O‘yin taqdiri birinchi bo‘lim yarmidayoq hal bo‘ldi

JCh. Yarimfinal.

«PSJ» – «Real Madrid» (4:0)
Gollar: Ruis (6, 24), Dembele (9), Ramush (87).
«PSJ»: Donnarumma, Mendesh (Kan In, 79), Beraldo, Markinos, Hakimi, Ruis (Emeri, 66), Vitiniya, Nevesh, Xvicha (Barkoli, 59), Dembele (Ramush, 59), Due (Meyulyu, 66).
«Real Madrid»: Kurtua, Fran Garsiya, Ryudiger, Asensio (Militao, 64), Valverde, Bellinghem (Modrich, 64), Chuameni, Guler (Vaskes, 83), Gonsalo Garsiya (Karvaxal, 71), Mbappe, Vinisius (Dias, 65).
Ogohlantirishlar: Chuameni (28), Nevesh (45+2), Karvaxal (73).

Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining «PSJ» va «Real» o‘rtasidagi yarimfinal o‘yini katta afishaga qaramay, intriga yo‘qligi bilan muxlislarning hafsalasini pir qildi. Chempionlar ligasining amaldagi g‘olibi top darajadagi navbatdagi raqibni yo‘ldan oldi. Endi 13 iyul kungi finalda Luisa Enrike shogirdlari «Chelsi» bilan bosh sovrin uchun kurash olib boradi.

Shu kuni «Real»da yangi bosh murabbiy davrida ilk bor Mbappe – Vinisius Juniordan iborat hujum juftligi harakat qildi. Fransiyalik forvard sobiq jamoasiga qarshi o‘yin oldidan kasallikdan tuzalib qaytdi. Habi Alonso «PSJ»ga qarshi o‘yinda Kilianni zaxirada qoldira olmasdi, shu bilan birga, turnir kashfiyoti Gonsalo Torresga ham boshlang‘ich tarkibdan o‘rin topib berdi. «Real» mudofaasida esa, aksincha, yo‘qotishlar bor edi. Chorakfinal o‘yinida Hausen diskvalifikatsiyaga uchragandi, yetmaganiga erkin agent bo‘lganiga qaramay, aynan shu turnirda o‘ynatish uchun pul to‘lab olib kelingan Trent jarohat oldi.

O‘yin boshlanganida, «Real» 4-4-2 sxemasi bilan yarimhimoyada «romb» hosil qildi. Gonsalo Torres Mbappe va Vinisius ortida joylashdi. Ammo himoyalanishda fransuz va brazil hujumchilari ham orqaroqqa tushishdi. Habi Alonso maydon markazini nazorat qilishni, bu yerda «PSJ» futbolchilari to‘pni erkin olib yurishiga yo‘l qo‘ymaslikni istagandi. Ammo markaziy himoyachilarning individual xatolari tufayli «qaymoqranglilar» ustozining rejalari buzilib ketdi. To‘qqizinchi daqiqaga keliboq ikki gol o‘tkazib yuborilganida raqibga kurash taklif etish qiyin bo‘ladi.

Shu bilan birga, «PSJ» hisobni ochishidan oldin ham deyarli 100 foizlik imkoniyatga ega bo‘lgan, madridliklarni Kurtua qutqarib qolgandi. Golli hujum ham chiziqlar orasidan o‘tkazilgan pas bilan boshlandi, «Real» tig‘iz himoyalanayotganiga qaramay, bu pas o‘tishiga yo‘l qo‘yildi. Keyin esa turnirning eng omadsiz futbolchisi nomiga da’vogar bo‘lgan Asensio qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Guruh bosqichida «Al-Hilol» bilan o‘yinda penaltiga sababchi bo‘lgan, keyin esa «Pachuka» bilan o‘yinning 7-daqiqasidayoq qizil kartochka olib, jamoadoshlarini qiyin ahvolga solib qo‘ygan, faqat tarkibdagi muammolar tufayli maydonga tushgan himoyachi to‘pni uzoqlashtirish o‘rniga texnik xatoga yo‘l qo‘ydi va Dembelening pressingi qurboni bo‘ldi. Kurtua raqib hujumchisini yiqitishga majbur bo‘ldi, agar to‘p Ruisga borib tushib, u darvozani ishg‘ol etmaganida baribir penalti qo‘yilgan bo‘lardi.