumiga uchragan bo‘lishi mumkinligi haqida ma'lumotlar chiqmoqda. Xususan, Telegram asoschisi Pavel Durovning Telegram akkaunti ulangan raqam Isroil dasturi tomonidan buzib kirilgan bo‘lishi mumkinligi aytildi. Durov bunga javob berishga ham ulgurdi: «2011 yilda Rossiyada yashardim va o‘shandan buyon telefonimga buzib kirishlari mumkinligiga xotirjam qarayman. Telefonimni buzib kirganlar unda hech qanday muhim ma'lumot topa olmay hayron qolishsa kerak».

Isroil kompaniyasi ishlab chiqarilgan dastur orqali Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Pokiston bosh vaziri Imron Xon, Iroq prezidenti Barama Solih, JAR prezidenti Siril Ramafozu, Misr bosh vaziri Mustafo Mabduli, Marokash bosh vaziri Saididdin Usmoni, Marokash qiroli Muhammad oltinchining telefonlari kuzatilgan bo‘lishi mumkin.

Fransiya prezidenti o‘zi, mamlakat bosh vaziri yana bir qator vazirlarning telefonlari eshitilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar chiqqach, bu borada surishtiruv olib borish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Le Monde nashrining yozishicha, Makron 2017 yildan buyon ishlatib kelayotgan telefonini eshitishni Marokash razvedkasi buyurtma qilgan. Marokash hukumati esa buni rad etdi. Fransiya prezidenti administratsiyasi agar bu fakt isbotlansa, oqibati yomon bo‘lishidan ogohlantirdi.

Mavzuga oid