16:30 / 21.08.2021
435059

Biznesni reklama qilish: ensiklopediya + 33 ta misol

Foto: Unsplash

Instagramda avtodirekt

Ushbu maqola biznesni reklama qilish uchun mos bo‘lgan usullarni tanlab olishga yordam beradi. Bu yerda ularning har birini joriy qilish haqida batafsil yo‘riqnomalar yo‘q. Bu biznesingizni rivojlantirishda nimalarga e'tibor qaratish lozimligini ko‘rsatuvchi «Yo‘l xaritasi»dir.

Dastlab, «yondashuv»

Reklamaning konkret kanallariga o‘tishdan oldin yondashuvni aniqlab olishingiz kerak. Murakkab iqtisodiy atamalardan voz kechib, masalani hayotiy tomondan o‘rganamiz.

Istalgan biznesning maqsadi – foyda olish. Uni barqaror ravishda oshirib borish esa – mukammallik. Shu tufayli, mavzuga doir ushbu videoni tomosha qilishni, so‘ngra qanday sotish haqida bir qarorga kelishni tavsiya etamiz.

Tomosha qildingizmi? Endi taktikaga o‘tamiz. Buning uchun «Nima evaziga mijozlarni jalb qilish mumkin?» degan savolga javob berishingiz lozim.

Buni amalga oshirish usullari yuzlab ekanini bilib oldingiz. Shunga qaramay, nazariyotdan bitta, ammo yaxshi ishlaydigan usul yetarli.

Biroq, hayot nazariya emas, universal yechimlar yo‘q. Shu tufayli bunday qilishni tavsiya etaman: barcha variantlar bilan tanishib, biznesni rivojlantirish uchun mos keladigan g‘oyalarni tanlash, keyinchalik, ularning har birini sinovdan o‘tkazib, eng samaralisini olish.

Kelishdikmi? Unda boshlaymiz. Qulay bo‘lishi uchun rivojlantirishning barcha usullarini 3 ta kategoriyaga ajratamiz:

1. Offlayn

2. Onlayn

3. Ijtimoiy tarmoqlar

A) Offlayn

Reklamaning ko‘plab usullari o‘n, hatto yuz yillik tarixga ega. Ammo ularni mensimaslik, eski narsa deb e'tiborga olmaslik o‘rinli emas. Ba'zi o‘rinlarda ular internetni osonlikcha ortda qoldiradi.

1. Tarqatma material

Zamonaviy poligrafiya sanoatining hamyonbop ekanini hisobga olsak, tarqatma material – mijozlarga o‘zingiz haqida xabar berishning eng arzon usullaridan biri. To‘g‘ri yondashilganda esa ancha samarali.

Demak, nimalarni tarqatish mumkin:

- Vizitkalar;

- Aksiya varaqalari;

- Brend mahsulotlar;

- Sovg‘alar;

- Kataloglar;

- Chegirma kuponlari.

Tarqatmalarning asosiy maqsadi – mijozga sotuvchi haqida eslatib turish. Yo‘l-yo‘lakay firmani atrofdagilarga reklama qilish. Qo‘shimchasiga, mahsulot haqida xabar berish, kontakt ma'lumotlarini tarqatish, takroriy xaridga undash va boshqa ko‘plab jihatlar.

Plyuslar:

- Foydalanishning oddiyligi. Reklama materiallarini tarqatish uchun hech qanday maxsus ko‘nikmalar kerak emas.

- Qiymatining nisbatan pastligi. Bir varaqning narxi atigi bir necha yuz so‘m yoki undan ham arzon.

Minuslar:

- Qamrovning kichik ekani. Albatta, agar siz yuzlab promouterlarni yollab, ularni shahar bo‘ylab taqsimlamasangiz.

- Konversiyaning pastligi. Afsuski, tarqatma materiallarning ko‘pchiligi samara keltirmasligiga tan berishga to‘g‘ri keladi.

2. OAVda reklama

Yaqindagina OAVdagi reklama biznesni rivojlantirish uchun asosiy usul edi. Ayniqsa undan yirik korporatsiyalar bajonidil foydalanishgan.

Biroq, zamon o‘zgarmoqda va OAV asta-sekin mijozlarni yo‘qotmoqda, garchi  pozitsiyasi hamon kuchli bo‘lsa-da.

Ushbu reklama kanallari sizga yaxshi tanish. Shunday bo‘lsa-da, sanab o‘tamiz:

- TV;

- Radio;

- Bosma nashrlar.

Dastlabki 2ta vosita ommaviy bombardimon qilishga o‘xshash – reklamani ekran/radiopriyomnik oldidagi hamma ko‘radi va eshitadi. Garchi TV va radio o‘z segmentatsiyasiga ega ekani haqida bayonot bersa-da, ular mavhumroq.

Bosma nashrlarda vaziyat o‘zgacha. Chunki ularning har birida o‘z auditoriyasi bor va tasodifiy o‘quvchilari kam. Shu tufayli siz tor yo‘nalishdagi nashrda reklama joylashtirib, nishonga aniq urishingiz mumkin.

Plyuslar:

- Qamrovning kattaligi. Ayniqsa, TV orqali reklamani millionlab odamlar ko‘radi.

