21:24 / 31.07.2021
42074
Totalizatorni qonuniylashtirish: afsona va haqiqatlar

Asli o‘zbekistonlik, ayni paytda Rossiya fuqaroligini olgan B.Sh. uzoq yillar davomida totalizator o‘yinlariga pul tikkan. U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda totalizatorni qonuniylashtirishning oqibatlari va buning kelishilgan o‘yinlarga ta'siri haqida so‘zlab berdi.

Foto: iStock

“Totalizatorni qonuniylashtirish foyda bermaydi”

— Totalizatorni qonuniylashtirishning birinchi maqsadi – avvalo, bukmekerlik kompaniyalaridan soliq undirish. Bu holat Rossiyada ham yuz bergandi. Ayni paytda mamlakatda ro‘yxatdan o‘tmagan hamma kompaniyalar bloklangan.

Agar totalizator O‘zbekistonda qonuniylashtirilgan taqdirda ham, kelishilgan o‘yinlarga qarshi nimadir o‘zgarishiga ishonmayman. Bunga deyarli yuz foiz aminman. Chunki kontorra qonuniy yoki qonuniy emasligining bunga umuman daxli yo‘q.

O‘zbekistondagi kelishilgan o‘yinlarda qatnashadigan odamlarning aksariyati mamlakat ichida faoliyat olib bormaydi. Ularning vakillari ko‘proq Osiyoning boshqa mamlakatlarida yoki Rossiyada. Chunki O‘zbekistondagi o‘yinlarga cheklov qo‘yilgan, kamdan kam holatlardagina katta pul tikish mumkin. Qaysidir o‘yinga ko‘proq katta pul tikila boshlansa, o‘sha o‘yinning koeffitsiyenti tushib ketadi, yoki o‘sha o‘yinga stavka qilish bekor qilinadi.

O‘zim ham O‘zbekistondagi ba'zi o‘yinlarga qatnashib qolganman. Koeffitsiyentlardan o‘yinning natijasini oldindan bilishingiz mumkin. Shu sababli qonuniylashtirilgan bilan hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi. Hozir shu ish bilan shug‘ullanayotgan odamlar, bundan keyin ham ishini davom ettiraveradi.

“Futbolga investitsiya kiritishni ham oshirmaydi”

— Bir narsaga e'tibor qaratish kerak, totalizator firmalar o‘zbek futboliga investitsiya kiritishi mumkin, ammo bu pullar mamlakat ichida o‘ynayotgan odamlar hisobidan amalga oshiriladi. Yaqinda O‘zbekistonga borib kelganimda guvohi bo‘ldimki, futbolga qiziqmaydigan odamlar orasida ham stavka qilish juda avj olib ketgan.

Hamma faqat yutgan puli haqida gapiradi, ammo hech qaysi biri yutqazgan pullari haqida lom-mim demaydi. Shu sababli, bu juda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.

O‘zbek futboliga totalizator hech qanday foyda keltirmaydi. Odamlar cho‘ntagidan futbolga pul tikishga tayyor bo‘lsa, totalizatorni olib kirishsin. Bukmekerlik kompaniyalari ham ahmoq emas, ular ham bozorni yaxshilab o‘rganib, katta miqdorda pul olib chiqishga amin bo‘lishsagina, mamlakatga kirishadi.

Kompaniyalar qonuniy tarzda ishlashni boshlashsa, ular qonuniy tarzda reklama berishni ham boshlashadi. Bu esa o‘ynaydiganlar sonini karrasiga oshirishi mumkin.

“Agar faqat yutaversangiz, bekmekerlik kompaniya sizni bloklab qo‘yadi”

— Hozir deyarli o‘ynamayman. Vaqtida katta summalarni tikkanman, yutqazganman, ba'zida yutganman. Umumiy hisobda baribir yutqizganman. Birinchi marta 2004 yilda stavka qilganman. Taxminan, 16-17 yildan beri shug‘ullanaman.

Bukmekerlik kompaniyalaridan pul yutish mumkinmi? Yo‘q. Agar siz doimiy darajada yuta boshlasangiz, kompaniya birdaniga hisobingizni bloklab qo‘yadi. Yoki maksimum pul tikishingizni cheklab qo‘yadi, katta miqdorda pul tika olmaysiz. Bu – o‘zimning boshimdan o‘tgan, isbotlangan narsa.

Ularning qoidalariga siz rozi bo‘lsangizgina, pul tika olasiz. Qoidalarida belgilanishicha, kompaniya hisobingizni bloklashi, pulingizni olib qolishi yoki yutug‘ingizni kesib tashlashi mumkin. Registratsiya qilayotganingizda hamma shartiga rozi bo‘lganingiz uchun sudga yoki boshqa tashkilotga arz ham qila olmaymiz.

2004 yildan beri totalizator bilan shug‘ullanaman, dedingiz. Ushbu vaqt davomida O‘zbekistondagi biror bir sportchi, sport murabbiyi yoki shu sohaga aloqador inson sizga murojaat qilganmi?

— Albatta. Bukmekerlik kompaniyalarida O‘zbekiston chempionati berila boshlanganidan so‘ng bu kabi holatlar uchrashni boshladi. Oxirgi 2-3 yil ichida o‘zimga ham murojaatlar bo‘ldi shu masalada. Men O‘zbekiston futbolidan ancha uzoq odam bo‘la turib, bunga duch kelganimni hisobga oladigan bo‘lsak, bu kabi holatlar o‘zbek futbolida ko‘p bo‘lsa kerak.

Bu narsaga e'tibor qaratish kerakki, Oliy ligada ham bunaqa o‘yinlar bo‘lib turadi. Tabiiyki, birinchi ligada bunaqa holatlar juda ko‘p uchraydi. Mening o‘zimga ham birinchi liga jamoasini olishga taklif bo‘lgan. Agar rozi bo‘lsam, taklif qilingan jamoa men xohlagan o‘yinni qilib berishi kerak edi. Ta'kidlashlaricha, ba'zi jamoalar shu yo‘sinda “tirikchilik” qilishyapti. Men rozi bo‘lmaganman bu taklifga.

O‘ylashimcha, maxsus organlar bu narsalarga e'tibor qaratishi kerak. Futbolda kelishilgan o‘yinlarning mavjudligi hech qanday rivojlanishga olib kelmaydi.

“Totalizatordan hech kim foyda bilan chiqmaydi”

— Hozirgacha dunyoda hech kim totalizatordan foyda bilan chiqmagan. Men shuncha yildan beri bunaqa odamni uchratmadim. Agar kimdir men yutganman, desa ham, ishonish kerak emas. U odam yolg‘on gapiryapti. Kontorra hech qachon doimiy ravishda uning pulini yutib kelishingizga imkoniyat bermaydi. Qanaqa natija bo‘lishidan qat'i nazar, kompaniyalar kamida 10 foiz foyda bilan chiqishadi. Siz ketma-ket 10 marta O‘zbekiston chempionatiga pul tikib yutsangiz, hisobingizni bloklab qo‘yishadi.

Oson pul topish ilinjida yurgan odamlarga shuni aytishim kerakki, bu narsadan pul topishning umuman iloji yo‘q. Shuncha yillik tajribamda bunga yuz foiz amin bo‘lganman.

Doston Ahrorov suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top