09:01 / 23.07.2021
22076
Kovidli davr: 2020 va 2021 yillar o‘rtasidagi farqlar

So‘nggi ikki yilda koronavirus atamasi shunchalar ko‘p ishlatildiki, go‘yoki hammamiz azaldan bu kasallik bilan kurashib kelgandek tasavvur uyg‘ondi. Aslida bu balo endigina 1,5 yillik o‘tmishga ega xolos. Xo‘sh, dunyo va O‘zbekiston bo‘yicha o‘tgan hamda joriy yil taqqoslansa, qanday o‘xshashlik va tafovutlar ko‘rinadi?

Foto: NEXU Science Communication /Reuters

Dastlabki voqealar

Garchi 2019 yilning so‘nggi kunlarida tarqalishni boshlagan bo‘lsa-da, koronavirusning haqiqiy quloch yozishi 2020 yilning birinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. Aynan mana shu davrda insoniyat yangi tarixidagi ilk pandemiya qayd etildi – koronavirus zabt etmagan biror hudud qolmadi.

O‘zbekistonda bu kasallik rasman 2020 yilning 15 martida qayd qilindi. Dastlabki kunlari bemorlar barmoq bilan sanarli edi. Ularga juda katta e'tibor berildi, eng malakali shifokorlar nazorati ostida davolandilar, tuzalib chiqqanlarida vazir va butun jamoatchilik gullar bilan kuzatib qo‘ydi.

Bemor qayd etilgan uylar yoniga qo‘riqchilar qo‘yildi, u ishlagan butun jamoa karantinga olindi. Chetdan kiruvchilarning hammasi 14 kunlik nazorat ostida bo‘lishdi. 2020 yilda sodir bo‘lgan bu voqealar bugungi kun nuqtayi nazarida biroz g‘alati tuyuladi hatto.

Tarqalish tezligi

2020 yilning iyun-iyul oylari butun tizimni kollaps holiga tushirgan, o‘limlar soni juda ko‘payib ketgan bo‘lsa-da, koronavirusning tarqalish tezligi bo‘yicha 2021 yilning iyul oyiga kelib oldingi rekordlar (yoki antirekordlar) yangilandi.

O‘tgan yilgidan farqli ravishda, statistika yuritishda koronavirus qayd etilganlar hamda pnevmoniya aniqlanganlar jamlab ko‘rsatilishi natijasida 2021 yilning 22 iyulidagi umumiy ko‘rsatkich 1200 kishidan ortib ketdi va ko‘payishda davom etmoqda.

Qarshi choralar

Garchi bu yil kasallik tarqalishi o‘tgan yilgidan tezroq kechayotgan bo‘lsa-da, karantin choralarining qat'iyligi bo‘yicha 2020 yil ko‘proq esda qolgan. Yuqorida aytilganidek, koronavirus aniqlanmagan bo‘lsa-da, o‘n minglab odamlar kamida 14 kunlik karantinga olindi. Buning uchun maxsus zonalar bunyod etildi, ulardan qochganlar jiddiy javobgarlikka tortildi.

O‘tgan yil davomida bir necha marta qat'iy lokdaun kiritildi. Avtomobillar harakatiga qo‘yilgan va bir oydan ortiq davom etgan cheklov natijasida ko‘chalar huvillab qoldi. Poyezd, samolyot, jamoat transporti, hattoki ishga tushganidan beri biror marta to‘xtamagan metro to‘xtab qoldi. Butun bir shaharlar kimsasiz maskanlarga aylandi. Bu tabiiyki o‘z “meva”sini bermay qolmadi – iqtisod misli ko‘rilmagan zarar ko‘rdi.

Tibbiyotdagi holat

2020 yilda, kasallik tarqalishi cho‘qqiga chiqqan kunlarida tibbiyot mavjud vaziyatni eplay olmay qoldi. Ayniqsa, tez tibbiy yordam tizimi katta yuklama ostiga tushdi. Qator shifoxonalar aynan shu kasallikka qarshi kurashga moslashtirildi, taqsimlash markazlari ochildi, bir nechta yangi muassasalar tezkor qurib bitkazildi.

