09:35 / 29.07.2021
2235

Surxondaryo viloyatida mashina boshqarish huquqi bo‘lmagan yigit sodir etgan YTHda 12 yoshli bola vafot etdi

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida joylashgan Sharg‘un shaharchasida mashina boshqarish huquqi bo‘lmagan 18 yoshli yigit sodir etgan yo‘l-transport hodisasida 12 yoshli bola vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati Kun.uz’ga xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 27 iyul kuni soat 3:45larda Sariosiyo tumani Sharg‘un shaharchasida joylashgan Feruz mahallasi hududidan o‘tuvchi mahalliy yo‘lda odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Sariosiyo tumani «Shohjahon» MFYda yashovchi, 2003 yilda tug‘ilgan A.J. Pikap turidagi «VAZ-24 Niva» mashinasida Toqchiyon-Sharg‘un yo‘nalishida harakatlanayotib, boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘l chetiga chiqib ketib, daraxtga urilgan. Oqibatda mashina boshqaruvida bo‘lgan o‘spirin turli darajada tan jarohatlari olgan. Uning yonida bo‘lgan Sariosiyo tumani «Shohjahon» MFYda yashovchi, 2009 yilda tug‘ilgan 12 yoshli qarindoshi og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonada vafot etgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, mashina o‘spirinning otasiga tegishli bo‘lib, «avariya» sodir bo‘lgan kuni u mashinani so‘roqsiz minib chiqib ketgan. Shuningdek, Sh.J. mashinani qoidalarni buzgan holda katta tezlikda boshqargan.

Qayd etilishicha, mazkur yo‘l-transport hodisasi yuzasidan Sariosiyo tumani IIB YHXB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Top