11:58 / 08.09.2021
1942
Reyting mashmashasi. Navoiyda testdan “yiqilgan” bitiruvchilar qo‘shni davlatlardagi OTMlarga hujjat topshirishga majburlanayotgani aytilmoqda 

Bitiruvchilarning OTMlarga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi hududlar, viloyat va tuman, maktablar kesimida tahlil qilinib, turli reytinglar e'lon qilinadi. Bitiruvchilari 100 foiz talaba bo‘ldi, degan baho har bir maktab uchun yuksak e'tirof, albatta. Biroq bu e'tirofga ham yolg‘on aralasha boshlagani achinarli.

Kun.uz manbasining xabar berishicha, Navoiyda talaba bo‘la olmagan bitiruvchilar qo‘shni davlatlardagi OTMlarga hujjat topshirishga majburlanmoqda. Xususan, Zarafshon shahridagi 5-umumiy o‘rta ta'lim maktabida bu holat ochiqchasiga amalga oshirilyapti.  

Oldinroq viloyat XTB “O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga 30 ta maktab” loyihasini ilgari surgan,unda hududdagi 30 ta maktabning bitiruvchilari 100 foizlik natija bilan OTMlarga o‘qishga kirishiga harakat qilinishi haqida ma'lum qilgandi. Mandat e'lon qilingach, ushbu va'da bajarilgani, viloyatdagi 30 ta maktab bitiruvchilari 100 foizlik natija bilan talaba bo‘lgani haqida xabarlar tarqatildi. Ushbu maktablar ro‘yxatida Zarafshon shahridagi 5-umumta'lim maktabi ham bor.

Biroq Kun.uz manbasiga ko‘ra, ushbu maktabning 7 nafar bitiruvchisidan 3 nafari talaba bo‘lgan. Qolgan 4 nafari esa testlardan “yiqilgan”. Endilikda, “100 foizlik natija va reytingni” ushlab qolish uchun maktab direktori talaba bo‘lolmagan bitiruvchilarni qo‘shni davlat OTMlariga hujjat topshirishga majburlayapti.  

Marat Shamuratov

Kun.uz holat yuzasidan izoh olish uchun Navoiy viloyati XTB boshlig‘i Marat Shamuratov bilan bog‘landi. XTB boshlig‘iga ko‘ra, talaba bo‘lolmagan 3 nafar bitiruvchining ota-onasi avvaliga farzandlarining Qirg‘izistondagi OTMda o‘qishiga rozilik bildirgan. Ammo keyinchalik ularning fikri o‘zgargan.

Birovning bolasini majburlab bo‘larkanmi? Bunaqa holatga yo‘l qo‘yilmaydi. Aslida, o‘qishga kirolmagan 3 nafar bitiruvchi Qirg‘izistondagi OTMda o‘qishga rozilik bildirgan va o‘z ixtiyori bilan hujjat topshirgan. Ulardan 2 nafarining shartnoma puli maktab direktori tomonidan, 1 nafariniki esa hududdagi Geologiya qidiruv ekspeditsiyasi tomonidan to‘lab berilmoqchi edi. Biroq ayrim sabablarga ko‘ra, 2 nafar bitiruvchining ota-onasi fikridan qaytdi. Biroq shartnoma pulini to‘lab bersa, uyida o‘tirib onlayn o‘qisa, bir yildan keyin o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirsa, buning nimasi yomon?” — deydi Marat Shamuratov.  

Bitiruvchilardan biri Nurlat Mirzamuratov esa Kun.uz bilan suhbatda holatni boshqacharoq izohlab, maktab direktorining qistovi sababli Qirg‘izistondagi OTMga hujjat topshirishga rozilik bildirganini ma'lum qildi.  

Men Qirg‘izistonda o‘qimasligimni aytdim. Ammo maktab direktori qo‘ymadi, har kuni ota-onamga, menga qo‘ng‘iroq qilaverdi. Keyin ota-onamdan yashirincha ravishda rozi bo‘ldim. Lekin ota-onam ko‘nmadi. Zarafshondagi “texnikum”da o‘qimoqchiman. Hozir hujjatlarimni qaytarib olganman. Qolgan 2 nafar sinfdoshim bilan ham shunaqa bo‘ldi, ular ham Qirg‘izistonda o‘qish fikridan qaytishgan”, — deya ta'kidlaydi maktab bitiruvchisi.   

Aslida, bu kabi yo‘l tutayotgan ayrim maktab direktorlarining harakati OTMga kirish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan maktablar taqdirlanishi yoki aksincha past ko‘rsatkich qayd etilganida jazolanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Masalan, o‘tgan yili Navoiyda ta'lim sifati past bo‘lgan 26 nafar maktab direktori, 2 nafar xalq ta'limi bo‘limi mudiri, 3 nafar xalq ta'limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan hamda OTMga kirish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan 106 nafar maktab direktori 10 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlangandi.  

Ammo bu holat bitiruvchini muammolar girdobiga uloqtirish bilan barobar. Chunki qo‘shni davlatlardagi OTMga o‘qishga kirish va uni keyinchalik O‘zbekistonga ko‘chirish faqatgina bitiruvchining bilimi bilan bog‘liq emasligi bu jarayonni boshidan o‘tkazganlarga yaxshi ma'lum.  

Oldinroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevmaktablar reytingi oliy ta'lim muassasasiga o‘qishga kirgan o‘quvchilar soniga ko‘ra toifalanishiga, oliy ta'lim muassasalariga kira olmagan o‘quvchilari sababli maktab direktorlari ishdan olinishiga e'tiroz bildirgandi.

Top