- Kompaniya imijining mustahkamlanishi. Kichik kompaniyalarga bunday reklamani tavsiya etmaymiz, ammo katta kompaniyalar uchun bu ayni muddao.

Minuslar:

- Reklama berish narxining yuqoriligi;

- O‘zlashtirishning yomonligi.

3. Tashqi reklama

Bunday reklama qamrov katta bo‘lishi uchun odamlar gavjum bo‘lgan joylarda o‘rnatiladi. Yoki maqsadli auditoriya to‘plangan joylarda. Buning uchun qo‘llanadigan vositalar:

- Viveska;

- Bilbordlar;

- Bekatlar;

- Jamoat transporti;

- Ekranlardagi videoreklama.

Tashqi reklamaning samaradorligi 2ta omilga bevosita bog‘liq: joylashgan joyi va esda qolarliligi.

Shu tufayli, tasvir qanchalik kreativ, savdo taklifi qanchalik noyob, yaxshiroq bo‘lsa, ko‘plab odamlar e'tiborini jalb qiladi va budjet xarajatlarini yaxshiroq qoplaydi.

Plyuslar:

- Qamrovning kengligi. Albatta, agar reklama odamlar gavjum joyda o‘rnatilgan bo‘lsa.

- Uzoq muddatli samara. Bilbordlar kompaniyani oylar davomida reklama qilishi va yangidan yangi mijozlarni keltirishi mumkin.

Minuslar:

- Targeting yo‘q. Reklamani atrofdagi hamma odam ko‘radi;

- O‘zlashtirishning yomonligi. Vaziyat TV reklamasiga o‘xshash.

4. Aksiyalar

Mahsulotni sotib olishga lahzalik foydani his qilishdan ham yaxshiroq undaydigan narsa bormi? Shu tufayli dunyo marketologlari biznesni rivojlantirishda ushbu usulni yaxshi ko‘rishadi.

Mana bir qancha ommabop aksiya turlari:

- O‘yinlar yoki sovrinli tanlovlar;

- Tovarlar turiga vaqtinchalik chegirmalar;

- 1+1=3;

- Mavsumiy ommaviy sotuvlar (rasprodaja);

- Qora juma.

Albatta, aksiyani to‘g‘ri o‘tkazish, tovar qiymatini pasaytirish yoki sovrin jamg‘armasiga mablag‘ ajratish ham kerak. Boshqa tarafdan, tovarlarning sotilib ketishi bunday tadbirlarga ajratilgan xarajatni to‘liq qoplaydi.

Plyuslar:

- Tovar aylanmasini oshirish mumkin;

- Har qanday sohada ish beradi.

Minuslar:

- Tovar qiymatining pasayishi oqibatida foyda kamayadi:

- Aksiyaning o‘zini ham reklama qilishga to‘g‘ri keladi.

5. Tadbirlar

Ehtimoliy mijozni qiziqtirishning o‘zi yetarli emas. Qo‘shimcha ravishda, uning bo‘lajak xaridlardagi shubhasini ham tarqatishga to‘g‘ri keladi. Bunda mijozga mahsulotni bepul foydalanishga berib turishdan ham yaxshiroq taklif yo‘q. Buning uchun quyidagi tadbirlarni amalga oshirish mumkin:

- Konsultatsiyalar;

- Degustatsiyalar;

- Konferensiyalar;

- Sinov darslari;

- Master-klasslar.

Bu usullar, ayniqsa mahsulotning obektiv xarakteristikalariga baho berish murakkab bo‘lgan xizmatlar sohasida juda yaxshi ishlaydi. Masalan, raqs maktablari, massaj kabinetlari, chet tili kurslari va hokazolar.

Plyuslar:

- Auditoriyani qiziqtirish. Bunday tadbirlar evaziga pullik mahsulotlarni sotish mumkin.

- Odamlarga qimmat tovarlarni birdaniga sotishdan ko‘ra, ularni bepul master-klass yoki degustatsiyaga to‘plash oson.

Minuslar:

- Tadbir xarajatlari. Har qanday tadbirni odamlarga yetkazish uchun reklama qilishga to‘g‘ri keladi.

- Mehmonlar uchun qiziqarli dastur olib boruvchi yaxshi suxandon yoki spiker kerak.

6. Qo‘ng‘iroqlar

Ustomon sotuvchining qo‘lidagi telefon foyda keltiruvchi mashinaga aylanishi mumkin. Ehtimoliy mijozlarga qo‘ng‘iroq (yoki «sovuq savdolar») orqali quyidagi ishlarni qilish mumkin:

- Bayram bilan tabriklash;

- Teskari aloqa o‘rnatish;

- Izoh to‘plash;

- Aksiyalar haqida xabar berish;

- O‘zini eslatish.

Mijozlarga qo‘ng‘iroq qilish jarayoniga past nazar bilan qaramaslik lozim. Ularning bunga qanday munosabat bildirishidan qat'i nazar. Misol uchun, B2B biznes sohasida qo‘ng‘iroq qilish jarayonisiz ishlab bo‘lmaydi.

Plyuslar:

- Kam xarajatli jarayon. Onlayn-telefoniyani ulash va sotishni darhol boshlash mumkin;

- Shaxsiy muloqot samarasi. Uddaburon sotuvchi bundan o‘ziga foyda keltirishi mumkin.

