09:04 / 25.09.2021
6092

Mansabdor shaxs yoki davlat organiga jurnalistni sudga berishdan avval O‘JIU xulosasini olish majburiyati belgilanishi mumkin

Mansabdor shaxslar yoki davlat organlariga jurnalistni sudga berishdan avval Jurnalistlar ijodiy uyushmasi xulosasini olish majburiyati belgilanishi mumkin.

Bu haqda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi 23 sentabr kuni o‘tkazilgan davra suhbatida ma'lum qildi, deya xabar berdi Kun.uz muxbiri.

«Shunday taklif tayyorladikki, unga ko‘ra, mansabdor shaxslar yoki davlat organlariga jurnalistni sudga berishdan avval Jurnalistlar ijodiy uyushmasi xulosasini olish kerak.

Agar uyushma va uning huzuridagi jamoatchilik kengashi tomonidan jurnalist kasbiy faoliyatiga zid harakat qilgan deb topilsa, uni sudga berish mumkin. Bu taklif hozir tegishli organlarda idoralarda muhokamada. O‘ylaymanki, taklif tez kunlarda o‘z ijrosini topadi», – dedi Olimjon O‘sarov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, tez orada O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi huzurida hakamlik sudi ham tashkil qilinishi mumkin.

«Bu orqali esa fuqaroviy, huquqiy va boshqa munosabatlarni hakamlar sudida ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda. Masalan, Xalq ta'limi vaziri jurnalistni sudga berdi. Bir ikki marta sud majlislari o‘tkazildi. Oxirida u da'vosini qaytib oldi. Bunday holatlar boshqa vazirliklarda ham kuzatildi. Shuning uchun hakamlar sudi ikki tomonni yarashtirish yoki munosabatlarga aniqlik kiritish bo‘yicha ishni ko‘rib chiqishi nazarda tutilmoqda», – dedi O‘sarov.

Mavzuga oid
Top