12:59 / 06.09.2021
3482
«ACWA Power» Buxoroda ikkita shamol elektr stansiyasini qurishi kutilyapti

Toshkent shahrida O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Sultonovning “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Muhammad Abdulloh Abunayan bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Energetika vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida hamkorlikning hozirgi holati, jumladan, issiqlik elektr stansiyalari va shamol elektr stansiyalarini qurish, shuningdek, hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston tomoni Saudiya Arabistoni kompaniyasi tomonidan Sirdaryo IES yaqinida 1 500 MVt quvvatga ega yangi issiqlik elektr stansiyasi (IES) qurilishi loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan rejali qurilish-montaj ishlarini qayd etdi. Hozirgi vaqtda loyiha maydonida tuproqni mustahkamlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, smena lageri qurilish ishlari yakunlangan.

Joriy yil yanvar oyida “ACWA Power” kompaniyasi bilan investitsiya shartnomasi imzolangan, unga ko‘ra kompaniya Buxoro viloyatida ikkita shamol elektr stansiyasini qurish niyatida. Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston tomoni ushbu shamol elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha anemometrik tadqiqot ishlari yakunlanishini kutayotganini ta'kidladi.

Uchrashuv davomida Energetika vazirligi “ACWA Power” kompaniyasining Shirin shahridagi energetika kollejida ixtisoslashtirilgan o‘quv markazini yaratishga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorchilik bildirdi, deyiladi xabarda.

Top