20:34 / 06.10.2021
46738
UzAuto’ning yangi Cobalt’ida nuqson aniqlandi, uning bo‘yoqlari ko‘cha boshlagan

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi yangi avtomobildagi nuqsonlar tufayli iste'molchi murojaati asosida UzAuto Motors AJga so‘rov xati yubordi. Iste'molchiga nuqsonli avtomobil xuddi shunday markali avtomobilga almashtirib berilgan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi yangi sotib olingan avtomobilda kuzatilgan nuqsonlar yuzasidan iste'molchi murojaatini o‘rganganini ma'lum qildi.

Agentlikning ma'lum qilishicha, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida yashovchi fuqaro joriy yilning 29 may kuni Cobalt GX/16 ATB-PLUS rusumli avtomobilni sotib olgan va bir oy o‘tib mashinaning kuzov qismida bir nechta nuqsonlar mavjudligi ma'lum bo‘lgan.

Holat yuzasidan iste'molchi birinchi navbatda Lux Auto Motors MChJ avtosaloniga murojaat qiladi, ular esa o‘z navbatida servis markaziga yuborishadi. Ammo yangi avtomobilni bo‘yash va ta'mirlash ishlari ijobiy natija bermagach, iste'molchi avtosalonga va ishlab chiqaruvchiga bir necha marotaba murojaat qiladi. 

“Iste'molchining muammoni hal qilish maqsadidagi oxirgi manzili Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining Toshkent shahar hududiy tuzilmasi bo‘ldi. Iste'molchining 23 avgustda qilgan murojaati yuzasidan Uzauto Motors AJ va Lux Auto Motors MChJlarga tegishli so‘rov xatlari yuborilib, murojaat “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 fevraldagi 75-sonli qarori talablaridan kelib chiqqan holda o‘rganib chiqildi.

O‘rganish davomida masala oydinlashdi va nuqsonli avtomobil 10 sentyabr kuni xuddi shunday markali avtomobilga (qiymati 116 mln so‘m) almashtirib berildi”, – deyiladi agentlik xabarida.

Avvalroq yarim yilda O‘zbekistonda 5,7 mln iste'molchining huquq va manfaatlari buzilgani ma'lum qilingandi.

Top