16:16 / 15.09.2021
51863
Afg‘oniston: Manba «Tolibon» rahbarlari o‘rtasidagi jiddiy ziddiyat haqida xabar bermoqda

Manbalarga ko‘ra, Bosh vazir o‘rinbosari Abdul G‘ani Birodar va «Haqqoniy tarmog‘i» vakili Xalil Rahmon Haqqoniy o‘rtasida mojaro yuzaga kelgan. Ziddiyatga asosiy sabab sifatida Birodarning Afg‘oniston yangi hukumati tuzilmasidan noroziligi ko‘rsatilmoqda.

Prezidentlik saroyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «Tolibon» asoschilaridan biri, bosh vazir o‘rinbosari Abdul G‘ani Birodar va Qochqinlar va migratsiya masalalari bo‘yicha vazirlik rahbari, «Haqqoniy» tarmog‘i vakili Xalil Rahmon Haqqoniy o‘rtasida janjal yuzaga kelgan. Bu haqda BBC Afg‘onistondagi manbalariga tayangan holda xabar bermoqda.

Ikki rasmiy jiddiy ravishda tortishib qolishgan va nizoga ikki tarafning tarafdorlari ham aralashishgan.

O‘tgan hafta yuz bergan mojaro haqidagi ma'lumotlarni «Tolibon» harakatining yuqori martabali a'zosi va voqealar ishtirokchilari bilan aloqador shaxs ham tasdiqlagan.

Bahsga asosiy sabab sifatida Birodarning Afg‘oniston yangi hukumati tuzilmasidan noroziligi ko‘rsatilgan.

Ta'kidlanishicha, ziddiyatning asl ildizi «Tolibon» g‘alabasining asosiy me'mori kim hisoblanishi kerakligi haqida borgan. Xabarlarga ko‘ra, Birodar «Tolibon»ning hokimiyat tepasiga kelishi muzokaralar va diplomatiya bilan shug‘ullanganlarning, ya'ni o‘zi kabi siyosatchilarning xizmati, deb hisoblaydi.

Aynan Birodar «Tolibon»ning AQSh prezidenti bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borgan birinchi rasmiysi bo‘lgandi: u 2020 yilda Donald Tramp bilan telefon orqali gaplashgandi. Undan oldinroq esa Zalmay Xalilzod bilan muzokaralardan keyin Doha kelishuvini imzolagan, shu kelishuv asosida Amerika qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi ro‘y bergandi.

«Haqqoniy tarmog‘i» vakillari esa «Tolibon»ning hokimiyatga kelishida ularning harbiy yutuqlari hal qiluvchi o‘rinni egallaganiga urg‘u berishgan. Bunga asos sifatida guruhning so‘nggi yillarda Afg‘oniston qurolli kuchlari va ularning G‘arb ittifoqchilariga qarshi qilingan eng qonli hujumlarda hal qiluvchi rol o‘ynagani ko‘rsatilgan.

Ma'lumot uchun, yangi hukumatda «Haqqoniy tarmog‘i» yetakchisi Sirojiddin Haqqoniy ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

Birodar nima qilyapti?

«Tolibon» yetakchilari o‘rtasidagi nizolar haqidagi mish-mishlar o‘tgan haftada, harakatning eng ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri Birodarning birdaniga omma oldida ko‘rinish bermay qo‘yganidan keyin boshlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda hatto uning o‘limi haqida taxminlar paydo bo‘ldi.

Biroq BBC manbalariga ko‘ra, mojarodan keyin Birodar Kobulni tark etib, Qandahorga ketgan.

Keyinroq toliblar siyosiy ofisi matbuot kotibi Muhammad Naim Twitterʼda mulla Birodarning ovozi yozilgan audiomurojaatni joylashtirdi.

«To‘qnashuv oqibatida yaralanganim yoki halok bo‘lganim haqidagi barcha gaplar yolg‘on va mutlaqo asossiz», — degan Birodar. 

«Tolibon» hech qanday tortishuv bo‘lmaganini va Birodarning sog‘lig‘i bilan hammasi joyida ekanligini ma'lum qilgan. Harakat vakili avval Birodar oliy rahbar bilan uchrashish uchun Qandahorga ketganini, lekin keyinchalik BBC’ga «charchagani va dam olishi kerakligi»ni aytib o‘tgan.

Manbalarga ko‘ra, Birodar tez orada Kobulga qaytishi va boshqa vazirlar bilan bahslashganini ochiqchasiga rad etishi mumkin.

«Tolibon» vakillarining harakat rahbarlari haqidagi bayonotlariga ishonmaslikka asoslar yetarlicha. 2015 yilda guruh «Tolibon» asoschisi va rahbari mulla Umarning o‘limini ikki yildan ko‘proq yashirganini tan olgan. Bundan tashqari, bu vaqt davomida uning nomidan muntazam ravishda turli bayonotlar berib borilgan.

Ayni paytgacha hech qachon omma oldida ko‘rinish bermagan, harakatning siyosiy, harbiy va diniy rahbari hisoblanuvchi Xaybatulloh Oxundzoda hamon soyada qolmoqda.

Avvalroq, «Tolibon» vakili Vardak Al-Hanafiy Afg‘oniston yangi hukumati rahbari o‘rinbosari mulla Abdul G‘ani Birodar halok bo‘lgani haqidagi xabarlarni rad etgandi.

«Mulla Birodar Oxundning halok bo‘lgani haqidagi xabarlarda zarracha haqiqat yo‘q. Bu dushmanning yolg‘on xabari», deb yozgandi Al-Hanafiy Twitterʼda.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top