20:00 / 29.09.2021
10077

«Yashil iqtisodiyot», ekologik muammolar, AES va saylov - prezidentlikka eng sirli nomzod Narzullo Oblomurodov bilan suhbat

24 oktabr kuni O‘zbekistonda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Ayni kunlarda saylovda ishtirok etadigan beshta siyosiy partiya yetakchilari aholi orasida o‘z targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazmoqda.

Kun.uz prezidentlikka nomzod siyosatchilar bilan saylovchilarni qiziqtirgan qator masalalar bo‘yicha intervyular uyushtirmoqda. Turkum doirasida navbatdagi mehmonimiz – O‘zbekiston Ekologik partiyasidan prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov bo‘ldi.

— O‘zbekistonda prezidentlikka 5 nomzod bor va ular orasida eng sirli, notanish nomzod sizsiz. Bu sirlilik bilan saylovda qandaydir katta natijaga erisha olaman deb o‘ylaysizmi?

— To‘g‘ri aytdingiz, men siyosat olamida hali yangi insonman. Ekologik partiya tashkil topganiga ham tarixan olganda ko‘p vaqt bo‘lmadi – 2,5 yil. O‘ylashimcha, bu yilgi saylovlar bizga kamchiliklarimizni to‘g‘rilash, partiya dasturi va nomzodini xalqqa tanitish imkoniyatini beradi.

— Shavkat Mirziyoyevning bu saylovda amaldagi prezident sifatida imkoniyatlari katta. U shunga qaramay saylovoldi targ‘ibot, tashviqot tadbirlari doirasida saylovchilar bilan har kuni uchrashyapti. Lekin sizda bu kabi faollikni sezmayapmiz. G‘olib bo‘lish istagingiz bo‘lsa, Mirziyoyevdan ikki barobar faol bo‘lishingiz kerak emasmidi?

— Saylov yangi partiya uchun katta sinov. Hozir biz omma bilan ishlash ishlarini kuchaytirishga harakat boshlaganmiz. Bizning saylovchilar bilan uchrashuvlarimiz ertaga boshlanadi (tahr. – suhbat 24 sentabr kuni yozib olingan) va kun sayin oshib boradi. O‘ylashimcha, jamoatchilik ham bu boradagi o‘zgarishlarni yaqin kunlarda sezadi.

— Mutaxassisligingizga qarasak siz iqtisodchisiz. Avval Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida bakalavr va keyinchalik Angliyada Birmingem universiteti magistraturasida tahsil olgansiz. Biz uchun qiziq, nega iqtisodchi insonni Ekologik partiya yetakchiligiga tanlashdi?

— Bilasizmi, hayot doim yangi imkoniyatlar beradi. Ulug‘ ustozlar aytgan gap ham bor: Hayot bermasa ta'lim, unga o‘rgatolmas hech bir muallim. Men boshqa iqtisodchi bo‘lsam ham, ekologik sohaga yaqin yo‘nalishlarda ishlaganman. O‘ylashimcha, meni partiyaga kelishim nafaqat men uchun, balki partiya uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochib beryapti. Men va jamoam shuningdek, jarayon davomida ham ko‘p narsa o‘rganyapmiz.

Biz «yashil iqtisodiyot» haqida gapiryapmiz. Ya'ni ekologiyani iqtisodiyotsiz, iqtisodni esa ekologiyasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ekologik sohada yangi tashabbuslar uchun ham albatta mablag‘ kerak.

— Siz yaqin vaqtgacha ham prezident administratsiyasida faoliyat olib borgansiz. Va prezident Shavkat Mirziyoyev ish jarayonida to‘g‘ridan to‘g‘ri rahbaringiz bo‘lgan. Bu faoliyatda undan «Sodiq xizmatlari uchun» medalini ham olgansiz. Hozir nomzod sifatida uning rahbarlik ta'siridan qanchalik chiqib ketolgansiz?

