21:08 / 06.09.2021
19426
Fransuz aktyori Jan-Pol Belmondo vafot etdi

Mashhur fransuz aktyori Jan-Pol Belmondo 6 sentyabrda 89 yoshida vafot etdi. Aktyorning o‘limini uning advokati tasdiqlagan.

Foto: AFP VIA GETTY IMAGES

Aktyorning o‘limi sababi hozircha ma'lum qilinmagan. U Parijdagi uyida hayotdan ko‘z yumgan.

Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron aktyorning o‘limi munosabati bilan ta'ziya bildirgan. “U doim ajoyib bo‘lib qoladi. Jan-Pol Belmondo milliy boyligimiz edi. U hamisha quvnoq, baland ovoz va abjir tanaga ega bo‘lgan. Oliyjanob qahramon va tanish chehra, serg‘ayrat dovyurak va so‘z sehrgari. Biz uning siymosida o‘zimizni ko‘rardik”, deb yozgan Makron tvitterda.

Belmondo 1933 yilda Sena departamentida dunyoga kelgan. Yoshlik kezlarida professional sportchi yoki aktyorlik faoliyatidan birini tanlashiga to‘g‘ri kelgan va u oxir-oqibat aktyorlikni tanlagan. Belmondo drama san'ati milliy konservatoriyasini tamomlagach, 1957 yilda kinodagi faoliyatini boshlagan. Unga mashhurlik keltirgan film Jan-Lyuk Godarning 1960 yillarda ekranlarga chiqqan “Oxirgi nafasda” filmi bo‘lgan.  

Aktyor o‘z faoliyati davomida ko‘plab, jumladan, “Professional”, “Telba Pero”, “Borsalino” kabi filmlarda rollar ijro etgan.

Belmondoning eng mashhur rollaridan biri – "Professional" trilleridagi maxfiy agent Josslen Bomon (1981 yil)
GAMMA-RAPHO VIA GETTY IMAGES

1980-yillarda o‘z kinokompaniyasiga asos solgan. 2001 yilda aktyor Korsikada dam olayotganda insultni boshdan o‘tkazgan. 2008 yilda sog‘lig‘ini tiklash uchun olgan uzoq tanaffusdan keyin yana kinoga qaytgan. Belmondo 2015 yilda aktyorlik faoliyatini yakunlagan, biroq keyinroq yaxshi takliflar tushsa, bu haqida o‘ylab ko‘rishga va'da bergan.

Belmondo va Sofi Loren italyanlarning "Chochara" filmida (1960 yil)
Sovetlar davridagi kinoixlosmandlar uchun Belmondo birinchi navbatda sarguzasht janridagi filmlar orqali yodda qolgan. Bu suratda – 1969 yilda gangsterlar haqidagi "Borsalino" kartinasini suratga olish jarayoni. Unda Belmondo bilan birga yana bir mashhur fransuz aktyori – Alen Delon ham rol ijro etgan.
CORBIS VIA GETTY IMAGES
Belmondoning romantik tomoni – uning "Missisipidan Sirena" filmidagi Katrin Denyov bilan dueti (1969 yil).
UNITED ARCHIVES VIA GETTY IMAGES

Aktyor faoliyati davomida ko‘plab nufuzli kinomukofotlar, jumladan, “Sezar”, Kann kinofestivalining “Oltin palma shoxi”ga sazovor bo‘lgan. Belmondo 2016 yilda jahon kinematografiga qo‘shgan hissasi uchun “Oltin sher” mukofoti bilan taqdirlangan.

Mavzuga oid
Top