Minuslar:

- Salbiy qarashlar bo‘lishi. Ko‘plab odamlar bunday qo‘ng‘iroqlarga dushmanlarcha munosabatda bo‘ladilar;

- Yuqori malakali, temir asabli va qat'iy ishonchga ega savdo menejyerlari kerak bo‘ladi.

7. SMS tarqatish va messenjerlar

Bu vosita mijozlar bilan qo‘shimcha muloqot kanali sifatida ajoyib ishlaydi. Uning yordamida buyurtma maqomi haqida xabar berish, belgilangan uchrashuvni eslatish yoki yangi aksiya haqida axborot berish mumkin.

Agar undan yangi mijozlarni jalb qilish uchun foydalanilsa, vaziyat birmuncha boshqacha bo‘ladi. Chunki, spam-reklamaga ko‘pchilik salbiy munosabatda bo‘ladi, demak, undan foydalangan kompaniyaga ham.

Plyuslar:

- Savdoni oshirishga xizmat qiluvchi vosita sifatida juda qo‘l keladi;

- Ommaviy tarqatmada 1ta xabar qiymati tiyinga teng bo‘ladi.

Minuslar:

- Telefon raqamlari bazasini to‘plash kerak;

- Spam jo‘natmalar juda past xayrixohlikka ega bo‘ladi.

8. Partizancha marketing

Bu nafaqat biznesni rivojlantirish usuli, balki tovarni minimal kuch va xarajat sarflab sotishdir. Shu sababli, marketolog-partizan rivojlantirishning an'anaviy usullaridan o‘zgacha tarzda foydalanadi.

Misol uchun, mijozlarni jalb qiladigan xilma-xil usullar ishga solinishi, hatto raqobatchilar reklamasidan o‘z maqsadida foydalanishi mumkin.

Plyuslar:

- Rivojlantirishning bepul yoki kam xarajatli usuli;

- Ko‘plab usullardan foydalanganda Wow samara berishi.

Minuslar:

- Ko‘pincha usulning samaradorligini baholash qiyinligi;

- Bunday reklamaga salbiy izohlarni olish ehtimoli kattaligi.

9. Brend advokatlari

Brend advokatlari – kompaniya xizmatlaridan foydalanuvchi va bu haqda do‘stlariga aytib berishga, internetda ijobiy izoh qoldirishga tayyor odamlar. Bunday mijozlarni ta'sir o‘tkazuvchi agentlar deb ham nomlashadi.

Brend advokatlari uchun ajoyib mahsulot, a'lo darajadagi servis ijobiy his-tuyg‘ularni uyg‘otadi. Agar mahsulot va xizmatlar sifati yuqori bo‘lsa, bunday sodiq mijozlar albatta paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, brend advokatlarini ma'lum texnologiyalardan foydalangan holda tayyorlash ham mumkin.

Plyuslar:

- Reklamaning bepul yoki kam xarajatli usuli;

- Qo‘llashning samaradorligi uzoq muddatda bilinadi.

Minuslar:

- Foydalanish murakkab, chunki mijoz psixologiyasini yaxshilab o‘rganishni talab qiladi;

- Mahsulot sifati va servisni yaxshilash uchun doimiy, tizimli ishlarni rivojlantirib borishga to‘g‘ri keladi.

10. Virtual reallik

Virtual va to‘ldirilgan reallik – kelajak texnologiyalaridir. Kelajak bor joyga marketologlar intiladi, ular insonlarning qiziqishini monetizatsiya qilishga urinadilar.

Afsuski, bu texnologiya qanchalik zo‘r bo‘lmasin, hozircha ommalashmadi. Shu tufayli bu vosita faqat ma'lum bir sohalarda qo‘llanishi mumkin. Masalan, kompyuter o‘yinlari yaratuvchilari tomonidan.

Plyuslar:

- Wow samara;

- Reklama beruvchilar o‘rtasida raqobat pastligi.

Minuslar:

- Reklama yaratishning murakkab va qimmat ekani;

- Biznesning hamma turiga ham mos kelmaydi.

11. Nativ reklama

Bu hozirda juda ommalashgan va mashhur bo‘lgan usul. Nativ reklama — bu ko‘ngilochar kontent ichiga yashiringan format bo‘lib, mijozlar undan bajonidil foydalanishadi.

Bunday qo‘shimchalarni digital resurslarda ham, an'anaviy bosma nashrlarda ham ko‘rish mumkin.

Plyuslar:

- Reklama noan'anaviy tarzda bo‘lgani uchun auditoriya ijobiy taassurotga ega bo‘ladi;

- Nashr yoki resurs mustaqil ravishda materialni tayyorlaydi, bunda siz ishtirok etishingiz shartmas;

- Uzoq muddatli samara.

Minuslar:

- Qiymati yuqori. An'anaviy OAVlarga nisbatan arzonroq, ammo kichik biznes uchun qimmat.

- Uning samaradorligi reklama joylashtiriladigan maydonning to‘g‘ri tanlanishiga bog‘liq.

12. Shaxsiy brend

Marketingda so‘nggi yillarning trendlaridan biri. Uning mazmuni shundaki, kompaniya asoschisi yoki rahbari brend yuzi sifatida ishtirok etadi va uni faol rivojlantiradi.

