23:37 / 14.08.2021
35900

«Sotilgan tovar qaytarib olinmaydi». Bu qonuniymi?

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi iste'molchilarning rad etish huquqi va tovar almashtirish/qaytarishdagi muammolar haqida batafsil huquqiy axborot berdi.

Sotib olingan mahsulotlarda kamchilik mavjudligi sabab, ayrim holatlarda esa keyinchalik boshqa iste'mol xossalari mos kelmaganda (o‘lchami biroz mos kelmasligi yoki rangi yoqmasligi) ularni almashtirish uchun sotuvchiga murojaat qilamiz. Ba'zi savdo obektlaridagi «Sotilgan tovarlar qaytarib olinmaydi» qabilidagi yozuvlar yoki sotuvchilarning tovarlarni qaytib olishni rad etishi qanchalik qonunchilikka to‘g‘ri keladi?

Tasavvur qiling, bozordan yoki qaysidir do‘kondan o‘zingiz yoki uydagi farzandingiz uchun oyoq kiyim xarid qildingiz. Lekin oyoq kiyim o‘lchami to‘g‘ri kelmadi yoki rangi sizga ma'qul kelmayapti. Sotib olgan joyingizga qaytib kelganingizda, shunchaki yoki «Sotilgan tovarlar qaytarib olinmaydi», degan yozuv ko‘rsatilib, sizning talablaringiz qanoatlantirilmayapti.

Yoki aytaylik o‘zingiz uchun ko‘ylak sotib oldingiz. Uni uyda qayta kiyib ko‘rilganda sifatsizligidan matosi ham, tikilishi ham narxiga to‘g‘ri kelmasligi ma'lum bo‘ldi. Yoki sotuvchi tomonidan «yuvib-yuvib kiyasiz, hech narsa qilmaydi, bu falon firmaniki… » deb qo‘lingizga tutqazilgan qimmatbaho ust-bosh ham bir yuvilganda rangi chiqib, choklari so‘kilib, kirishib ketib, yaroqsiz holga kelib qolsa-chi? Bunda iste'molchilar qanday yo‘l tutishi kerak?

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining ma'lum qilishicha, savdo sohasiga oid tahlil qilingan murojaatlarning 33 foizini sifatsiz tovarlarni qaytarish va almashtirish bilan bog‘liq holatlar tashkil etadi.

Vazirlar Mahkamasining 75-sonli qarorida belgilanishicha, chakana savdo qoidalarida zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari ro‘yxatiga kiyim-kechaklar kiritilmagan. Uni mavjud tartib-qoidalar asosida belgilangan muddatda sifatlisiga almashtirib olish huquqiga egasiz.

Sifatli mahsulotlar ham almashtirilishi mumkinmi?

«Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasida fuqarolar maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e'tiboran 10 kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga, bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqli ekani belgilab qo‘yilgan.

Bu yerda «maqbul sifatli» deyilmoqda. Ya'ni tovarning hech qanday nuqsonlari yo‘q, u iste'molga yaroqli, sifatiyam yaxshi. Xo‘sh, unda almashtirib olish nimaga kerak, deyishingiz mumkin. Qonunga binoan, iste'molchi sifati yaxshi tovarni ham almashtirib olishi mumkin. Faqatgina bunda unga o‘sha sotib olingan tovarning qandaydir iste'mol xossalari mos kelmagani sabab bo‘la oladi. Siz tufli oldingiz, lekin uning o‘lchami biroz mos kelmadi yoki rangi yoqmadi va boshqa shu kabi holatlar.

Iste'molchining tovarni almashtirib olishga tovar sotib olingan kundan e'tiboran 10 kun ichida huquqi bor. 10 kunlik muddat o‘tib ketgach u bu huquqini ro‘yobga chiqara olmaydi.

Shuningdek, sifatli tovarlar qaytarilganda ular iste'mol qilinmagan bo‘lishi, tovar ko‘rinishini yo‘qotmagan, iste'mol xossalari, plombasi, yorliqlari saqlangan holatda bo‘lishi kerak.

Mahsulot kerakli sifatda bo‘lmagan taqdirda-chi?

Qonunda zarur sifatga ega bo‘lmagan, nuqsonli mahsulotni sotib olgan iste'molchida o‘z huquqlarini himoya qilishga imkon beradigan 5 ta qoida mavjud. Bular quyidagilar:

  • tovarni ayni shunday markali maqbul sifatli tovarga almashtirib berish;
  • tovarni boshqa markali shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini qayta hisob-kitob qilish;
  • tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste'molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash;
  • xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish;

shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash.

Shuningdek, tovarning kafolat muddati yoxud yaroqlilik muddati mobaynida; kafolat muddati va yaroqlilik muddati belgilanmagan tovarlar bo‘yicha olti oy mobaynida; ko‘chmas mulk iste'molchiga o‘tkazilgan kundan e'tiboran 2 yil mobaynida, (agar shartnomada bundan uzoqroq muddat nazarda tutilmagan bo‘lsa) mavsumiy tovarlar uchun O‘zbekiston hukumati tomonidan belgilangan muddat mobaynida aniqlangan bo‘lsa, iste'molchi mazkur huquqlardan foydalana oladi.

Bundan tashqari, sotuvchi aksiya yoki chegirma doirasida sotiladigan tovarda kamchilik mavjudligi to‘g‘risida xaridorni ogohlantirmagan bo‘lsa, nuqsonli tovar sotilganda xaridor tovarni qaytarib berish huquqiga ega. Sotuvchilarning «Aksiya doirasida sotib olingan tovarlar almashtirilmaydi yoki qaytarilmaydi» kabi iboralari qonunga muvofiq emas.

Qanday mahsulotlar qaytarib olinmaydi?

Qonunda maqbul sifatli dori vositalari va tibbiy asboblar, shaxsiy gigiyena buyumlari, attorlik-pardoz tovarlari, to‘qimachilik tovarlari hamda metrlab sotiladigan boshqa tovarlar, tikuvchilik va trikotaj buyumlari (paypoq va qo‘lqop buyumlari), polimer materiallardan tayyorlangan, oziq-ovqat materiallari bilan bog‘liq bo‘lgan buyum va materiallar, maishiy kimyo tovarlari, pestitsidlar va agroximikatlar, mebel, zargarlik buyumlari, avtomototransport vositalari, maishiy elektr tovarlari, shuningdek, hayvonlar va o‘simliklar qaytarib olinmasligi va almashtirib berilmasligi belgilangan.

Aytaylik, siz taroq sotib olgansiz. Taroq shaxsiy gigiyena buyumi hisoblanadi. Siz ana shu taroqni uyga olib kelib, ishlatib ko‘rgach, menga taroqning u yeri yoqmadi, bu yeri yoqmadi degan sabab bilan almashtira olmaysiz. Yoki mebel oldingiz-u, uyga olib keldingiz. Uyingizdagilarga rangi yoqmadi, lekin uni boshqa rangdagisiga almashtirib ololmaysiz (agar shartnoma shartlarida almashtirib olish ko‘zda tutilgan bo‘lsa almashtirib olishingiz mumkin, albatta).

Xulosa

Fuqarolar «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari»ning 1-ilovasida keltirib o‘tilgan ro‘yxatdagi tovarlardan tashqari har qanday nooziq-ovqat tovarini ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga, bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqli. Sotuvchilar esa iste'molchining qonuniy talablarini bajarishga majburdirlar. Sotuvchilar tomonidan «Sotilgan tovarlar qaytarib olinmaydi» qabilidagi yozuvlar qo‘yib qo‘yilishi amaldagi qonun talablariga ziddir.

Top