2020 yilning oxiriga kelib esa vaqtincha markazlarning aksariyati yopilib ketdi. Mazkur kasallikka qarshi kurashga ixtisoslashtirilgan Zangiotadagi shifoxonalar deyarli yarmiga bo‘shab qoldi. Hamma kasallik jilovlandi, degan fikrga bora boshladi. Ammo roppa-rosa bir yil o‘tib, 2021 yilning iyun-iyul oylarida hammasi qaytalanmoqda.

Kasallikni qayd etish, shifoxonalarning to‘lib borishi, o‘lim ko‘rsatkichlari yana keskin yuqorilay boshladi. Vaqtincha markazlar faoliyati qayta yo‘lga qo‘yilmoqda.

Ammo o‘tgan yilgidan farqli ravishda qat'iy lokdaun holatiga o‘tilmadi. To‘ylar, umumiy ovqatlanish maskanlari faoliyati, ommaviy tadbirlar cheklangan bo‘lsa-da, transport tizimi harakatlanmoqda, bozorlar ishlab turibdi. Buni ham to‘g‘ri tushunish mumkin – to‘rt devor o‘rtasiga qamalib olish virusni yo‘qotib yubormaydi. Endi faqat bu kasallik bilan kurashibgina yashashda davom etish mumkin.

Odamlardagi kayfiyat

2020 yilda aksariyat aholi katta hadikda yashagan bo‘lsa, 2021 yilda juda ko‘pchilik bu kasallikka oddiy qabul qilib qoldi. Ko‘pchilik yo o‘zi, yo biror yaqin insoni koronavirusga chalingani uchun bu kasallik shubhasiz boshdan kechiriluvchi sinov, deya qaray boshladi. Elementar himoyalanish ham, davlat nazorati ham susayib ketdi.

Ayniqsa ommaviy tadbirlarga, turli festivallarga yo‘l berilgani ortidan jilov butkul yo‘qotib qo‘yildi, vaziyat butkul izdan chiqdi.

Natija ko‘p kuttirmadi – antirekordlar kun sayin yangilanmoqda. Ayni kunlarda hukumat vaziyatni nazorat qilish uchun cheklovlarni qayta qo‘lga qo‘yyapti va bunday cheklovlar ko‘lami yana oshirilishi mumkin.

Eng katta farq

2020 yil va 2021 yil solishtirilsa, koronavirusga qarshi kurash kechgan bu ikki yildagi eng katta farq bu shubhasiz vaksinalarning keng ommaga qo‘llanila boshlangani bo‘ldi.

Lekin bu yerda ham g‘alati paradoks yuzaga keldi – 2020 yilda qachon yaratilishi intizorlik bilan kutilgan vaksinalar 2021 yilda, ya'ni yetib kelishlari bilanoq ishonchsizlik nishoniga aylanishdi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Kechagina mavjud vaziyatdan chiqishning asosiy yoki yagona yo‘li sifatida qaralgan emlash jarayoni bugun vaksinalar bepul berilsa ham, shuncha targ‘ibot ishlari olib borilsa ham juda sust ketmoqda. Vaziyat shu darajaga borib yetdiki, emlanganlar darhol o‘lib qolayotgani yoki uzog‘i bilan ikki yil umr ko‘rishi, turli asoratlar tufayli mayib-majruhlarga aylanishi haqidagi asossiz gap-so‘zlar paydo bo‘ldi.

Eng qizig‘i – bu kasallikning tarqatilishi va vaksinatsiya jarayoni yer aholisini 7 mlrd kishidan 1 mlrd kishiga tushirish istagidagi qandaydir kuchlarning ishi haqidagi qarashlarga jiddiy ishonuvchilar ham paydo bo‘ldi. Albatta, bularning barchasi – tagi puch mish-mish xolos.

2021 hali yakuniga yetgani yo‘q, kasallikka qarshi kurash sarhisobi ham bir necha marta qayta ko‘rib chiqiladi. Ammo shunisi aniqki, aholi ham, nazorat organlari ham 2020 yil xatolaridan kerakli xulosalar chiqara olmagan.

Abror Zohidov

Top