Masalan, blog yuritadi, konferensiyalarda ishtirok etadi, master-klass o‘tkazadi, intervyu beradi va h.k.

Shaxsiy brendni yaratishni reklamaning faqat offlayn usullariga kiritish noo‘rin. Chunki, ba'zi birovlar uchun ijtimoiy tarmoqlarda ham shaxsiy sahifasini yoki guruhlarni yuritish kifoya.

Plyuslar:

- Auditoriyaning sadoqati kuchayadi;

- Ko‘plab vositalarga nisbatan kam xarajatli.

Minuslar:

- Ko‘p mehnat talab qiladi. Jarayonni boshqa birovga topshirish yoki avtomatlashtirish murakkab;

- Natijaga erishish uchun tizimli va uzoq muddatli mehnat talab qilinadi.

13. Sarafan radio

Sarafan radio uzoq vaqtdan beri samarali vositalardan biri bo‘lib kelmoqda. Insonning muloqotga bo‘lgan ehtiyoji sifatli mahsulotlarni reklama qiladi, biznes hatto bunga aralashmaydi.

Xohlasangiz bunday jarayonni rivojlantirish mumkin. Masalan, do‘stlarini olib kelgan mijozlarga bonuslar berish orqali. Bu usulda jiddiy kamchilik ham bor – mijozlar oqimini nazorat qilishning imkonsizligi. Agar bugun sizga tavsiya orqali 5 kishi e'tiborini qaratsa, ertaga bunday kishilar umuman bo‘lmasligi mumkin.

Plyuslar:

- Rivojlantirishning bepul usuli;

- Ko‘p mehnat talab qilmaydi. Uni joriy qilish ham oson.

Minuslar:

- Oqimni nazorat qilish imkonsiz;

- Usulning samarasi tez orada bilinmaydi.

14. Netvorking

Foydali tanishlarni orttirish — haqiqiy san'at. Ayniqsa, uning ortidan million so‘mlik buyurtmalar kelsa.

Bu B2B sohasida ko‘proq uchraydi. Ammo faqat jismoniy shaxslar bilan ishlaydigan tadbirkorlarga mijozlarni izlashning bunday usuli to‘g‘ri kelmaydi.

Ishbilarmon tanishlarni izlash uchun imkoniyatlar keng: konferensiyalar, seminarlar, o‘rgatuvchi kurslar va treninglar, ishbilarmonlik klublari va b. Buning uchun ko‘p narsa talab qilinmaydi, vizitkalarni to‘plab olish va muloqot uchun ochiq bo‘lish kifoya.

Plyuslar:

- Rivojlantirishning bepul usuli;

- Ko‘p mehnat talab etmaydi.

Minuslar:

- Oqimni nazorat qilishning imkonsiz ekani;

- Usulning samarasi tezda bilinmaydi.

15. Homiylik

Homiylik qadimdan ma'lum bo‘lgan usul. Biroq, hozirgi kunda homiylarda imkoniyat ko‘proq.

Birinchidan, tanlov uchun imkoniyat keng: sport klublari, madaniy dasturlar, ijtimoiy tashkilotlar — ularning hammasi moliyalashtirishga muhtoj. Buning evaziga bajonidil sizni reklama qilishadi.

Ikkinchidan, homiylik faqat yirik korporatsiyalar ishi deb o‘ylamaslik kerak. Uni har qanday budjet bilan boshlash mumkin.

Misol uchun, logotipingiz tushirilgan formaga buyurtma bering va uni maktab komandasiga sovg‘a qiling. Natijada, kompaniyangizni yosh sportchilar ota-onalariga reklama qilasiz.

Plyuslar:

- Kompaniya imiji yaxshilanadi;

- Qamrovning kengligi;

- Uzoq muddatli samara.

Minuslar:

- Samarani aniq baholashning murakkabligi;

- Jiddiy moliyaviy xarajatlar zaruriyati.

B) ONLAYN

Endi internet-reklamaga o‘tamiz. Bu yerda tanlanadigan vositalar miqdori oz emas. Internetsiz hozirgi zamonni tasavvur etib bo‘lmaydi. Internet-marketing haqida qisqa ma'lumot beramiz.

1. Sayt

Tashkilot saytining yo‘qligi ehtimoliy mijozlarda shubha uyg‘otadi. Bundan tashqari, veb-sahifani yaratish bugungi kunda juda oson bo‘lib qoldi. Hatto buning uchun dizayner va dasturchi ham kerak emas. Saytni konstruktorda yaratish mumkin.

Plyuslar:

- Shaxsiy resursingiz. Qonun taqiqlamagan istalgan narsani joylashtirish mumkin.

- Oddiylik. Dasturlashni bilmagan kishi ham, konstruktor orqali sayt yaratishi mumkin.

- Konversiyani oshiradigan instrumentlarni o‘rnatish imkoniyati: tanlash formalari, onlayn-chatlar, qayta aloqa vidjyetlari va h.k.

Minuslar:

- Trafiksiz ishlatishning imkoni yo‘q.

- Yaratish, xostingda joylashtirish, qo‘shimcha servislar uchun xarajatlar.