— Ochig‘ini aytishim kerak, o‘sha idorada ishlagan 3-4 yillik davrim men uchun juda katta hayot maktabi bo‘ldi. Bunda aksariyat vaqtimni hududlarda, bo‘lganda ham og‘ir hududlarda o‘tkazganman. Bunda «Obod mahalla», «Obod qishloq» kabi dasturlarda bevosita ishlab, tajriba oshirdim.

Saylovlar esa siyosiy jarayon. Men mamlakatda qonuniy ro‘yxatdan o‘tgan besh siyosiy partiyalardan birining rahbari sifatida maydonga kirdim. Bu biz uchun katta imkoniyat va tajriba bo‘ladi.

Mamlakatimizda hozir shunday ochiqlik, shunday oshkoralik muhiti bo‘ldiki, bizga ko‘pchilik xorijiy ekspertlar ham havas qilishi mumkin. Bizga tashqaridan hech qanday ta'sir bo‘lishi mumkin emas.

— Iqtisodiyoti unchalik kuchli bo‘lmagan bir davlat bugun «Yashil iqtisodiyot»ga o‘tishga qanchalik tayyor? Chunki bu g‘oya ham iqtisodiyot uchun ma'lum tebranishlar degani.

— To‘g‘ri aytyapsiz, «Yashil iqtisodiyot» — bu kelajak iqtisodiyoti. U ko‘p yangi bilim va texnologiyalarni talab etadi. Biz hozirdan bu yo‘nalishda jiddiy o‘ylab, jiddiy qadamlarni qo‘yishimiz kerak. Albatta, bu bir kunda bo‘lmaydi.

Biz katta loyihalarning ekologik oqibatlarini puxta o‘ylagan holda amalga oshirishimiz kerak. Shuningdek, «Yashil iqtisodiyot»ning bosqichlariga ham alohida e'tibor qaratishimiz kerak.

— Yashil iqtisodiyot, ekologiya himoyasi deymiz-u, bugun odamlarda ekologik madaniyat darajasi og‘ir ahvolda.

— To‘g‘ri. Bugun O‘zbekistondagi ko‘plab ekologik muammolar, daraxtlarning kesilishi, chiqindi yoki boshqa muammolar deysizmi, hammasining ildizida ekologik tarbiya, madaniyat masalasi yotibdi.

Agar biz oilada va maktabda mana shu tarbiyani bera olsak, muammolarning ko‘pchiligi yechilgan bo‘lardi.

— Bu yerda to‘g‘ri qonunchilik va nazorat masalasi ham bor.

— Albatta, bu ham bor. Biz saylovoldi dasturimizda bunga alohida e'tibor berganmiz. Umuman ekologik muammolar biror bir davlat idorasi, hokimiyat yoki partiyaning masalasi bo‘lishi kerak emas.

U hammaniki, jamiyatniki va umuman umummilliy harakat bo‘lishi kerak.

— O‘zbekistonliklar mamlakatda AES qurilishiga katta xavf sifatida qaraydi. Chunki ular Chernobildagi yoki Yaponiyaning «Fukisima» yadroviy inshootidagi falokatni, uning dahshatli oqibatlarini hali unutganicha yo‘q. Unutib bo‘lmaydi ham.

Siz «yashillar» partiyasi yetakchisi sifatida mamlakatda qurilishi rejalanayotgan AES borasida qanday fikr bildirasiz?

— Albatta, bu jiddiy masala. Ekologik nuqtayi nazardan biz yirik loyihani puxta va mukammal ekspertizadan o‘tkazish tarafdorimiz. Bu qo‘shimcha kuch va ekspertlarni talab qiladi. Biz bu loyihaning ekologik oqibatlarini inobatga olgan holda jamoatchilik ishtirokida, xalqaro ekspertlar ekspertizasidan o‘tkazish tarafdorimiz.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. Unda prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodovning mamlakatda ildiz otgan korrupsiya, oliy ta'lim tizimi muammolari, iqlim migrantlari masalasi va prezidentlikka o‘zidan boshqa nomzodlar haqidagi fikrlari bilan tanishishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi —Muhiddin Nido.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top