08:03 / 02.08.2021
14902

Toshkent ko‘chalarida qoidabuzarlikni aniqlovchi yangi qurilma sinovdan o‘tkazilmoqda

Toshkent shahri ko‘chalarida qoidabuzarlikni aniqlovchi yangi qurilma sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xabar berdi.

YPX xodimlariga biriktirilgan xizmat mashinalarining tom qismiga maxsus qurilma o‘rnatilmoqda. Qurilmaning old va orqa tomonida hamda yon tomonlarida kuzatuv kameralari bo‘lib, transport vositasi to‘xtab turgan vaqtda ham, harakat vaqtida ham 360 daraja radiusda haydovchilar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklarni aniqlaydi.

Maxsus transport vositasi to‘xtab turganida va harakat vaqtida o‘zi bilan bir yo‘nalishda va qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport vositalari haydovchilari tomonidan to‘xtash va to‘xtab turish, harakatlanish tezligini me'yoridan oshirish, svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga amal qilmaslik, taqiqlovchi chiroqda to‘xtab turgan vaqtida to‘xtash chizig‘ini bosish qoidabuzarliklari va davlat raqami belgisi orqali avtomobilning qidiruvda ekani yoki yo‘qligini aniqlaydi.

Qurilma qoidabuzarliklarni onlayn qayd etadi va huquqbuzarning yashash manziliga jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror yuboradi. Ushbu qurilma Toshkent shahrida sinovdan o‘tkazilmoqda. Sinov yakunlanganidan so‘ng respublikaning barcha hududlarida amaliyotda qo‘llash rejalashtirilgan.

Avvalroq, Toshkent ko‘chalarida qoidabuzarlikni aniqlovchi yangi moslama sinovdan o‘tkazilayotgani xabar berilgandi.

Top