2. SEO

Qidiruv tizimlaridagi organik trafik hamon onlayn-reklamada muhim ahamiyat kasb etadi. Sababi shuki, u kontekst yoki media reklamaga qaraganda bepul. Bundan tashqari, mahsulotingizni izlayotgan va qiziqish bildirayotgan mijozlar saytga kiradi.

Ammo hozirgi vaqtda SEO inqirozga uchragan. Chunki qidiruv tizimlari yildan yilga saytlarni tabaqalashtirishning mukammal tizimini joriy qilmoqda. Shu sababli, qidiruv natijalarini manipulyatsiya qilish murakkablashmoqda.

Plyuslar:

- Qidiruvning bepul trafigi — saytga kiruvchilar sonining barqaror manbasi.

- Uzoq muddatli samara. Sayt, top qidiruvga tushsa, katta ehtimol bilan u yerda uzoq va barqaror bo‘ladi.

Minuslar:

- Uzoq muddatli. Qidiruv orqali reklama qilish jarayonida faqat kompleks yondashuv va vaqt (bir necha oygacha) samara beradi.

- Qidiruv tizimlarining murakkab algoritmi tufayli hech kim sizga natija 100 foiz bo‘lishini kafolatlay olmaydi.

3. Kontekst reklama

Qidiruv tizimlaridagi reklamaga qaraganda kontekst reklama ko‘p vaqtni olmaydi. Chunki kampaniya ishga tushirilgach, saytingiz qidiruv natijalarining yuqori satridan bir necha soat davomida joy oladi. Albatta buning uchun pul to‘lash lozim.

Uning narxi esa sohaga va raqobatchilar miqdoriga bog‘liq. Misol uchun, ba'zi ishbilarmonlar e'londagi bitta klik uchun o‘n minglab berishga tayyor. Shu sababli, Yandeks.Direkt yoki Google Adwords bilan yaxshi tanishib olish raqobatchilar oldida ustunlikni berishi mumkin.

Plyuslar:

- Tezkor natija. Agar mahsulotga tezkor buyurtma olish kerak bo‘lsa, lending + kontekst reklama – ideal variant;

- Trafikni nazorat qilish imkoni borligi. Reklamani xohlagan vaqtingizda yoqish yoki o‘chirishingiz mumkin.

Minuslar:

- Murakkablik. Barcha sozlamalarni o‘rganib olish uchun ko‘p vaqt sarflanadi. Yoki reklamani boshqaruvchi direktologni pulga yollashingiz mumkin;

- Xarajatlarning kattaligi. Ko‘plab sohalarda raqobat shunchalik kuchliki, klikning narxi savdodan tushgan foydani yeb yuboradi.

4. Media reklama

Media reklamani Yandeks.Direkt yoki Google Adwords yordamida ishga tushirish mumkin. Biroq, foydalanuvchilar bilan muloqot prinsipi o‘zgacha bo‘ladi.

Ehtimoliy mijozlar internet kengliklarida reklamani quyidagi shaklda ko‘radilar:

- Grafik bannerlar;

- Matnli yoki matnli-grafik bloklar;

- Videoroliklar.

Bunday reklamalar Google yoki Yandeks hamkorlari saytlarida joylashtiriladi.

Biznesni bunday reklama qilishda 1 klik yoki 1 mingta namoyish uchun pul to‘lanadi. Ko‘pincha media reklamadan retargeting uchun foydalaniladi.

Plyuslar:

- Keng qamrov. Reklama tizimlarida reklama joylashtiriladigan millionlab hamkor saytlar bor.

- E'lonni kalit so‘zlar, qiziqishlar, manzil va boshqa kriteriyalar orqali targetlash imkoniyati.

Minuslar:

- Sovuq trafik. Odatda media reklama orqali jalb qilinadigan mijozlar konversiyasi kontekst reklamadan yomonroq.

- Sozlamalarning murakkabligi. Maxsus bilim va ko‘nikmasiz budjetni bir necha soat ichida sarflab yuborish va natijaga erishmaslik mumkin.

5. Tizer reklama

Tizer ingliz tilidan tarjima qilinsa — qitiqlash yoki og‘dirish degan ma'noni beradi. Ya'ni, bunday reklamaning maqsadi — mijozning e'tiborini qaratish va klik qilishga majburlash. Buning uchun provokatsion sarlavhalar, noan'anaviy suratlar, shov-shuvlar, janjallar va boshqalar qo‘llanadi.

Tizer tarmoqlar saytingizga juda ko‘p, ammo, afsuski, sifatli bo‘lmagan trafikni jalb qiladi. Chunki foydalanuvchi tizerga shunchaki qiziqarli bo‘lgani uchun klik qiladi. Shu tufayli, tovar sotib olish ehtimoli juda past.

Plyuslar:

- Arzon trafik, ayniqsa, media va kontekst reklama bilan taqqoslaganda;

- Tizer tarmoqlari jalb qiladigan mijozlar oqimining kattaligi.

Minuslar:

- Trafik sifatining pastligi;

- Budjetni bekorga sarflab yuborish ehtimoli.

6. Onlayn-kataloglar

Tovar va xizmatlarni saytsiz yoki ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlarsiz sotish mumkinmi? Albatta.

