15:58 / 28.07.2021
6149

Xorijiy diplomlarni tan olish bo‘yicha imtihonlar onlayn efirga uzatilmoqda – Ta'lim inspeksiyasi

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ma'lum qilishicha, xorijiy diplomlarni tan olish bo‘yicha imtihonlar internet tarmog‘ida jonli efirga uzatila boshlandi.

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olishda talabgorlardan olinadigan test sinovlarini internet tarmog‘ida onlayn efirga uzatish bo‘yicha imtihon.tdi.uz saytini ishga tushirdi.

Endilikda ushbu imtihonga qiziqish bildirganlar sayt va inspeksiyaning YouTube’dagi rasmiy sahifasi orqali sinov testlarini onlayn vaqt rejimida kuzatib borishlari mumkin.

Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha sinovlar talabgorlar sonidan kelib chiqqan holda har oyda avvaldan e'lon qilinadigan kunlari o‘tkaziladi.

27-30 iyul kunlari talabgorlar “Huquqshunoslik”, “Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta'minot”, “Iqtisodiyot”, “Qishloq xo‘jaligi, muhandislik, ishlov berish va qurilish” hamda “O‘qituvchilar tayyorlash va pedagogik fanlar” sohalari bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazadi.

Talabgorlarning hujjatlari davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi hamda sinovlar o‘tkaziladigan muddat haqida talabgorlarga xabarnoma yuboriladi.

Test sinovlari jarayonida talabgorlarga kompyuterda 50 ta test topshirig‘i beriladi va 1 soat 40 daqiqa vaqt ajratiladi. Shuningdek, talabgorlar testni yakunlashlari bilan o‘zlari qayd etgan natijalarni bilib olishlari mumkin.

Ijobiy natija qayd etganlar esa xorijiy davlatda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish haqidagi guvohnomalarni tegishliligi bo‘yicha Davlat xizmatlari markazlaridan yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuklab olishlari mumkin. 

Top