00:10 / 04.10.2021
7714
Ummonga “Shahin” sikloni yopirildi, qurbonlar bor
Foto: Reuters

3 oktyabrda Ummonga “Shahin” tropik sikloni yopirildi. Tabiiy ofat oqibatida kamida 3 kishi halok bo‘ldi. Avvalroq hukumat sohilbo‘yida yashovchi hududlar aholisini xavfsiz joylarga ko‘chishga chaqirgan va poytaxt Masqatga aviareyslarni bekor qilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, siklon oqibatida bir bola va 2 nafar osiyolik ishchi halok bo‘lgan. Yana bir kishi bedarak yo‘qolgan.

Tsiklon o‘zi bilan 120 km/soat tezlikdagi kuchli shamollarni olib kelgan.

Sultonlikning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha milliy qo‘mitasi baxsiz hodisalar oldini olish maqsadida poytaxtda elektr ta'minoti o‘chirilishini e'lon qilgan. 2700 dan ko‘proq odam vaqtinchalik boshpanalarga ko‘chirilgan.

Masqatdagi avtomobil yo‘llari yomon ob-havo tugamaguncha faqat favqulodda xizmatlar mashinalari va gumanitar yordam yetkazuvchi transportga ochiq qoldirilgan.

Voqea joyidan olingan videolarda ko‘chalar kuchli yog‘ingarchilik sababli suv ostida qolgani, ba'zi joylarda ko‘chkilar yuz berganini ko‘rish mumkin.

Tsiklon sababli Ummonda 3 va 4 oktyabr kunlari ishlanmaydigan kunlar deb e'lon qilingan.

Bundan tashqari, Ummon bilan qo‘shni BAA ham siklonga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Jumladan, plyajlar va pastqam joylarga borish taqiqlangan, yomon ob-havoga qarshi kurashish shtabi tashkil etilgan.

Mavzuga oid
Top