15:13 / 18.09.2021
7131
Toshkent shahrida qoidabuzarlikni aniqlovchi yangi qurilma sinovdan o‘tkazilmoqda 

Toshkent shahri yo‘llarida qoidabuzarlikni aniqlovchi yangi qurilma sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu haqda poytaxt IIBB xabar berdi.

Qayd etilishicha, respublika hududidagi avtomobil yo‘llarida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, qoidabuzarliklarga chek qo‘yish va harakatlanish xavfsizligini ta'minlash maqsadida yo‘l-patrul xizmati xodimlariga biriktirilgan maxsus xizmat avtomobillarining tom qismiga maxsus yangi qurilma o‘rnatilmoqda.

Mazkur qurilmaning old, orqa va yon tomonida kuzatuv kameralari bo‘lib, transport vositasi to‘xtab turgan vaqtida ham, harakat vaqtida ham 360 darajadagi radiusga ega bo‘lgan masofada haydovchilardan tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklarni aniqlaydi.

Maxsus transport vositasi to‘xtab turgan va harakatdagi vaqtda o‘zi bilan bir yo‘nalishda hamda qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport vositalari haydovchilari tomonidan to‘xtash va to‘xtab turish, harakatlanish tezligini me'yoridan oshirish, svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga amal qilmaslik, taqiqlovchi chiroqda to‘xtab turgan vaqtda to‘xtash chizig‘ini bosish qoidabuzarliklari, davlat raqam belgisi orqali avtomobilning qidiruvda yoki qidiruvda emasligini aniqlaydi. 

Qurilma qoidabuzarliklarni onlayn tarzda qayd etib, fuqaroning yashash manziliga jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qaror yuboriladi.

Ushbu qurilma hozirda Toshkent shahrida sinovdan o‘tkazilmoqda. Sinov yakunlangandan so‘ng, respublikaning barcha hududlarida amaliyotda qo‘llash rejalashtirilgan. 

Top