12:48 / 26.09.2021
29054
O‘zbekiston tashqi qarzi oshishi, soliqdagi o‘zgarishlar, yangi jamg‘arish instrumentlari – hafta iqtisodiy dayjesti

Yakunlangan haftada O‘zbekiston iqtisodiyotida muhim o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Kun.uz haftaning «pulli xabarlari»ni to‘pladi.

Rossiya O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishi borasida munosabat bildirdi

Moskva rasmiy Toshkentni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga to‘laqonli a'zo sifatida qo‘shilishga shoshiltirmayapti. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Andrey Rudenko 20 sentyabr kuni «Rossiya va O‘zbekiston hamkorligining yangi tarixiy bosqichidagi taraqqiyot va xavfsizlik tahdidlari» mavzusida Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro konferensiyada ma'lum qildi.

Yil boshidan beri benzin ishlab chiqarish va import hajmi ortishiga qaramay narxlar 26,9 foizga qimmatlashgan

O‘tgan 8 oy davomida benzin ishlab chiqarish 5,1 foizga, joriy yilning 7 oyida davomida esa import hajmi 4 barobarga oshgan. Shu bilan birga, mahsulot narxi 26,9 foizga oshgan.

Soliq tushumlari 30 foizga ko‘paydi

Tahlillar joriy yilning 1 yanvaridan 31 avgustigacha bo‘lgan davrda respublika soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30,8 foizga oshganini ko‘rsatdi.

Eng yuqori o‘sish Qashqadaryo viloyatida qayd etildi.

Onlayn nazorat kassa mashinalari uchun mantiqsiz xarajatlar: tadbirkorlar dardini kim tinglaydi?

Onlayn-NKMlar uchun tadbirkorlar gardaniga tushayotgan asossiz to‘lovlar borasida Kun.uz batafsil maqola tayyorladi.

Shuningdek, onlayn-NKMlarga oid o‘zgarishi kutilayotgan tartib haqida bu yerda o‘qishingiz mumkin.

Intizomli soliq to‘lovchilarga QQS summasi 7 kunda qaytariladi

Soliq to‘lovchilarni QQS to‘lovchisi sifatida maxsus ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tartibiga ko‘ra, soliq organlari tomonidan ularning faoliyati 7 kunlik muddatda avtomatlashtirilgan tizim orqali tahlildan o‘tkazilishi va soliq xavfining past, o‘rta hamda yuqori darajalariga ajratilishi nazarda tutilgan.

Bu borada Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston umumiy tashqi qarzi 2 mlrd dollarga oshdi

Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston umumiy tashqi qarzi 6 foizga yoki 2 mlrd dollarga oshib, 35,9 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.

O‘zbekistonda ilk bor oltin uchun ETF’lar paydo bo‘ladi. Bu odamlar uchun nimani anglatadi?

Kapital bozorida yangi instrumentlar paydo bo‘ladi. Bulardan biri oltin uchun ETF’lardir. “Oltinning narxiga bog‘langan qimmatli qog‘ozlar chiqarilsa, 100 ming so‘m pul bilan ham oltinga investitsiya kiritish imkoniyati paydo bo‘ladi”, — deydi moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov Kun.uz’ga bergan intervyusida.

Yil oxirigacha aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM 1900 dollarga yetishi kutilmoqda

O‘tgan yil aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM 1750 dollar bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda bu raqam 1900 dollarga yetishi kutilmoqda. Kelgusi besh yilda bu raqam 2800 dollarga yetkazilishi ko‘zlangan. Barqaror rivojlanish uchun kelgusi besh yilda xususiy va xorijiy investitsiyalarga e'tibor qaratiladi.

Top