11:46 / 25.10.2021
26104
Euronews O‘zbekistondagi saylov natijasi haqida xabar berishga shoshildi. MSK hali natijalarni e'lon qilmagan
Foto: Gazeta.uz

«Yevronyus» 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston prezidentligi saylovida Shavkat Mirziyoyev ikkinchi muddatga qayta saylangani haqida xabar e'lon qildi. Ammo bu xabar faktlarga asoslanmagan.

«O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ikkinchi muddatga qayta saylandi. Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan, saylovchilarning 80 foizi ishtirok etgan saylovning dastlabki natijalariga ko‘ra, u 90 foiz ovoz to‘plagan. Ovoz berishning rasmiy natijalari oy oxirigacha e'lon qilinishi kerak.

...O‘zbekistonning eng nufuzli Liberal-demokratik partiyasidan tashqari, mamlakatda rasman faoliyat yuritayotgan yana to‘rtta siyosiy kuch mavjud bo‘lib, ushbu partiyalar tomonidan ilgari surilgan nomzodlar ham prezidentlik lavozimiga da'vogarlik qilgan. Kuzatuvchilarning ta'kidlashicha, saylov jarayonlarida muxolif partiyalarning ishtirokiga ruxsat berilmagan va Shavkat Mirziyoyevning bo‘lajak g‘alabasiga hech kim shubha qilmagan», deyiladi xabarda.

Ammo saylov natijalari hali rasman e'lon qilinmagan va natijalar oy oxirigacha kuttirmaydi ham.

Markaziy saylov komissiyasi axborot xizmati rahbari Jaloliddin Usmonov ham Kun.uz so‘roviga javoban ushbu ma'lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta'kidladi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovining dastlabki natijalari e'lon qilinganligi haqida xabar tarqatilmoqda. Bu xabar haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Prezident saylovining dastlabki natijalari bugun Toshkent vaqti bilan soat 16:00da Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev tomonidan e'lon qilinishini yana bir karra eslatib o‘tamiz», dedi MSK vakili.

O‘zbekistonda oltinchi prezidentlik saylovi 24 oktabr kuni soat 08:00dan soat 20:00ga qadar bo‘lib o‘tdi, MSK ma'lumotlariga ko‘ra, saylovda davomat 80,8 foizni tashkil etgan (16 036 914 nafar saylovchi).

Saylovchilar ro‘yxatiga jami 19 million 859 ming 127 nafar saylovchi kiritilgan. Saylov kodeksining 97-moddasiga ko‘ra, prezident saylovining yakuniy natijasi haqidagi Markaziy saylov komissiyasi qarori saylovdan keyin o‘n kundan kechiktirmay qabul qilinadi va MSK rasmiy veb-saytida va boshqa manbalarda e'lon qilinadi.

Saylovda kurash «Milliy tiklanish»dan partiya yetakchisi Alisher Qodirov, O‘zLiDePdan amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev, «Adolat» SDPdan partiya rahbari Bahrom Abduhalimov, Ekopartiyadan partiya raisi Narzullo Oblomurodov va XDPdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova o‘rtasida kechdi.

Agar nomzodlardan birortasi saylovda 50 foizdan ko‘proq ovoz yig‘a olmasa, saylovlarning 2-bosqichi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Unda 1-bosqichda eng ko‘p ovoz to‘plagan ikki nomzod kurashni davom ettiradi.

O‘zbekistonda prezident saylovlari har 5 yilda o‘tkaziladi. 2016 yilda o‘tkazilgan oxirgi prezident saylovlarida Shavkat Mirziyoyev 88 foizdan ko‘proq ovoz bilan g‘alaba qozongandi.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top