Buning uchun taklifni tovarlar agregatori yoki e'lonlar taxtasiga joylashtirish lozim. Bunday saytlar internetda juda ko‘p. Masalan, olx.uz.

Bunday saytlarda turli sohalardagi ko‘plab servislar taklif etiladi: tovarlar, ko‘chmas mulk, avtomobillar va hatto ovqat yetkazib berish. Bunday e'lonlar orqali tovar va xizmatlaringiz uchun yuzlab buyurtmalar tushishi mumkin.

Plyuslar:

- Tezda va katta hajmda sotish imkoniyati.

- Kam xarajat. Har bir servis o‘zining monetizatsiya modeliga ega va shu tufayli joylashtirish shartlari turlicha.

Minuslar:

- Sayt qoidalariga qaramlik. Kataloglar orqali sotishda savdo maydonchasining qoidalarini to‘liq qabul qilasiz va o‘z saytingizni rivojlantirmaysiz.

- Sotuvchilar orasidagi raqobat. Buyurtma olish uchun magazinlar ro‘yxatidan sifatli ajralib turish kerak.

7. Email marketing

Internet-marketing tug‘ilgan paytlari email tarqatmalar eng samarali vositalardan biri edi. Vaqt o‘tgan sayin tarqatmalar soni oshdi va foydalanuvchilar ularni kam o‘qishni boshladilar, samaradorlik ham pasaydi.

Bugun yirik kompaniyalar email marketingdan foydalanib kelmoqda. Kichik kompaniyalar uchun bunday vosita bazani to‘plash va tarqatmani amalga oshirish xarajatlarini oqlamasligi mumkin.

Plyuslar:

- Mahsulotlarni avtomatik tarzda sotuvchi avtovoronka yaratish imkoniyati;

- Mijozga muntazam sotish imkoniyatini beruvchi uzoq muddatli kommunikatsiya.

Minuslar:

- Tarqatmalarni yaratish jarayonining ko‘p mehnat talab etishi;

- Xatlarning kamdan kam ochib o‘qilishi;

- Obunachilar bazasini to‘plash xarajatlari.

8. Virusli roliklar

Kreativ yondashuv reklamaga xarajat qilmasdan ham sotish hajmini oshirishi mumkinligi bo‘yicha yorqin misol. Telefonga olingan virusli video TV orqali reklamadan ham ko‘proq qamrovga ega bo‘lishi mumkin. Odamlar uni do‘stlariga ulashib, reklamangizni tarqatishadi.

Afsuski, bunday roliklardan yuzdan biri nishonga tegadi. Muvaffaqiyatli virusli rolik yasashning ma'lum bir retsepti yo‘q. Boshqa tomondan, bu vositadan foydalanishga urinib ko‘rish orqali hech narsa yo‘qotmaysiz.

Plyuslar:

- Tatbiq etishning osonligi. Rolikni tayyorlash uchun mobil telefon yetarli.

- Virusli samara, hech qanday xarajatsiz keng qamrovni keltiradi.

Minuslar:

- Natijaning mavhumligi;

- Aks ta'sir berishi — salbiy holatlar bo‘lishi ham mumkin.

9. Reputatsion marketing

Oldingi mijozlarning tajribasi — odamlarni tovar sotib olishdan oldin shu narsa qiziqtiradi. Shu tufayli ijtimoiy tarmoqlarda brendning obro‘yi haqida qayg‘urish shart.

Va bir vaqtning o‘zida 2ta yo‘nalishda ishlash lozim: salbiy izohlarni silliqlashtirish va mamnun mijozlarni ijobiy tavsiya qoldirishga undash.

Albatta, reputatsion marketing o‘z-o‘zidan sizga yangi mijozlarni keltirmaydi. Biroq, boshqa vositalarning konversiyasini keskin ko‘paytirishi mumkin. Shu tufayli uni e'tibordan chetda qoldirish yaramaydi.

Plyuslar:

- Kompaniyaning tarmoqdagi obro‘yini mustahkamlaydi;

- Savdo hajmini oshiradi.

Minuslar:

- Ko‘p mehnat talab qiladi. Obro‘ni mustahkamlash uchun monitoring va doimiy harakatlar talab qilinadi.

- Yangi mijozlarni keltiruvchi asosiy emas, yordamchi vosita hisoblanadi.

10. Vebinarlar

Vebinar o‘tkazish — infobiznesning asosiy ko‘nikmalaridan biri. Ularning yordamida ehtimoliy auditoriyani yig‘ish, mahsulotning afzalliklari haqida xabar berish va uni sotish uchun buyurtma to‘plash mumkin. Muhimi, spiker efirni yaxshi olib borishi va ishonchli tarzda gapirishi lozim. Texnik tomondan bunday translatsiyani olib borish qiyinmas. Vebinarlarni o‘tkazishni osonlashtiruvchi maxsus servislar ham bor.

Plyuslar:

- Spiker qayerda bo‘lishidan qat'i nazar, dunyo bo‘ylab auditoriya bilan ishlash imkoniyati;

- Bepul mahsulot uchun mijozlarni to‘plash osonligi.

Minuslar:

- Vebinarlar ko‘p vaqtdan beri o‘tkaziladi va auditoriya me'dasiga tegib ulgurgan;

- Ehtimoliy mijozlarni qiziqtirish uchun efirni sifatli o‘tkazish muhim.

