08:29 / 08.10.2021
10955

Prezident maktablarida yangi lavozim joriy etilmoqda

Prezident maktablarida «Maktab maslahatchisi» («School Counselor») lavozimi joriy etilmoqda. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Prezident ta'lim muassasalari agentligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova ma'lum qildi. 

Foto: Kun.uz

«Maktab maslahatchisi» («School Counselor») dasturi va uni amalga oshirish mexanizmi ishlab chiqilib, 2021-2022 o‘quv yilidan Prezident maktablarida joriy qilinmoqda

Qayd etilishicha, dastur quyidagi vazifalarni o‘z ichiga oladi: ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha individual maslahatlar berish; dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari haqidagi ma'lumotlar bilan tanishtirish; oliygohlarga hujjat topshirish va ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha kerakli tavsiyalarni berish; ehtiyoj yuqori bo‘lgan kasblar bilan tanishtirish va ularga yo‘naltirish. 

Maktab maslahatchisining vazifalari:

  • sohada muvaffaqiyatga erishgan kasb egalari bilan mahorat darslari, uchrashuvlar tashkil etish;
  • ta'lim iste'molchilari qiziqish bildirgan sohalari bo‘yicha amaliy ekskursiya va tanishuv turlarini amalga oshirish;
  • maktab psixologi bilan hamkorlikda o‘quvchilar yoshi, psixofiziologik xususiyati, qobiliyati va iqtidoriga ko‘ra hayotda o‘z yo‘nalishini to‘g‘ri tanlay olishiga ko‘maklashish;
  • Prezident maktabi o‘quvchilarida milliy va an'anaviy qadriyatlarga bo‘lgan hurmat, iftixorni rivojlantirish maqsadida maktabda IT, kichik tadqiqotchilik, milliy hunarmandchilik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha to‘garaklar tashkil qilish va ularni samarali amalga oshirishdan iborat. 

Dastur muvaffaqiyatli o‘tgach, ijobiy tajriba umumta'lim maktablariga translatsiya qilinishi ko‘zda tutilgan.

Top