11. Kontent-marketing

Kontent-marketing bugungi kunda tobora ommalashib bormoqda. U orqali maqsadli auditoriyaga foydali va qiziqarli kontent yaratiladi va tarqatiladi. Kontent formati turlicha bo‘lishi mumkin: maqola, chek-varaqlar,  infografika, videorolik va b.

Eng muhimi bu auditoriya uchun qiziqarli bo‘lishi kerak. Kontent-marketingdan to‘g‘ri foydalanish orqali saytingiz juda katta organik trafikka ega bo‘ladi. Ammo oldin yaxshilab ter to‘kishga to‘g‘ri keladi.

Plyuslar:

- Auditoriyaning brendga moyilligi oshadi;

- Organik trafik tabiiy ravishda o‘sadi.

Minuslar:

- Uzoq muddatli samara. Uning mevalarini sezish uchun oylar, hatto yillar kerak bo‘ladi;

- Ko‘p mehnat talab qiladi. Sifatli kontentni yaratish uchun ko‘p urinishga to‘g‘ri keladi.

V) IJTIMOIY TARMOQLAR

Ijtimoiy tarmoqlardagi reklamaga alohida e'tibor qaratish zarur. 10 yil oldin bunday resurslar biznes uchun qiziqarli bo‘lishiga kamdan kam odam ishongan edi.

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda guruh ochib, millionlab savdo qilish mumkin. Nimalar evaziga bunga erishish mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

1. Target reklama

Sayt yoki guruhlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali reklama qilishning eng ommabop vositalaridan biri. Har qanday biznesga mos keladi.

Uning yordamida istalgan narsani reklama qilish mumkin: onlayn-kurslardan tortib, ko‘chmas mulk savdosigacha.

Ko‘plab sozlamalar borligi tufayli, mijozlarni jinsi, yoshi, qiziqishi, yashash joyi, daromad darajasiga qarab filtrlash mumkin. Bu esa maqsadli auditoriyaga reklama berish imkonini yaratadi.

Plyuslar:

- Natijani tezkor olish mumkin;

- Trafik miqdorini oson nazorat qilish mumkin.

Minuslar:

- Raqobatning kuchli ekani;

- Reklama namoyishini birdaniga samarali sozlash qiyinligi.

2. Blogerlar yoki fikr liderlarida reklama

Bugungi kunda bir kishi yirik OAVga qaraganda ko‘proq auditoriyaga ega bo‘lishi mumkin. Shu tufayli blogerlardagi reklama millionlab so‘mga baholanishi ajablanarli emas. Ammo bu reklamaning bunday turi faqat yirik budjetli kompaniyalar hamyoniga mos degani emas.

Chunki, obunachilar soni ketidan quvmasdan, unchalik mashhur bo‘lmagan, biroq, tor sohadagi blogerlarga murojaat qilish ham mumkin. Ularda reklamani joylashtirish arzonroq va samaraliroq bo‘ladi.

Plyuslar:

- Katta qamrov. Deyarli OAVdan qolishmaydi.

- Mashhurlik. Blogerlardagi reklama hamon o‘sib borayotgan trend.

Minuslar:

- Samarasini hisoblash murakkab. Ayniqsa, bloger saytingiz havolasini joylashtirishga rozi bo‘lmasa.

- Blogerni tanlashdagi qiyinchiliklar. O‘zingiz uchun qiziqarli kanallarni tanlab olib, ularning har biri bilan reklama joylashtirish haqida kelishib olishingiz lozim.

3. Boshqa guruhlardan post sotib olish

Ijtimoiy tarmoqlarda reklamaning keng tarqalgan usuli bu boshqa pablik va guruhlardan post sotib olish hisoblanadi.

Sotib olingan postlarning samarasi ko‘plab omillarga bog‘liq: guruh mavzusiga, joylashtirish vaqtiga, obunachilarning faolligiga va ularning miqdoriga. Shu tufayli, bunday reklamada pablikni tanlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Plyuslar:

- Kam xarajatli. OAVga qaraganda millionlab obunachilarga ega pablikda reklama joylashtirish arzonroq bo‘ladi.

- Oddiylik. Postni tayyorlab, pablik ma'muri bilan bog‘lanish kifoya.

Minuslar:

- Natijani bashorat qilish qiyin. Joylashtirish o‘zini oqlashi mumkin, shuningdek, umuman samara bermasligi ham mumkin.

- Qamrovning pastligi.

4. Tanlovlar

Ijtimoiy tarmoqlardagi tanlovlar — mijozlarni jalb qilishning yaxshi usullaridan biri. Ular guruhga yangi obunachilarni jalb qilish uchun mo‘ljallangan va ularning bir qismi tovarga qiziqish bildirishi mumkin.

Buning uchun, tanlov shartiga ko‘ra, mijoz guruhga a'zo bo‘lishi va yozuvni repost qilishi lozim.

Tanlovning samaradorligi ijtimoiy tarmoqning turiga, sovrinning qimmatligiga va sohaga bevosita bog‘liq. Biznesning ba'zi sohalari uchun bu vositani umuman qo‘llab bo‘lmaydi, masalan, B2B sohasiga.

Profilni reklama qilish jarayoniga o‘yin elementlarini qo‘shib borishni unutmang. Masalan, faollik uchun ball qo‘shing, so‘ngra sovg‘a bering. Sizga ham yaxshi, obunachilar ham mamnun.

Plyuslar:

- Kam xarajatli. Umuman reklama budjetisiz ishlash mumkin, sovg‘a esa tannarxiga ketadi.

- Tezkor joriy qilish. Tanlov o‘tkazish uchun 1 soat ham sarflanmaydi.

Minuslar:

- Auditoriya sifatining pastligi. Ko‘pchilik yangi obunachilar «bepul sovg‘a ketidan quvib yuruvchilar» toifasiga mansub bo‘ladi.

- Natijalarni bashorat qilish qiyin. Eng zo‘r tashkil etilgan tanlov ham samara bermasligi mumkin.

5. Ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy xabar jo‘natish

Email-marketing singari shaxsiy xabarlarni jo‘natish avtovoronka yaratish va auditoriya bilan doimiy aloqa o‘rnatish imkonini beradi.

Hozir deyarli har bir tijorat guruhida tarqatma (rassilka) amalga oshirilmoqda. Shu tufayli, taxmin qilish mumkinki, odamlar bu yangilikdan tez orada bezib ketadi va uning samarasi pasayadi.

Plyuslar:

- Yangilik effekti. Odamlar ijtimoiy tarmoqlardagi tarqatmalarga bajonidil a'zo bo‘lishadi (an'anaviy email’dan farq qilgan holda).

- Ochib o‘qishning yuqori koeffitsiyentga egaligi.

- Bepul. Tarqatmani budjetsiz yo‘lga qo‘yish mumkin.

Minuslar:

- Lid-magnit. Mijozlarni obuna bo‘lishga undash kerak;

- Negativ. Hamma mijozlarga ham bunday tarqatma yoqmaydi.

6. Masslayking va massfolloving

Bu terminlar ommaviy layk bosish va do‘stlarni qo‘shishni (yoki obuna bo‘lishni) ko‘zda tutadi. Biroq, bu usullar ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda taqiqlangan. Bu qoidabuzarlik uchun akkaunt bloklanishi ham mumkin. Shu tufayli, ulardan ehtiyotkorlik bilan, belgilangan chegaradan chiqmasdan foydalanish kerak.

Bu nima uchun kerak? Qiziqish bildirgan foydalanuvchi sahifangizga o‘tishi va reklama taklifini ko‘rishi uchun.

Bu usulning konversiyasi unchalik baland emas, shu tufayli ommaviylikka e'tibor qaratib, maxsus dasturdan foydalangan afzal.

Plyuslar:

- Qiymatining arzonligi. Jarayonni avtomatlashtirib beradigan xizmat uchun pul to‘lanadi.

- Targetlash imkoniyati. Kerakli auditoriyani tanlab olib, faqat ularni layklash mumkin.

Minuslar:

- Ban (bloklanish) ehtimolining kattaligi. Masslayking uchun shaxsiy sahifangizdan foydalanmang, chunki, ijtimoiy tarmoq ma'muriyati bunday harakatlar uchun odatda bloklab tashlaydi;

- Ko‘pchilik foydalanuvchilar bunday reklamaga salbiy qaraydi, chunki undan ko‘pincha «tarmoq sotuvchilari» foydalanadi.

7. Instagramda avtodirekt

Ijtimoiy tarmoqlar orqali shaxsiy xabar jo‘natishga o‘xshash. Ammo farqli tomoni bor. Instagramda xatlar zanjirini yarata olmaysiz. Shu sababli, bir foydalanuvchiga 1ta xabar keladi.

Foydalanuvchi sizga obuna bo‘lishi bilanoq shaxsiy xabarni oladi. Bu vosita orqali yangi mijozlarga chegirmalar taqdim qilish mumkin.

Plyuslar:

- Ochib o‘qish koeffitsiyenti yuqori. Xabarlar to‘g‘ri direktga keladi;

- Qimmat emas. Bunday tarqatma uchun katta budjet bo‘lishi shartmas.

- Foydalanuvchilarga xabarni avtomatik jo‘natish. Ya'ni, xabar obuna bo‘lishi bilanoq jo‘natiladi. Lid-magnit yaratish shartmas.

- Variativlik. Bir necha xabar tayyorlab, foydalanuvchilarga qaysi biri yaxshiroq ta'sir qilishini ko‘rish mumkin.

Minuslar:

- Faqat 1 ta xabar. Xatlar zanjirini yaratish imkoni yo‘q.

- Xabarlar limiti Instagram qoidalari bilan cheklangan.

Eng muhim narsalar haqida qisqacha

Ko‘rib turganingizdek, reklama vositalarini tanlashda imkoniyat juda keng. Bu maqolada ularning hammasiga to‘xtalib o‘tilmadi. Shu tufayli harakatni boshlang.

Ammo muammo ham bor: mijozlarni jalb qiluvchi optimal kanallarni tanlash va vaqt bilan budjetni behuda sarflab yubormaslik juda qiyin. Har bir biznes uchun yondashuv alohida bo‘ladi, shu tufayli ko‘p narsalarni sinab, eng ma'qulini izlashga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid
Top